
7–21-noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri Islom Birdamligi o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Bu nufuzli sport musobaqasida 50 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etadi. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi ham bor.
Belgilangan dasturga ko‘ra, dzyudo bo‘yicha bellashuvlar 8–10-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu kunlarda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi vazn toifalarida g‘oliblar hamda sovrindorlar aniqlanadi. 10 noyabr kuni esa aralash jamoaviy musobaqalar tashkil etiladi va O‘zbekiston terma jamoasi ham unda ishtirok etadi.
Terma jamoa murabbiylar shtabi musobaqada qatnashadigan tarkibni rasman tasdiqladi. Unga ko‘ra, har bir davlatdan ko‘pi bilan 12 nafar (7 erkak va 5 ayol) dzyudochi qatnashishi mumkin.
Erkaklar tarkibi quyidagicha:
-66 kg: Zamohshari Bekmurodov
-73 kg: Shahram Ahadov
-90 kg: Shahzod Sharipov
+100 kg: Alisher Yusupov
+100 kg: Muzaffarbek To‘raboyev
Ayollar tarkibi esa quyidagicha shakllantirilgan:
-48 kg: Laziza Haydarova
-52 kg: Muhayyo Axmatova
-57 kg: Shukurjon Aminova
-70 kg: Xurshida Razzoqberdiyeva
-78 kg: Marjona Ko‘chimova
+78 kg: Umida Nig‘matova
+78 kg: Irisxon Qurbonboyeva
Jamoa murabbiylari — Aleksey Budolin, Andrey Shturbabin, Rahim Subxonov va Aziz Tashmatov. Ularga shifokor Aziz Qayumov, massajchi Javlon Hasanov hamda psixolog Lola Agzamova hamrohlik qiladi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, sportchilarimiz ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda va ulardan yuqori natijalar kutilayotgani ta’kidlandi. Ar-Riyoddagi bellashuvlar nafaqat medallar uchun, balki kelgusi yirik chempionatlar oldidan jamoaning sinov maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!