19:26 / 22.06.2018
4 473

Umid Ahmadjonov: Biz terma jamoani kuchaytirish bilan ovvora bo‘lgan paytda, «O‘zbekneftegaz» tashkilotining qilayotgan ishini qarang

Umid Ahmadjonov: Biz terma jamoani kuchaytirish bilan ovvora bo‘lgan paytda, «O‘zbekneftegaz» tashkilotining qilayotgan ishini qarang
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov yaqinda Moskva safaridan qaytib keldi. Ma’lumki, Rossiyada boshlangan navbatdagi jahon chempionatining boshlanishi arafasida Moskvada FIFA kongressi o‘tkazildi. Unda bir qator muhim masalalar ko‘tarildi. 2026 yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksikaning qo‘shmezbonligi ostida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ushbu kongressda qatnashgan Umid Ahmadjonov boshchiligidagi delegatsiyamiz ham aynan ushbu AQSh, Kanada va Meksika nomzodiga ovoz berishgan.

Bundan tashqari, u yerda Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan ham uchrashdi va yana bir qator tadbirlarda ishtirok etdi. Shuningdek, mundialning ochilish uchrashuvi – Rossiya hamda Saudiya Arabistoni milliy terma jamoalari ishtirokidagi o‘yinni ham stadionda kuzatdilar. Bir so‘z bilan aytganda, Moskva safari ancha salmoqli tarzda o‘tdi. SPORTS.uz muxbiri Shuhratbek Jo‘rayev Umid Muhammadjonovich bilan safar taassurotlari haqida suhbatlashdi.

- O‘zingiz ham ko‘rgan bo‘lsangiz, Moskvada muhim tadbirlarda ishtirok etib qaytdik. Bizning asosiy maqsadimizni hamma biladi: milliy terma jamoamizni 2022 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish. Dunyoda 210 ta mamlakat FIFAga a’zo hisoblansa, har bir davlat jahon chempionatida qatnashishni orzu qiladi. Bizning bugungi kundagi istak va orzularimizni endilikda butun dunyo biladi. Ko‘ryapsiz, FIFA va OFK bilan xalqaro aloqalarimiz mustahkamlanib boryapti. Ayni paytda ularning o‘zbek futboliga bo‘lgan e’tibori va munosabati juda ijobiy ko‘rinishda.

Shuning uchun ham biz xalqaro munosabatlarni kuchaytirib bormoqdamiz. Shunga yarasha biz ham jimgina qarab turganimiz yo‘q. Ayni paytda juda katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilyapti. Mana, milliy terma jamoamiz Senegal, Marokash, Urugvay singari kuchli terma jamoalar bilan xalqaro miqyosidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etyapti. Bu darajadagi o‘rtoqlik o‘yinlari qanday va qayerdan kelib chiqyapti? Bunday o‘yinlarni tashkillashtirishning o‘zi bo‘ladimi? Bularning hammasi FIFAning yordami bilan amalga oshirilyapti. Masalan, Urugvay bilan o‘yin uyushtirish oson masala emas. Ularga qarshi o‘yin o‘tkazish uchun necha million dollar so‘rashadi? Xullas, o‘zbek futboli asta-sekin jahonda o‘z mavqeini mustahkamlab boryapti.

Buning uchun bolalar futboliga ham jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rib turibsiz. Albatta, jahon chempionatidagi ochilish uchrashuvidan katta taassurotlar oldik. O‘zbekistonga ham u yerdagi terma jamoalarning yo‘lini bersin. Biz qanday maqsad sari mehnat qilayotganimizni juda yaxshi tushunib turibmiz. Muhimi, hozirgi ijobiy o‘zgarishlar albatta o‘z samarasini bermasdan qolmaydi. FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashganimizda ham futbolimizdagi o‘zgarishlarga juda ijobiy baho berdi. Mundial ishtirokchisiga aylana olsak, qilayotgan mehnatlarimiz o‘z samarasini berayotgan bo‘ladi-da.

Yana bir muhim masala bor. O‘zbekiston chempionatida Superliga tashkil etilganidan keyin darhaqiqat ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. O‘FA hamda PFL klublarga jiddiy talablarni qo‘ya boshladi. Shunga mos ravishda ishga bo‘lgan munosabat chinakamiga professional darajada ko‘rinish olmoqda. Lekin yechimini topmayotgan muammolar ham bor. Ayniqsa, oxirgi paytlarda “Nasaf”, “Bunyodkor” singari jamoalar atrofidagi gap-so‘zlar hech kimning e’tiboridan chetda qolmayapti. Mazkur klublarda yuzaga kelgan moliyaviy muammolar borgan sari jiddiy tus olib boryapti. Ularga O‘FA tomonidan ham yordam ko‘rsatiladimi? Umuman olganda, ushbu holat yuzasidan Umid Ahmadjonovga murojaat qilganimizda muammoning asl mohiyati xususida keskin va ochiq gapirdi.

- “Nasaf”, “Buxoro”, “Bunyodkor” kabi jamoalarga “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi homiylik qiladi. Ammo bugungi kunga kelib bu klublarda moliyaviy tomondan muammolar ko‘zga tashlanyapti. Nima uchun bunday bo‘lyapti? Yoki “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi buni atayin qilyaptimi? E’tibor bering, biz tun-u, kun terma jamoalarimizni, bolalar futbolini kuchaytirish uchun mehnat qilyapmiz, izlanyapmiz. Terma jamoalarimiz qachon kuchli bo‘ladi? Qachonki, klublarimiz kuchli bo‘lsa, shundagina terma jamoalarimiz ham kuchayib boradi. Lekin bugungi kunda ko‘p jamoalarimiz moliyaviy tomondan qiynalishyapti. Mening bundan xabarim bor. Biz klublar uchun yillik byudjetni 25 milliard so‘m etib belgilaganmiz. Ammo “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi rahbarlarining qilayotgan ishlariga qarang, ular bu summani birdaniga 10 milliardga tushirib, faqat shu pulni jamoalarga berishmoqchi. Vaholanki, bu xalqning pullari.

Mana, masalan futbol vatani hisoblangan “Qo‘qon-1912” klubini olaylik. Qachon qarama, ular ham undan yoki bundan pul so‘rashadi. Bunday klublarga alohida homiylarni biriktirish zarur. Lekin biz mavjud muammoning yechimini hal qilishga harakat qilyapmiz. BAA yoki Qatar klublarining byudjeti qancha bilasizmi? Juda salmoqli. Biz tezroq klublarimizni kuchaytirmasak bo‘lmaydi. Tinmay jahon chempionatiga chiqamiz deb aytyapmiz-u, ammo mana bunday muammolar bo‘lib tursa, ertaga terma jamoalarimizni qanday qilib o‘zimiz istagan darajada shakllantira olamiz?

Axir xalqimiz yana qachongacha futbolimizning ravnaqini kutishi kerak? Bizning qilayotgan ishlarimiz xalqimizning ishonchini qozonish, ularning futbolimizga bo‘lgan umidini oshirishga qaratilgan. Buning uchun esa ichki chempionatimizni kuchaytirish uchun oldinga qadam tashladik. Ammo yuqoridagi kabi yuzaga kelayotgan muammolar albatta yoqimsiz. Biz hammamiz o‘zbek futbolini kuchaytirish uchun bir yoqadan bosh chiqarib ishlamasak bo‘lmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: Biz terma jamoani kuchaytirish bilan ovvora bo‘lgan paytda, «O‘zbekneftegaz» tashkilotining qilayotgan ishini qarang