19:18 / 17.08.2018
2 607

Yo “Metallurg”, yo “Qo‘qon-1912” yoxud 6-o‘rin egasini aniqlab beradigan tur

Yo “Metallurg”, yo “Qo‘qon-1912” yoxud 6-o‘rin egasini aniqlab beradigan tur
Superliganing birinchi bosqichi shu haftada o‘z yakuniga yetadi. 17 hamda 18 avgust kunlari 22-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Shundan so‘ng kuchli oltilik hamda quyi oltilikdan joy olgan klublarning nomlari to‘liq hal etiladi. Aslida esa hammasi deyarli ma’lum bo‘lib ulgurgan. Faqat kuchli oltilikni qaysi jamoa yakunlab berishi so‘roq ostida turibdi xolos. Lekin ana shu o‘rin uchun kurash juda keskin va shiddatli tus olgan.

22-turdan nimalarni kutsak bo‘ladi?

Haqli savol shunday emasmi? Bungacha o‘tkazilayotgan turlarda qandaydir o‘ziga xos joziba va keskinlik ko‘zga tashlanib turgandi. Ammo birinchi bosqichning oxiriga borib mazkur keskinlik yo‘qolgandek ko‘rinmoqda. Boisi “oltin ochkolar” tizimi amalda qo‘llanilayotgani sababli chempionatning bu paytiga kelib aksariyat klublarning kuchli oltilik hamda quyi oltilikdan joy olishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda 22-turning intrigasi keskin tushib ketgandek. Ushbu turda quyidagi juftliklar kuch sinashishadi: “Neftchi” – “Qo‘qon-1912”, “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona”, “Buxoro” – “Lokomotiv”, OKMK – “Metallurg”, “Paxtakor” – “Nasaf” va “Qizilqum” – “Navbahor”!

PFL sayti esa bu safar 22-turga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, 22-tur uchun qiziqish yanada ortganligi haqida yozadi. Lekin bu biroz haqiqatdan uzoqdek. Negaki, jamoalarning “oltin ochko” qoidasi bo‘yicha kuchli va quyi oltilikka kirib olganlari bois oldingidek katta qiziqishlarga sabab bo‘lyapti deb aytishimizga asoslar yetarli emas. PFL esa 22-tur doirasidagi juftliklar ichidan uchta o‘yinga alohida to‘xtaldi. Bular – “Neftchi” – “Qo‘qon-1912”, “Buxoro” – “Lokomotiv” va OKMK – “Metallurg” o‘rtasidagi uchrashuvlardir. Hammasi tushunarli, mazkur to‘qnashuvlar klublarning “oltin ochko” tizimi bo‘yicha qaysi o‘rinlarni egallab berishini belgilab beradi. Qolgan juftliklar – “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona”, “Qizilqum” – “Navbahor” va “Paxtakor” – “Nasaf”.

Keling, ushbu bo‘lajak uchrashuvlar oldidan mulohazalar yuritib ko‘ramiz. Masalan, “Bunyodkor” hamda “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin natijasi endi hech nimani hal qilmaydi. Turnir jadvalida 16 ochko bilan 11-o‘rinda borayotgan va oxirgi paytlarda mag‘lubiyatlarga uchrayotgan “So‘g‘diyona” klubi uchun “Bunyodkor”ga qarshi bellashuvda qayd etiladigan natija uning Superligadagi taqdiriga ta’sir ko‘rsatmaydi. Shunchaki, “Bunyodkor” g‘alaba qozonsa 2-o‘rnidagi joyini saqlab qoladi. Lekin ayni paytda “oltin ochkolar” bo‘yicha hisoblaydigan bo‘lsak, “Bunyodkor” bu borada kuchli oltilikda 4-o‘rinda.

Ochig‘i, bu bahsdan ko‘p narsa kutish qiyin. “Qizilqum” – “Navbahor” bahsida nima bo‘ladi? O‘tgan turda namanganliklar o‘z maydonida “Buxoro”ni qiyinchiliksiz 2:0 hisobida taslim qilishdi. “Navbahor” o‘yin yakuniga yetmasidanoq keyingi uchrashuv haqida o‘ylashni boshladi. Balki shu boisdan bellashuv oxirlarida ularning uch nafar futbolchilari – Davron Hoshimov, Jahongir Mehmonov va Oston O‘runov keraksiz joydan sariq kartochkalar “ishlab olishdi”. Bungacha uchtadan sariq kartochkalarga ega bo‘lgan bu o‘yinchilarning “Buxoro”ga qarshi o‘yindagi kartochkalari juda shubhali ko‘rinish olgani rost. PFL esa buning uchun mazkur futbolchilarni va “Navbahor” klubini jazolashga qaror qildi. Demoqchimizki, namanganliklar uchun Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi kechadigan bahs hech nimani anglatmasligini ushbu hatti-harakatlaridan ham bilib olsak bo‘ladi.

Agarda “Navbahor” uchun “Qizilqum”ga qarshi o‘yin nimanidir hal qilib beradigan bo‘lganida, u holda o‘sha Hoshimov, Mehmonov va O‘runovning ataylab sariq kartochka olishlariga ishonib bo‘lmasdi. Lekin ular uchun Navoiydagi o‘yin hech nimani hal qilmaydi. Baribir mana shu omil o‘z kuchini ko‘rsatyapti. To‘g‘ri, “Buxoro”ga qarshi bellashuvdan keyin namanganliklar ustozi Ilhom Mo‘minjonov futbolchilarning sarik kartochkalari borasidagi vaziyat ataylab sodir etilmaganini va Navoiyda kechadigan uchrashuv ham muhim ekanligini aytdi. Lekin hamma bilib turibdi, “Navbahor” uchun bu o‘yin baribir quruq rasmiyatchilik xolos. Endi “Paxtakor” – “Nasaf” o‘rtasidagi o‘yin haqida. Ushbu klublarning bungacha bo‘lib o‘tgan barcha o‘yinlari markaziy maqomiga ega bo‘lib, hammaning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortib kelgandi. Qachondir “Paxtakor” – “Nasaf” to‘qnashuvi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi desa, bunga hech kim ishonmasdi.

Ammo bu safar vaziyat shunga o‘xshab turibdi. Afsuski, qarshiliklar moliyaviy muammolar sababli kuchli oltilikka kira olishmadi va bu kutilmagan holatlardan biri bo‘ldi. “Nasaf” klubi 21-turdan keyin 26 ochko bilan 9-o‘rinda boryapti. “Paxtakor”ni yutgan taqdirida ham baribir o‘sha “oltin ochkolar” tizimi sababli hammasini boshqatdan boshlashlariga to‘g‘ri keladi. Boz ustiga hozirgi paytga kelib “Nasaf” optimal tarkibda emas. Qolaversa, “Paxtakor” har jihatdan raqibidan kuchli. O‘tgan turda Qarshida “Bunyodkor” master-klass ko‘rsatib ketganini ham unutmaslik kerak. O‘sha o‘yinda “Nasaf” 1:4 hisobida tor-mor keltirildi.

“Metallurg”mi yoki “Qo‘qon-1912”mi?

Bungacha kuchli oltilikdan joy olgan beshta jamoaning nomi ma’lum bo‘lib ulgurgan. 22-turdagi birgina muhim jihat shundaki, aynan oltinchi jamoa nomi rasman aniq bo‘ladi. Bu yo “Metallurg” yoki “Qo‘qon-1912” bo‘lishi kutilmoqda. Ayni paytda esa turnir jadvalida bekobodliklar 30 ochko bilan 6-o‘rinda borishyapti, qo‘qonliklar hisobida 28 ochko mavjud bo‘lib, ular 7-pog‘onada. Albatta, “Metallurg”ning kuchli oltilikka kirish imkoniyati biroz yaxshiroq. Ammo buni hali rasman hal qilishgani yo‘q. “Qo‘qon-1912”da ham bu borada imkoniyat bor ekan, ular oxirigacha kurashishi aniq. Ammo boshqa tomondan qaraganda, ularning kuchli oltilikka kirish taqdiri to‘liqligicha o‘z qo‘lida emas. 22-turda “Metallurg” Olmaliqda OKMK bilan kuch sinashsa, “Qo‘qon-1912” Farg‘onada “Neftchi” bilan bellashadi.

Yana bir gap: ushbu o‘yinlar taqvim bo‘yicha bir kunga qo‘yilmagandi. Ammo endilikda ushbu juftliklarning ahamiyati ancha ortgani bois PFL bu jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarni bir kunga, ya’ni, 17 avgustga belgiladi. Shu tariqa 18 avgust kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan OKMK – “Metallurg” o‘rtasidagi o‘yin ham “Neftchi” va “Qo‘qon-1912” bahsi bilan bir vaqtda boshlanadigan bo‘ldi. Darvoqe, qo‘qonliklar 21-turda ham o‘ta muhim o‘yinni o‘tkazishdi. O‘z maydonida “Paxtakor”ga qarshi kechgan uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etilganidan xabaringiz bor. Ushbu natija orqali “Qo‘qon-1912” oltilikka kirish imkoniyatini oz bo‘lsa-da, saqlab qoldi. “Metallurg” esa o‘z maydonida “Qizilqum”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Biroq bekobodliklarning ushbu g‘alabasida uchrashuvni boshqarib borgan hakam – Hasan Ro‘ziyevning ham “hissasi” borligi ayon bo‘ldi.

O‘sha o‘yindan so‘ng “Qizilqum” bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov Ro‘ziyevni o‘ta keskin darajada tanqid ostiga oldi va uni o‘yin natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatganini aytgan holda PFLga uning ustidan arz qilishini ma’lum qilgandi. Ertasiga esa PFL Hasan Ro‘ziyevni chindan ham o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatganini aniqlab uni oktyabr oyigacha hakamlikdan chetlatish haqida qaror chiqardi. Lekin natija-chi? Natija esa baribir o‘z kuchida qoladi-da! “Metallurg” o‘sha o‘yinda qanday bo‘lmasin 2:1 hisobida g‘alaba qozongan holda 6-o‘ringa o‘rnashib oldi. O‘sha uchrashuvda bosh hakam “Metallurg” jamoasiga atayin yordam berganmi yoki atayin emasmi, bu endi Hasan Ro‘ziyevning vijdoniga havola.

Endi oldimizda turgan aynan “Metallurg” bilan “Qo‘qon-1912” jamoalariga e’tibor kuchliroq bo‘ladi. Juma kuni Andrey Shipilov boshqaruvidagi bekobodliklar OKMKni mag‘lub etishga harakat qilishsa, qo‘qonliklar Farg‘onadan uch ochko bilan qaytishga urinib ko‘radilar. Ikkala o‘yin ham muhim ahamiyat kasb etadi, ayniqsa, “Metallurg” va “Qo‘qon-1912” uchun. Darvoqe, ikkala jamoalarning bungacha o‘tkazgan o‘yinlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Bekoboddagi o‘yinda “Metallurg” raqibini 1:0 hisobida yutgan bo‘lsa, Qo‘qonda kechgan uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobi bilan zafar quchishgan. OKMK maydonida bo‘lib o‘tadigan o‘yinda qo‘qonliklar mezbonlarning g‘alabasini kutishayotgani sir emas. Qolaversa, ushbu klubni qo‘qonlik bo‘lgan mutaxassis Baxtiyor Ashuratov boshqarayotganini ham unutmaslik kerak.

Lekin olmaliqliklar kulchi oltilikka kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishganini ham unutmaslik kerak. Ammo oxirgi paytlarda bu jamoa muxlislarini xursand qilib kelmoqda. Masalan, o‘tgan turda Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni yengib qaytdi. 8-o‘rinni band etib turgan OKMK Ashurmatov boshchiligida “Metallurg”ni yenga olarmikin? O‘z navbatida qo‘qonliklar ham Farg‘onada “Neftchi”ni yutishga shart va majbur. Hatto durang natija ham No‘mon Hasanov jamoasini kuchli oltilikka kirish imkoniyatidan mahrum qiladi. “Neftchi” esa oxirgi ikkita o‘yinda to‘rt ochko jamg‘arib, asta-sekin o‘zini o‘nglashga kirishmoqda. O‘sha o‘yinda chinakam derbi bo‘lishi shubhasiz. Lekin g‘alaba ko‘proq “Qo‘qon-1912”ga muhimroq. Ko‘ramiz, yo “Metallurg” yo “Qo‘qon-1912”!

“Oltin ochkolar” tizimi bo‘yicha “Navbahor” peshqadam

22-tur uchrashuvlari yakuniga yetganidan keyin Superligada birinchi bosqich tugatiladi va sentyabrdan ikkinchi bosqich bahslari boshlanadi. Ana shunda hammasi tubdan farq qiladi. Ya’ni, bungacha jamoalarning to‘plagan ochkolari yuqori va quyi oltilikdan joy olganiga qarab qisqartirib yuboriladi. Shundan so‘ng kurash yana boshqatdan boshlanadi. Hozirda esa chempionlik uchun kurashda yuqori oltilik jamoalari orasida “Navbahor” peshqadamlik qilayotgani e’tiborga molik. Namanganliklar bu borada 19 ochko jamg‘arishgan bo‘lsa, 2-o‘rindan joy olgan “Paxtakor”ning hisobida 17 ochko bor. Namanganliklar kuchli oltilikdan joy olgan jamoalar bilan o‘yinlarda g‘alabalarga erishgan. Jumladan, “Paxtakor”ni 1:0, “Lokomotiv”ni 2:0, “Bunyodkor”ni 2:1, “Metallurg”ni 3:0 va “Buxoro”ni safarda 0:1, o‘z uyida esa 2:0 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. “Paxtakor” esa kuchli oltilik klublari orasida o‘z uyida “Lokomotiv” bilan kechgan bahsda 1:1 hisobi qayd etilgan va boshqa bellashuvlarda faqat g‘alaba qozongan. Ammo o‘sha “Loko” bilan bellashuvda boy berilgan ikki ochko tufayli endilikda Shota Arveladze jamoasi “Navbahor”dan ikki ochko kam jamg‘arib turibdi. Kuchli oltilikning yakuniy qismi esa hozircha “Buxoro”ga tegishli. Ular yetakchilar bilan bahslarda 7 ochko to‘plashdi. Ammo 22-turda o‘z uyida “Lokomotiv”ni qabul qilishini ham unutmaslik kerak. Ushbu o‘yinda qayd etiladigan natija yakunda yuqori oltilikdagi jadvalga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Yuqori oltilik

1. Navbahor 10 6 1 3 13-8 19

2. Paxtakor 10 5 2 3 13-4 17

3. Lokomotiv 9 4 3 2 13-10 15

4. Bunyodkor 10 4 2 4 16-14 14

5. Metallurg 10 2 3 5 8-19 9

6. Buxoro 9 2 1 6 8-16 7

Quyi oltilik

1. Qizilqum 10 6 1 3 12-8 19

2. OKMK 10 4 4 2 13-10 16

3. Nasaf 10 4 4 2 7-5 16

4. Qo‘qon-1912 9 3 4 2 9-5 13

5. So‘g‘diyona 10 2 3 5 10-15 9

6. Neftchi 9 0 4 5 3-11 4
Shuhratbek JO‘RAYEV

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yo “Metallurg”, yo “Qo‘qon-1912” yoxud 6-o‘rin egasini aniqlab beradigan tur