08:02 / 08.09.2018
3 485

Denis Ivankov: “Terma jamoadagi muhit doim shunday boʻlishi kerak”

Денис Иванков: "Терма жамоадаги муҳит доим шундай бўлиши керак"
Yangilangan Oʻzbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabi orasidan birgina oʻzimizda ishlayotgan mutaxassislar orasidan Denis Ivankov joy olganini yaxshi bilasiz. “Nasaf”ning darvozabonlar boʻyicha murabbiy hisoblangan Ivankov milliy terma jamoada ham oʻz ishini bajarmoqda. Koʻpchilik esa u haqida juda iliq fikrlarni bildirishadi. Biz esa u bilan bir qator masalalarda suhbatlashdik.

- Denis Aleksandrovich, milliy terma jamoada paydo boʻlishingiz qanday yuz berdi?
- Qanday paydo boʻldim? Meni taklif qilishdi. Aftidan, assotsiatsiyadagilar nomzodimni Ektor Kuperga tavsiya qilgan koʻrinishadi. Men shunday oʻylayapman.

- Ektor Kuperning murabbiylar shtabida birgina mahalliy mutaxassislar orasida siz borsiz xolos. U bilan ishlashdan olayotgan taassurotlaringiz qanday?
- Taassurotlar juda yoqimli. Kuper haqiqiy professional. U bilan ishlash kishiga qulayliklarni tugʻdiradi.

- Ixtiyoringizda 4-5 nafar yaxshi saviyadagi darvozabonlar bor. Ular bilan ishlash sizga oson boʻlsa kerak-a?
- Albatta, ish jarayonida darvozabonlarning birortasi bilan hech qanday muammo yuzaga kelmayapti. Ular oʻz ishining haqiqiy fidoyisidir. Darvozabonlarimiz vazifasiga juda masʼuliyat bilan yondashishadi. Qolaversa, bu yigitlarni anchadan beri bilaman. Ayrimlari bilan oldin ham ishlaganman, masalan Eldor Suyunov bilan Sanjar Quvvatov mening shogirdlarim hisoblanishadi. Shunday ekan, oʻzaro hamkorligimiz chogʻida hech qanday muammo yuzaga kelmayapti. Yigitlarimizga tasanno, ular bilan ishlashdan huzur olyapman.

- Suriyaga qarshi oʻtkaziladigan uchrashuvga oz qoldi. Sizningcha, darvozabonlarning qaysi biri oʻyinga tayyor?
- Darvozabonlarimizning hammasi milliy terma jamoa shaʼnini himoya qilishga tayyor! Lekin ulardan qaysi biriga ishonch bildirilishini uchrashuv oldidan bosh murabbiy hal etadi. U bilan shu masala yuzasidan hammasini kelishib olamiz.

- Bundan keyin ham “Nasaf”dagi ishingizni yana davom ettiraverasizmi? Yoki faqat terma jamoada ishlaysizmi?
- Klubga kerak boʻlar ekanman, “Nasaf”dagi ishimni ham davom ettiraveraman. Agar klubda yoki terma jamoada ishlashim masalasi koʻndalang qoʻyiladigan boʻlsa, bunday vaziyatda hammasini rahbariyat bilan hal qilishimizga toʻgʻri keladi.

- Denis Aleksandrovich, terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Jamoadagi muhit qanday? Siz va futbolchilar Kuper bilan birga ishlashga koʻnikib qoldingizmi?
- Muhit yaxshi, yigitlarning hammasi katta ishtiyoq bilan mashq qilmoqdalar. Bevosita mening yangi bosh murabbiy bilan hamkorligimga kelsak, bir-birimizga koʻnikma hosil qilish muammosiz kechmoqda. Ishonsangiz, hatto anchada beri tanishdek taassurot qolmoqda. Hammasi aʼlo darajada. Oʻylaymanki, terma jamoadagi muhit doim shunday boʻlishi kerak.

- Demak, hammasidan koʻnglingiz toʻlyapti, shundaymi?
- Albatta! Qolaversa, har qanday murabbiy terma jamoada ishlashni orzu qilsa kerak. Mamlakat bosh jamoasida yuqori maqsadlarni koʻzlamaydigan kishining oʻzi boʻlmaydi!

- Dastlabki oʻrtoqlik oʻyini Suriyaga qarshi oʻtkaziladi. Nima deb oʻylaysiz, bu jiddiy bahsmi yoki shunchaki oddiy bir uchrashuvmi?
- Albatta, har bir oʻyin rasmiy boʻladimi yoki nazorat uchrashuvimi, bunga jiddiy, masʼuliyatni toʻla his qilgan holda yondashish shart. Axir bunday bellashuvlarda biz terma jamoa shaʼnini himoya qilamiz.

- Sizda shunday odat bor: Mashgʻulotlaringizni videoga muhrlab ijtimoiy tarmoqlarga joylaysiz. Terma jamoada ham ushbu anʼanangizni davom ettiryapsizmi?
- Terma jamoada operator har bir mashgʻulotni suratga oladi. Ehtimol, keyinchalik bunga oʻzim ham alohida eʼtibor qaratarman. Lekin hozircha ushbu masala yuzasidan bosh murabbiy bilan kelishib olganimcha yoʻq.

- Agar terma jamoada ham mashgʻulotlaringizni videoga olishni boshlasangiz, bu Ektor Kuperga yoqarmikin?
- Oʻylaymanki, yoqadi.

- Ayting-chi, Kuper darvozabonlar bilan bogʻliq masalada siz bilan maslahatlashyaptimi?
- Boʻlmasam-chi! Biz har kuni muloqot qilamiz. Bosh murabbiy qolgan futbolchilar qatori darvozabonlarning ham holati bilan qiziqadi.

- Unday boʻlsa, bosh murabbiyning darvozabonlar haqida fikrlari qanday boʻlmoqda?
- Mashgʻulot chogʻida hammasini muhokama qilyapmiz. Nazarimda, bosh murabbiyning darvozabonlar tomonidan ishga boʻlgan munosabat toʻla qanoatlantirmoqda.

- Darvozabonlar ish usulingiz haqida doim juda iliq gaplarni aytishadi. Bunday usullarni oʻzingiz oʻylab topasizmi?
- Ha, hammasini oʻzim tuzib chiqaman. Oʻz navbatida bunday usullar yigitlarga yoqyapti.

- Koʻpchilik sizni Oʻzbekistondagi eng yaxshi darvozabonlar murabbiyi deb hisoblaydi. Siz uchun shunday mutaxassis kim?
- Menga ispaniyalik Xorxe Sambadaning ishi koʻproq yoqadi. Ayni chogʻda u “Fulxem”da darvozabonlarning tayyorgarligi uchun masʼul shaxs hisoblanadi. Savolingizning dastlabki qismiga kelsak, boshqalarning ishim haqida yaxshi fikrda ekanliklaridan xabardor boʻlish men uchun juda yoqimli!

- Oʻzimizda mehnat qilayotgan darvozabonlar murabbiylari orasida kimning ishi sizga koʻproq yoqadi?
- Oʻzbekistonda shunday mutaxassis sifatida Anvar Rashidovni koʻrsatgan boʻlardim. U oʻz sohasining haqiqiy ustasidir!

- Xorijda ishlayotgan hamkasblaringiz bilan aloqangiz bormi?
- Ha, xorijlik mutaxassislar bilan ham vaqti-vaqti bilan fikr almashib turaman. Asosan Polsha, Rossiya va Qozogʻistonda ishlayotganlar bilan.

- Agar sir boʻlmasa, oʻsha mutaxassislar kimlar ekanligini aytib bera olasizmi?
- Polshada Sergey Shipovskiy, Qozogʻistonda Yevgeniy Naboychenko bilan Valeriy Sitalo. Rossiyada esa Yuriy Pereskokov bilan Shedid Abdurahmonovni koʻrsatishim mumkin. Ukrainada ham tanishlarim bor.

- Ukrainada ishlashingiz uchun takliflar boʻlgani haqida eshitgandik, shu rostmi?
- 2007-2008 yillarda Ukrainada ishlaganman. Oʻzbekistonga qaytib kelganimdan keyin esa Ukraina yoshlar terma jamoasida ishlash yuzasidan taklif olgandim.
Shuhratbek Joʻrayev suhbatlashdi.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Denis Ivankov: “Terma jamoadagi muhit doim shunday boʻlishi kerak”