22:43 / 20.11.2018
3 885

Xayrulla Hamidov: "Kuper uslubidan voz kechmasa kerak"

Xayrulla Hamidov: "Kuper uslubidan voz kechmasa kerak"
Taniqli futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov bilan bo‘lgan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

O‘zbekiston – Janubiy Koreya uchrashuvi (0:4) yakunlanganidan so‘ng, terma jamoamiz bilan birga Avstraliya yig‘iniga borgan taniqli jurnalist va futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov bilan bog‘lanib, suhbat qurishga harakat qildik.

– Bugun nimaning evaziga terma jamoamiz yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi?

Bugungi mag‘lubiyat ko‘pchilikka og‘ir botgani turgan gap. Biz stadionda turib kuzatdik va boshqalarga qaraganda ko‘proq siqildik. O‘yindan keyin Kuperning holatini ko‘rdik, matbuot anjumanida savollarga javob berishni istamayotganini kuzatdik. Futbolchilarning jim bo‘lib qolishganini tomosha qilish, albatta, oson emas. Lekin bu mag‘lubiyat baribir kerak edimi, deb o‘ylab qoldim. Chunki bu natija yangi mutaxassisga ko‘p foydali jihatlar taqdim etdi. U Osiyo futboli bilan hazillashib bo‘lmasligini tushunib yetdi, o‘zbek futbolchilarining salohiyati qay darajadaligini oz bo‘lsa-da angladi, o‘zi qo‘llamoqchi bo‘lgan taktik qarashlari bu terma jamoaga qanchalik mos keladi, anchayin bilib oldi.

Bugungi mag‘lubiyat sabablari esa, ko‘p, deb o‘ylayman. Eng asosiylari – O‘zbekiston terma jamoasining optimal tarkibda emasligi, Janubiy Koreya terma jamoasining salohiyati oldingidan ko‘ra oshganligi va matbuot anjumanida o‘zi aytib o‘tganidek, jamoalar o‘rtasidagi jismoniy farq. Bularning safiga shuningdek, argentinalik mutaxassisning Koreyadek raqibga yetarlicha qarshilik ko‘rsatishga tarkib jihatidan ham, taktik jihatdan ham kuchi yetmaganini asosiy omil sifatida keltirsak bo‘ladi.

Koreyslarning Avstraliya terma jamoasiga qarshi kechgan o‘yinini kuzatganimizdayoq, bizga oson bo‘lmasligini taxmin qilgandik, hatto mag‘lubiyatga uchrasak ham fojia yasamasak kerak, deb o‘yladik. Ammo bunaqa farq bilan va bunaqa o‘yin bilan yengilish odamning xayoliga ham kelmagandi, albatta. Bu mag‘lubiyat matbuot anjumanida o‘zi tan olganidek, Kupernikidir.

– Kuperning olib borayotgan siyosati bosh jamoamizga qanchalik mos? Umuman, bu mutaxacsisdan Osiyo Kubogida natija kutsak bo‘ladimi?

Olib borayotgan futbol siyosatiga men bir narsa deya olmayman. Chunki tajribali mutaxassis natija uchun javobgar shaxs bo‘lgani uchun ham bor talabni o‘zi istaganidek va o‘ziga ma’qul kelganidek qo‘yadi. Menimcha, uning talabi o‘rtoqlik o‘yinlari misolida u qadar yomon ko‘rinish hosil qilmadi. Qisqa vaqt ichida shuncha o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi, oldin bunday hodisa kuzatilmagan.

Keyin, uning kelgan muddatiga ham qarashimizga to‘g‘ri keladiki, Kuper terma jamoamizni yil avvalida emas, mundial tugagach, Osiyo chempionatiga yarim yildan kamroq muddat qolganida qabul qilib oldi. Bu muddat ichida janubiy amerikalik murabbiy ikki o‘t oralig‘ida qolishi turgan gap edi – rejasida o‘zi istagandek uzoq muddat davomida terma jamoani tayyorlash, qarshisida esa, to‘rt oydan so‘ng boshlanajak Osiyo chempionati. Erkin tayyorgarlik ko‘ray desa, undan hamma natija so‘raydi. Mag‘lubiyatlar esa, FIFA reytingidagi o‘rnimizga ham salbiy ta’sir o‘tkazib, mundial saralashini qiyinroq holda boshlashimizga sabab bo‘lib qoladi. Xullas, Kuper ana shu ikki o‘t orasida birinchisini tanladi va o‘zi bilganicha terma jamoa tuzishni boshladi. Toki Janubiy Koreya bilan o‘yin bo‘lmaguncha...

Bilishimcha, Avstraliya safarini u o‘zi so‘ragan, aslida terma jamoamizning navbatdagi o‘yinlari yana Toshkentga mo‘ljallangan. Bunga sabab, uzoqroqda yigitlarning salohiyatini butkul bilib olishni istagan. Mana, uddasidan chiqdi ham – qay futbolchining qanday kuchga ega ekanini, qisqa vaqt ichida ko‘rsatmalari qanchalik bajarilishi mumkinligini juda-juda yaxshi anglab oldi.

Endi dekabrdagi yig‘inlarda u o‘zi tanlagan tarkibini to yangi yilga qadar yana tayyorlaydi va o‘ylashimcha, BAAga baribir yaxshiroq natija qayd etish uchun yo‘l oladi. Bu borada u yashil qit’aga bormagan yetakchilarimizga ham suyanadi, deb hisoblayman. Janubiy Koreya Kuperni shunga majbur qilmoqda.

– O‘zbekiston himoyaviy o‘yin orqali qanchalik o‘sishga erishdi?

Kuper 63ga kirgan inson, hayoti futbolning ichida o‘tgan va istaymizmi, istamaymizmi, uning uslubi shu – barchasini himoyadan tuzadi. O‘sha “Valensiya”ning jozibali o‘yinlarini kuzatganimizda ham, undan oldin mashaqqatli ishlar olib borganini, valensiyaliklarga uning uslubi umuman yoqmaganligini, keyin bor zahmatlar ortda qolgach, rohatlanib jamoaviy o‘yin ko‘rsatishganini eslashimiz zarur. Kuper o‘z uslubini “katenachchio” asoschisi hisoblangan (asli argentinalik bo‘lgan) fransiyalik daho Elenio Erreradan olganligini ham yashirmaydi. (Gvardiola Kroyffdan ruhlanganini aytadi, demakki, o‘yin ham shunga yarasha hujumkor bo‘lgan, farq uchun aytyapman) Shunday ekan, terma jamoamiz bosh murabbiyi o‘z uslubini o‘zgartirmasa kerak, o‘zgartirsa ham ba’zi omillar sababidan ozgina tahrirlashi mumkin, bundan ortig‘i emas.

Matbuot anjumanida Kuper himoyaviy tomondan taktik o‘sishga erishdik, dedi. Aslini olganda, o‘rtoqlik o‘yinlari aslida mana shunaqa mayda detallar, bog‘lamlar ustida ishlab olish uchun, yangi futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun o‘tkaziladi. Kuper mazkur masalalarni-da uddasidan chiqdi. Mayda detallar ustida ishlab, bizning futbolchilarimizga taktik qarashlarini qanchalik singdirishi mumkinligini payqab bo‘ldi chamamda. Bog‘lamlar ustida hali ko‘p ter to‘kish lozimligini angladi, oldin terma jamoaga chaqirilmagan yigitlarni ham ko‘rikdan o‘tkazib oldi. Qanday xulosalar chiqarganini shaxsan bilmayman. Ammo kayfiyatidan ma’lumki, dekabrda ancha jiddiy ishlaydi. Turkiya safarida tanlangan tarkibning ustida boshqa masalalar bo‘yicha ham ish olib boradi va terma jamoamizning himoyaviy kuchini qay darajagacha ko‘tarishi mumkinligi borasida oxirgi xulosaga keladi.

– Qaysi futbolchilarimizni terma jamoaga jalb etish kerak, deb o‘ylaysiz?

Umumiy olganimizda, falonchi-pistonchini olish kerak, deyish oson. Lekin terma jamoamiz rulida hammaga tanish bo‘lib ulgurgan uslub egasi o‘tirgach, endi uning holatidan kelib chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Menimcha, Kuper Avstraliyaga olib kelgan yigitlarning hammasini ham BAAga olib bormaydi. Odil Ahmedov, Sardor Rashidov, Vitaliy Denisov, hatto tajribali Aziz Haydarov jalb etiladi. Chunki Kuper o‘zi istayotgandek terma jamoani baribir Osiyo chempionatigacha tayyorlay olmaydi, qit’a birinchiligida terma jamoa baribir natija uchun o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Natija uchun o‘ynalganda, odatda, eski gvardiyaga murojaat qilinadi. BAA-2019da yaxshiroq natija qayd etib, hech kim halaqit bermaydigan holda uzun siklga tayyorgarlik ko‘rish tajribali mutaxassis uchun ayni muddao bo‘lsa kerak.
Nodir Abdurasulov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidov: "Kuper uslubidan voz kechmasa kerak"