date

2800-yil avval yasalgan bezakli nodir qurol topildi (foto)

2800-yil avval yasalgan bezakli nodir qurol topildi (foto)

Polshaning Boltiq dengizi sohilida turli davrlarga oid topilmalar ko‘p uchraydi, ammo bu safar mahalliy o‘lkashunoslar haqiqatan ham tarixiy ahamiyatga ega buyumga duch kelishdi, deb xabar berdi Muzeum Historii Ziemi Kamieńskiej.

Kamen shahri yaqinidagi sohildagi kuchli bo‘ronlar oqibatida yer qiyaliklari yemirilib, yer ostida qariyb uch ming yil saqlangan qadimiy buyum yuzaga chiqqan. Bu — taxminan miloddan avvalgi 800–450-yillarga oid, yarim oy shakli va geometrik naqshlar bilan bezatilgan metall xanjar bo‘lib chiqdi.

Topilmani tarix havaskorlari Yatsek Ukovskiy va Katajina Gerdjik bo‘rondan keyin sohil bo‘ylab sayr qilib yurgan paytda topishgan. Ular loy qatlamidan yarq etib ko‘ringan metall buyumni olib, darhol muzey direktori Gjegoj Kurkaga ma’lum qilishgan.

Xanjarning uzunligi 24 santimetr bo‘lib, u nafaqat bezaklari, balki ishlov sifati bilan ham ajralib turadi. Dastasi o‘tkir, yasalishi esa o‘sha davr metall san’atida yuqori darajadagi mahoratni namoyon etadi. Kurkaning so‘zlariga ko‘ra, bu buyum Polsha hududida topilgan eng nodir temir asr artefaktlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Ancient Origins nashri ma’lumot berishicha, xanjarning nafaqat geometrik naqshlari, balki umumiy shakli ham uning jang uchun emas, balki marosim yoki diniy maqsadlarda ishlatilganini ko‘rsatadi. Boy bezaklari va jang izlarining yo‘qligi shu fikrni yanada mustahkamlaydi.

Shu bilan birga, uning muvozanatli tuzilishi va mustahkamligi ayrim tadqiqotchilarga boshqa fikr uyg‘otgan — ularga ko‘ra, xanjar yuqori martabaga ega jangchiga tegishli bo‘lgan qurol bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Muzey direktori Gjegoj Kurka xanjarning kelib chiqishi bo‘yicha shunday fikr bildirdi: “Bu buyum ehtimol, o‘sha davrdagi metall ishlov berish markazlaridan biri — hozirgi Italiya, Avstriya yoki Bolqon mintaqasida yasalgan. Keyinchalik u qadimiy savdo yo‘llari orqali shimolga, Polshaga yetkazilgan bo‘lishi mumkin”.

Hozirda xanjar maxsus sharoitda saqlanmoqda va yaqin haftalarda o‘tkaziladigan laboratoriya tahlillari uning aniq tarkibi, yoshi va funksiyasini belgilab beradi.

Tarixchilar bu topilmani Yevropaning temir asri madaniyati uchun katta ahamiyatga ega dalil sifatida baholamoqda. Boltiq sohillari yana bir bor inson sivilizatsiyasining qadimiy izlarini yorqin namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 2800-yil avval yasalgan bezakli nodir qurol topildi (foto)