
Superliganing 10-turida “Navbahor” hamda “Andijon” ishtirokidagi vodiy derbisi ko‘pchilikning qiziqishini uyg‘otgandi. Chunki oxirgi yillarda ushbu klublar o‘rtasidagi derbilarga guvoh bo‘lmayotgandik. Shu bois bu safargi to‘qnashuvni o‘zgacha hayajon bilan kutganlar ko‘p bo‘ldi.
Ayniqsa, o‘z oldiga chempionlik uchun kurashish vazifasini qo‘ygan “Navbahor” uchun har bir o‘yin xuddi finaldek o‘tishini inobatga olsak, bu safargi vodiy derbisidan har narsani kutish mumkin edi. Chunki “Andijon”ning hozirgi ahvoli ham havas qilib bo‘lmasdi. Shuning uchun ular ham Namangandagi o‘yinning qanchalik qiyin o‘tishini bilgan holda shunga yarasha o‘yin ko‘rsatishlarini kutgandik va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi.
Shu kuni ob-havo o‘z injiqligini ko‘rsatib, kuchli yomg‘ir yog‘di. Ammo stadionga yig‘ilgan muxlislar va ayniqsa, Andijondan borgan ashaddiy ishqibozlar har qanday holatda ham sevimli jamoasini yolg‘izlatib qo‘ymasliklarini yana bir bor isbotladilar. Ammo hamma ham bu uchrashuvga bora olgani yo‘q va o‘yinni “Sport” telekanalida jonli ravishda ko‘rish umidida ham edilar. Biroq aksiga olib “Sport” vodiy derbisini olib bermadi. Ammo xafa bo‘lishga hojat yo‘q edi, chunki bu o‘yinni Namangan telekanali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatdi. Buni bilgan bildi, bilmaganlar esa bilmadi.
O‘yin uchun ikkala jamoaga ham rahmat aytsak arziydi. Futbolchilar maydonda borlarini berib o‘ynashdi. Yog‘ayotgan yomg‘ir esa aslo jamoalarning shashtini so‘ndirmadi. “Navbahor” o‘tgan turda o‘z maydonida “Metallurg” bilan durang o‘ynab qo‘ygani uchun bu safar qanday bo‘lmasin yutishi kerak edi. “Andijon” ham bungacha bor yo‘g‘i bitta g‘alaba qozongani bois bu o‘yinni yutishi lozim edi. Shu bois maydonda haqiqiy futbol, haqiqiy kurash kechdi.
O‘yinning boshlarida “Navbahor”ning sobiq hujumchisi Ro‘zimboy Ahmedov qiyin vaziyatda gol urib hisobni ochgani mehmonlarga qo‘shimcha kuch va motivatsiya bergani ham rost. Bu esa mezbonlarning ishini yanada qiyinlashtirib yubordi. Shu kuni Ildar Mamatkazin boshchiligidagi himoyachilar ham yaxshi o‘ynashdi. Umuman olganda, bu so‘zni “Andijon”ning har bir o‘yinchisiga nisbatan aytish mumkin. Ular “Navbahor”ning jiddiy qarshiligini yengishga harakat qilishdi. Aslida esa voqealar rivoji andijonliklarning g‘alabasi tomon o‘zgarib borayotgandi.
Biroq oxirgi daqiqalarda “Andijon”ning sobiq o‘yinchisi Aziz Ibragimov tomonidan urilgan gol yakunda uchrashuvning durang bilan tugashini ta’minladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, gollarni ikkala jamoaning sobiq futbolchilari kiritishdi. O‘yinda esa tortishuvli holatlar va asabbuzarliklar ham kuzatildi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak edi. Boisi vodiy derbisi shunisi bilan ham vodiy derbisi deb ataladi.
“Navbahor” bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis yana o‘yindan keyin “katta sahnaga” chiqdi. Odatda uning matbuot anjumanlarida bildiradigan fikrlari ancha keskin va bir tomonlama bo‘lib qolmoqda. “Andijon”ga qarshi uchrashuvdan keyin ham rossiyalik murabbiy yana o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda fikr bildirdi. Ammo uning raqib o‘yinchilarining shaxsiyatiga tegadigan so‘zlarni aytishga haqqi yo‘q. Futbol – bu sport, bu kurash, bu o‘yin.
Shunday ekan, buni chidaganga chiqargan. Kanchelskis esa jamoasi g‘alaba qozona olmagan paytlarda aybni raqib o‘yinchilaridan va hakamlardan izlash bilan ovoraligi bilan esda qolmoqda xolos. E’tibor bering, “Navbahor” ketma-ket ikki marta o‘z maydonida o‘ynadi va aslida reja bo‘yicha ular olti ochkoni olishlari lozim edi. Ammo buning o‘rniga namanganliklar faqat ikki ochkoni qo‘lga kirita oldilar xolos va to‘rt ochkoni yo‘qotdi. Qizig‘i shundaki, “Navbahor” bosh murabbiyi “Metallurg” va “Andijon”ga qarshi uchrashuvlardan keyin deyarli bir xil fikrlarni bildirdi:
“Metallurg”ga qarshi uchrashuvdan keyin aytgan gaplari!
Biroz asabiy o‘yin bo‘ldi. Agar birinchi bo‘lib raqib darvozasini ishg‘ol eta olganimizda, g‘alaba qozonar edik. Futbolni raqqosalar o‘ynamaydi. Har bir vaziyatda yiqilib, maydonda yotib olinishini aslo oqlamayman. Bu o‘yin tempini tushiradi va o‘yin jozibasini butunlay yo‘qotadi. Bugun tez yordam vakillari ko‘magi kerak bo‘ladigan vaziyat umuman bo‘lgani yo‘q.
Lekin ko‘plab vaziyatlarda o‘yinchilar oddiy holatlarda ham maydonga cho‘zilib olishdi. Agar biz raqib darvozasini birinchi bo‘lib ishg‘ol etganimizda, aminmanki, butunlay boshqacha o‘yin ketardi. G‘alaba qozona olmadik – o‘zimiz aybdormiz. Bugun 2 ochkoni yo‘qotdik. Lekin o‘z shogirdlarimdan maydonda ha deb yotib olavermaganliklari uchun mamnunman. Shu boisdan ham ularni hurmat qilaman, - degandi mutaxassis.
«Andijon»ga qarshi uchrashuvdan keyingi aytgan gaplari!
- Bu futbol emas, balki raqqosalar maydonga chiqqandek gap. Uyat! Uyalish kerak futbolchilar, uyalishi! O‘yinni to‘xtatib qo‘yishmoqda. Futbol o‘ynab bo‘lmayapti. Menga aytinglar-chi, bugun tez tibbiy yordam mashinasi birovni shifoxonaga olib ketdimi? Kimdir javob bera oladimi? «Andijon» futbolchilari qizlardek maydonga yotib olaverib vaqtni o‘ldirdi. Uyalish kerak! Uyat!
Deyarli bir xil gaplar-a? O‘tgan safar ham, bu safar ham u raqib o‘yinchilarining shaxsiyatiga tegadigan gaplarni aytib, o‘zini oqlashga urinyapti. Lekin bu to‘g‘rimi? Uning jamoasi ochko yo‘qotsa, albatta raqib futbolchilarini raqqosalar deya ayblashi kerakmi? Buni qanday tushunish mumkin? Buning ustiga u kecha hakamlar sha’niga ham noma’qul so‘zlarni ishlatganini aytish lozim.
Yodingizda bo‘lsa, chempionatning birinchi turidan keyin Toshkentda «Navbahor» «Qo‘qon-1912» bilan durang o‘ynagach, Kanchelskis matbuot anjumanida o‘yindagi durang uchun go‘yoki buning ichida va tashida bo‘lmagan O‘FA bilan PFLni tanqid qilib chiqqandi. Keyin esa oradan ko‘p o‘tmay mutaxassis aytgan gaplari uchun rasman uzr so‘rab chiqqandi. Rossiyalik mutaxassis fikr bildirayotganda tiliga extiyot bo‘lishini maslahat bergan bo‘lardik. Og‘zimga nima kelsa shuni gapiraverman desa adashadi. Bu Rossiya emas, balki serquyosh O‘zbekiston!
Kanchelskis birovlardan ayb qidirguncha o‘z jamoasining natijalarini yaxshilash choralarini ko‘rsa bo‘lmaydimi? Axir Namangan viloyati hokimi jamoa uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan bo‘lsa, maqsad va vazifa aniq bo‘lsa, Namangan xalqining esa «Navbahor» va murabbiydan ishonchi katta. Ammo o‘z maydonidagi ketma-ket ikkita uchrashuvdagi durangdan keyin Kanchelskisga yana avvalgidek ishonch yuqori bo‘lib qolmoqdami, degan haqli savol ham tug‘iladi. Undan ko‘ra u o‘z o‘rni haqida ko‘proq o‘ylasa bo‘larmidi? Natijaga kim javobgar? O‘zi birovlarni haqorat qilayotgan «raqqosa» futbolchilarmi yoki murabbiymi?
«Navbahor» 10 ta o‘yindan faqat uchtasidagina g‘alaba qozondi xolos. Vaholanki, jamoa oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilgan. Aslida biz ham vodiy jamoalarining yana avvalgi mavqelariga qaytishini istaymiz. Bu borada «Navbahor» jamoasining olib borayotgan ishlarini qadrlaymiz. Lekin «Paxtakor» bilan «Lokomotiv»ga raqobat qilmoqchi bo‘lgan jamoaning shu kungacha faqat uchta o‘yinda g‘alaba qozona olganini qanday tushunish mumkin?
Aslida esa «Navbahor»ning o‘zida ham hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar bo‘la turib, bu yoqda murabbiy raqib jamoa o‘yinchilari va hakamlarni haqorat qilib gapirayotgani g‘alati. Undan ko‘ra jamoasining o‘yinidagi muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rmaydimi? Qolaversa, murabbiyning aytayotgan gaplari do‘stona aloqalarni o‘rnatishgan Namangan va Andijon muxlislari o‘rtasida yana ziddiyatli holatlarni keltirib chiqarish ehtimolini ham oshirishi turgan gap.
Ko‘ryapsizmi, extiyotsizlik bilan aytgan gaplar qanchadan-qancha aks-sadolarni keltirib chiqaryapti. O‘zini hurmat qilgan murabbiy esa avvalo qayd etilayotgan salbiy natijalardagi aybni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqmaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing