date

Rossiyadagi neft zavodida portlash va dron hujumlari haqida ma’lumot berildi

Rossiyadagi neft zavodida portlash va dron hujumlari haqida ma’lumot berildi

4 noyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Bashqirdiston respublikasida joylashgan Sterlitamak neft-kimyo zavodida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Sterlitamak shahar ma’muriyati raisi Emil Shaymardanov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.

Uning ma’lumoticha, portlash suv tozalash sexida yuz bergan. Hodisa vaqtida sexda besh nafar ishchi bo‘lgan, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning hech biri jabr ko‘rmagan. «Hozirda portlash sabablari aniqlanmoqda, barcha tegishli idoralar hodisa joyida ish olib bormoqda», — deya ta’kidladi shahar hokimi.

Bir necha soat o‘tib, Bashqirdiston rahbari Radiy Xabirov ham izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sterlitamakdagi sanoat majmuasiga ikki dron hujum qilgan, ammo ularni havo mudofaa tizimi muvaffaqiyatli ravishda urib tushirgan. «Dron parchalari zavodning yordamchi sex hududiga tushdi. Hech kim halok bo‘lmadi yoki jarohatlanmadi. Korxona o‘z ishini odatdagi tartibda davom ettirmoqda», — dedi Xabirov.

Shu kechasi Rossiyaning boshqa hududlarida ham hodisalar qayd etildi. Nijniy Novgorod viloyatining Kstovo shahrida ukrain dronlari hujumi qaytarildi. Mahalliy aholi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda kamida 9—12 marta portlash ovozi eshitilgan.

Ukraina OAVlari esa Ukraina Qurolli kuchlariga tegishli dronlar «Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez» neft qayta ishlash zavodiga zarba berganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Astra Telegram-kanali ushbu hodisaga oid bo‘lishi mumkin bo‘lgan videolarni e’lon qildi.

Bundan tashqari, Kursk viloyatida ham vaziyat izdan chiqqan. Gubernator Aleksandr Xinshteyn ma’lum qilishicha, Rilsk shahridagi podstansiyaga dron zarbasi natijasida 16 mingdan ziyod aholi elektr ta’minotisiz qolgan. Hozirda texnik xizmatlar ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.

Rossiya rasmiylari hodisalarni Ukraina tomonidan qilingan dron hujumlari bilan bog‘lamoqda. Shu bilan birga, mamlakatning bir necha hududida havo mudofaa tizimlari qo‘shimcha jonlantirilgani haqida xabar qilindi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, vaziyat nazorat ostida, lekin ehtimoliy yangi hujumlar xavfi hanuz saqlanib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyadagi neft zavodida portlash va dron hujumlari haqida ma’lumot berildi