date

Ukrainada qullikda saqlangan vatandoshlarimiz nihoyat ozodlikka chiqdi

Ukrainada qullikda saqlangan vatandoshlarimiz nihoyat ozodlikka chiqdi

O‘zbekistonlik 19 nafar fuqaro uzoq xorijda, Ukrainadagi issiqxonalarda og‘ir va inson sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan sharoitlarda ishlashga majbur bo‘lgani haqida xabarlar chiqqan edi. Endilikda ularning barchasi vataniga sog‘-omon qaytdi.

Bu jarayon oson kechmadi. Ukrainada joylashgan O‘zbekiston elchixonasi, Ukraina Milliy politsiyasi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT)ning Ukraina va Moldova bo‘limlari bir necha hafta davomida uzluksiz ishladi. Maqsad — vatandoshlarimizni ozod etish, huquqlarini tiklash va ularni xavfsiz tarzda yurtga qaytarish edi.

Elchixona xabariga ko‘ra, Kiyev viloyatidagi issiqxonalardan birida o‘zbekistonlik ishchilar majburiy mehnatga teng sharoitda yashab kelgan. Ular o‘z hujjatlarisiz, oz miqdordagi haq evaziga og‘ir mehnat qilishga majbur bo‘lgan. Voqea 18 sentyabr kuni Ukraina OAVlarida yoritilgan zahoti, O‘zbekiston diplomatik missiyasi masalani shaxsan o‘z nazoratiga oldi.

Natijada elchixona qisqa fursatda fuqarolarning huquqiy maqomini tiklash, ular uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va “jabrlanuvchi” maqomini berishga erishdi. Bu maqom ularni jazodan yoki noqonuniy deportatsiyadan himoya qiladi.

XMT ko‘magida vatandoshlarimizga moddiy yordam ko‘rsatildi. 28-oktabr kuni ular Kiyevdan Kishinyovga olib chiqildi. Moldova poytaxtida ular uchun xavfsiz turar joy, tibbiy yordam va oziq-ovqat bilan ta’minlangan. 2 noyabr kuni esa XMT vakillari hamrohligida “Kishinyov–Istanbul–Urganch” reysi orqali uchirilgan vatandoshlar 3 noyabr kuni O‘zbekistonga yetib kelishdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ukrainada qullikda saqlangan vatandoshlarimiz nihoyat ozodlikka chiqdi