8 sentyabr kuni, Rossiyaning Yekaterinburg shahrida havaskor boks bo‘yicha jahon chempionati start oladi. Bu jahon chempionati har galgisidan farq qilishi borasida barcha xabar topib ulgurgan. Chunki, har doim mundialda Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati bo‘lar edi. Bu safar esa, AIBA dagi tushunarsiz o‘zgarishlar, Xalqaro Olimpiada Qo‘mitasining ajobtovur qarorlari orqali to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga litsenziya berilishi bekor qilingan. Shu tufayli, ba’zi bir boks mamlakatlarining mazkur JCh ga bo‘lgan qiziqishini bir muncha susaytirdi. Bunga misol qilib, birgina Ukraina terma jamoasining so‘ngi daqiqalarga qadar ishtirok etish-etmasligi so‘roq ostida bo‘lganligini aytishimiz mumkin.
To‘g‘ri, ushbu turnir yo‘llanma bermasligi mumkindir. Lekin ulkan tajriba, ushbu litsenziyani taqdim etadigan musobaqalarga o‘ziga xos tayyorlov vazifasini o‘tab berishi bilan ham muhimdir. Qolaversa, Jahon chempionati degan nomi bor. Jahonda tengsiz bo‘lishni barcha istaydi. Yana bir omilga urg‘u berib o‘tish lozimki, havaskor boks olamida o‘ziga xos prinspial raqobat mavjud. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Kuba ayni kunda jahonda birinchi raqam bo‘lish uchun raqobat olib borayotgan mamlakatlar hisoblanadi. Rossiya va Ukrainani ham shular jumlasiga qo‘shish mumkin.
Demak, “favorit”lar...
Shubhasiz, Kuba, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya! Yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz kabi bu zamin boks maktablari juda kuchli sanaladi. Saviyali murabbiy va mutaxassislariga ega. Raqobat borasida esa, faktlar asosida juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Kuba so‘ngi jahon chempionatida medallar jamg‘arish borasida har tomonlama yetakchi bo‘lgan bo‘lsa, vakillarimiz Rio Olimpiadasida qanday “inqilob” qilganini butun olam biladi.
Qozog‘iston esa, avvalgi Olimpiadalarda bizga nisbatan yaxshi natijalar qayd etgan. Rossiyalik bokschilar har doim Yevropa qit’asi hamda jahonda yetakchilaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Ayni kunda ham mazkur muvaffaqiyatlarni har to‘rt mamlakat bokschilari qit’a chempionatlarida, xalqaro turnirlarda davom ettirib kelishmoqda. Kuba borasida hozir biror xulosa bildirish fikridan yiroqman.
Sababi, mazkur terma jamoa qanday tarkibda ishtirok etishi borasida yetarlicha ma’lumotga ega emasman. Lekin, Qozog‘iston tarkibi hamda vakillarimizdan kimlar Yekaterinburgdagi Jahon chempionatida ishtirok etishi ma’lum. Shunday ekan, bu ikki yurt termasi borasida umumiy tarzda fikr bildirish imkoniyati bor...
Yon qo‘shnilarimiz va bizning terma jamoamizda qisman avlodlar almashinuvi yuz bergan. Shu nuqtai nazardan, biroz imkoniyatlar pasaygandek tuyular. Lekin tangani ikkinchi tarafi ham bor ya’ni, Tokio Olimpiadasi eshik qoqmoqda... bu Jahon chempionati, terma jamoaning yangi a’zolari uchun o‘zini ko‘rsatish imkoniyati deganidir. Mazkur omil esa, “yangi nom”larga o‘ziga xos “motivatsiya” beradi.
Rossiyaning esa, qanday tarkibda ishtirok etishi u darajada e’tiborli emas. Sababi, ularda mezbonlik faktori bor. Bu jihat havaskor boksda qanday ahamiyat kasb etishini uzoq yillardan buyon boksga ishqibozlik qilib kelayotganlar yaxshi bilishadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yuqorida aytib o‘tgan terma jamoalar qanday holatda bo‘lmasin, Jahon chempionatida yetakchilik qilishadi deb o‘ylayman. Albatta, bu shaxsiy qarashlarim!
Yetakchilikka da’vogarlar...
Bu maqomga Ukraina va Hindiston to‘g‘ri keladi nazarimda. Nisbatan, Ukrainada bu imkoniyat yuqoriroq. Chunki, bu yurt hozirda professional boks olamini titratmoqda desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Vasiliy Lomachenko, Aleksandr Usik, Aleksandr Gvozdik, Sergey Derevyanchenko... izohga hojat bo‘lmasa kerak. Ularning havaskor boksda toblanganligi esa, Ukraina bokschilari borasida biroz taassurot olish imkonini beradi. Lekin ularning bu jahon chempionatiga jiddiy e’tibor bermayotganligi, taxminimizni yo‘qqa chiqarishi mumkin. Biroq, bu aldamchi taassurot bo‘lish ehtimoli ham bor.
Yana bir boksi tez sur’atlarda rivojlanayotgan mamlakat borki, buni esdan chiqarsak adolatsizlik bo‘lardi. Bu shubhasiz Hindiston! Hindlar mazkur sport turini rivojlantirish borasida to‘g‘ri yo‘l tanlay olishdi. Natijada, asta-sekin Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Osiyoda jiddiy natijalar ko‘rsata olayaptimi? Demak, Jahon chempionatida ham “favorit” terma jamoalarga yetarlicha qarshilik ko‘rsata oladi. Chunki, barchaga ma’lum qit’amiz chempionati “Kichik Olimpiada” hisoblanadi.
Yana qaysi yurt vakillaridan “syurpriz” kutish mumkin?
Birinchi navbatda ozarbayjonliklar buni uddalashlari mumkin. Qardosh mamlakat, Ozarbayjonning ham xurmatga loyiq boks tarixi bor. O‘ziga xos kuchli boks maktabiga ega. Har doim ushbu yurtdan ajoyib iste’dodlar yetishib chiqqan. Misol uchun, so‘ngi yillarda salmoqli natijalar qayd eta olganlariga e’tibor qaratsak, 2017 yilgi Jahon chempionati og‘ir vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Magomedrasul Mejidov, 91 kg vaznda 2015 yilgi Qatarda o‘tgan boks mundialida bronzaga ega chiqqan Abdulqodir Abdullayev, 69 kg da Parviz Bagirov ham ushbu turnirda bronzani qo‘lga kiritgan. 52 kgda esa, Doxada Elvin Mamishzade shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilgan edi. Xullas, ozarlar ham bu turnirga shunchaki tashrif buyurishmasa kerak.
Yevropa toponlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, fransiyaliklardan jiddiy qadamlarni kutish mumkin. Faranglar yurtida ham havaskor boks ommaviy sport turiga aylanib bormoqda. Misol uchun, Gamburgda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 60 kg vazn toifasida Sofian Umiya g‘olib bo‘lgandi. Rio Olimpiadasida og‘ir vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Toni Yokani aytib o‘tish mumkin. Qozonda bo‘lib o‘tgan Butunjahon Universiadasida Sulaymon Sissoko fransuz boksini jahonga ko‘z-ko‘z qilgandi. Bir so‘z bilan aytganda, yetakchilarni oyog‘idan chalib qolish darajasi bor, ushbu yurt bokschilarida.
To‘g‘ri, hozir har ikki mamlakat terma jamoasida, sanab o‘tgan bokschilarimiz yo‘q bo‘lishlari mumkin. Ammo, eng asosiysi natija bor. Natija bor joyda esa, yangi iste’dodlar albatta topiladi.
Sensatsiya ko‘rsatishga qodir yurt bokschilari...
Mo‘’jiza o‘z nomi bilan mo‘’jiza! Shunday ekan istalgan bokschi buni qayd etishi mumkin. Ammo, jamoaviy natija borasida bunday sensatsiya qilishga qodir, AQSh, Xitoy, Mangoliya va Tailand vakillarini e’tirof etgan bo‘lardik. Alohida, shaxsiy sovrinni qo‘lga kiritish mumkin bo‘lganlarga esa, Buyuk Britaniya, Kolumbiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Marokash, Belorus, Yaponiya hamda Janubiy Koreyalik sportchilarda imkoniyat yuqoridek taassurot uyg‘otmoqda.
Albatta, bu o‘ziga xos taxmin va mulohaza xolos. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati ko‘rsatadi. Har ne bo‘lsa ham biz o‘zimizning o‘g‘lonlarga muxlislik qilamiz va ularning barchasini shohsupada ko‘rish istagidamiz. Garchi, bu oson bo‘lmasa ham uddalay olishlariga umid qilamiz. Bu yo‘lda bokschilarimiz hamda murabbiylarimizga omad yor bo‘lishi tilab qolamiz. Olg‘a yigitlar!!!
Ahmadbek EShMATOV
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin