date

“El-Klasiko”dan keyin Vinisius “Real”dan ketishni aytdi

“El-Klasiko”dan keyin Vinisius “Real”dan ketishni aytdi

Ispaniya chempionatining o‘ninchi turi doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “El-Klasiko” nafaqat maydondagi, balki ichki muhitdagi ziddiyatlar bilan ham yodda qoldi. “Santyago Bernabeu”dagi bahsda “Real” futbolchilari 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, “Barselona” ustidan muhim g‘alabani qayd etdi. Ammo bu muvaffaqiyat jamoa ichidagi keskin vaziyatni yumshatmagan ko‘rinadi.

Uchrashuv so‘nggi daqiqalarida “qaymoqranglilar”ning braziliyalik yulduzi Vinisius Junior atrofida mojaro kelib chiqdi. U 72-daqiqada zaxiraga olingan chog‘ida o‘z his-tuyg‘ularini yashira olmadi: bosh murabbiy Xabi Alonsoga qo‘l bermasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ichkariga yo‘naldi. Keyinchalik esa o‘yin oxirida “Barselona” futbolchisi Lamin Yamal bilan tortishuvga ham kirishdi.

Marca va DAZN nashrlari yozganidek, Vinisius zaxiraga olingan lahzada “Men jamoadan ketaman, ketganim yaxshi bo‘ladi”, degan so‘zlarni aytgan. Bu so‘zlar “Real” muxlislari orasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

AS gazetasining ma’lum qilishicha, Vinisius oxirgi paytlarda Xabi Alonso bilan munosabatlarda sovuqlik sezayotganini his qilmoqda. Braziliyalik futbolchi himoyada ko‘proq ishlayotgani va murabbiy ko‘rsatmalariga amal qilayotganini aytsa-da, u o‘z mehnatining yetarlicha qadrlanmayotganidan norozi. “Alonso menga ishonmayapti, meni asosiy o‘yinchi sifatida ko‘rmayapti”, — degan ekan Vinisius yaqinlariga.

Hozirda jamoa ichidagi vaziyat jiddiy muhokama qilinayotgani xabar qilinmoqda. Agar vaziyat o‘zgarmasa, 25 yoshli futbolchi yanvardayoq klubni tark etishi mumkinligi aytilmoqda. Bu “Real” uchun jiddiy yo‘qotish bo‘lishi aniq, chunki Vinisius oxirgi yillarda klubning asosiy figuralaridan biriga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Vinisius Junior 2018-yildan beri madridliklar sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2027-yilning 30-iyunigacha davom etadi.

Muxlislar esa hozirda ikki o‘yda: biri Vinisiusni qo‘llab, uning “qaymoqranglilar” safida qolishini istayapti, boshqalar esa jamoa ichidagi intizomni birinchi o‘ringa qo‘yish tarafdori.

Hozirgi vaziyat “Real” uchun yangi sinovga aylandi — chempionlik uchun kurashda nafaqat maydonda, balki jamoa ichida ham muvozanatni saqlash talab etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » “El-Klasiko”dan keyin Vinisius “Real”dan ketishni aytdi