
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoada boshlangan avlodlar almashinuvini davom ettirish niyatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon yil boshida yosh himoyachi Abduqodir Husanovning kelishi bilan yangi bosqichga ko‘tarilgan va hozirda klub tuzilishida yana bir necha muhim o‘zgarishlar kutilmoqda.
Yaqinlashib kelayotgan qishki transferlar oynasida “shaharliklar” tarkibida katta rotatsiyalar bo‘lishi kutilmoqda. Ishonchli manbalarning ta’kidlashicha, jamoani tark etadiganlar ro‘yxatining yuqori qismida tajribali yarim himoyachi Mateo Kovachich nomi bor.
Xosep Gvardiola futbolchiga yanvarda boshqa klub topishni tavsiya etgani aytilmoqda. Bu qaror ortida jamoani yoshlashtirish va tezlik hamda universallikni ustuvor yo‘nalishga aylantirish maqsadi yotishi mumkin.
Angliya matbuoti yozganidek, Kovachichga “Aston Villa” va “Vest Xem” jamoalari qiziqish bildirgan. Ular 31 yoshli futbolchining tajribasi va maydondagi barqarorligi orqali yarim himoyani kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Italiyaning katta klublaridan biri — “Milan” ham sobiq “Real” va “Chelsi” futbolchisini ro‘yxatiga kiritgani xabar qilindi. Qizig‘i shundaki, Kovachichni Italiyaga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirish vazifasi uning terma jamoadagi hamyurti va do‘sti Luka Modrich zimmasiga yuklatilgan.
Mateo Kovachich professional faoliyatini “Dinamo Zagreb” safida boshlagan. Keyinchalik u “Inter”, “Real” va “Chelsi” kabi katta klublarda to‘p surdi. 2023-yili esa “Manchester Siti”ga kelib qo‘shildi.
Ayni paytda u transfer bozorida taxminan 20 million yevro atrofida baholanmoqda. Futbolchining “shaharliklar” bilan tuzilgan amaldagi shartnomasi 2027-yilning 30-iyunigacha amal qiladi.
Gvardiolaning bu qarori “Siti”ning kelajakdagi yo‘nalishi aniq ekanini ko‘rsatmoqda: yosh, harakatchan va universal tarkib — klubning asosiy ustuvorligi bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!