Bugun, 2 noyabr kuni «O‘zbekkino» milliy agentligida Badiiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz nashri xabar berishicha, unda «O‘zbekkino» tomonidan davlat buyurtmasiga asosan suratga olingan badiiy filmlarning davlat va nodavlat telekanallaridagi namoyishi masalasi muhokama qilingan.
Yig‘ilishda jumladan, xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan filmlarning amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda davlat va nodavlat telekanallari orqali namoyish etish, agentlik va film mualliflari bilan kelishilmagan holda ayrim muhim epizodlarni kesib tashlanayotganligi keskin tanqid qilindi.
Xususan, «O‘zbekkino» milliy agentligi direktori o‘rinbosari, yig‘ilish olib boruvchisi Shuhrat Rizayevning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda shunga o‘xshash holatlar yuzasidan kinorejissyor va ijodkorlarning e’tirozlari ham ortib bormoqda.
«Davlat va nodavlat telekanallarimizda mualliflik huquqi tushunchasi shunchalik qadrsizki, ular kinoijodkorlar tomonidan oylar, yillar davomida ter to‘kib ishlangan filmlarni istaganicha, xohlagan joyidan qirqib efirga beraveradi.
Birorta filmni ko‘rmaymizki, u to‘liq efirga berilgan bo‘lsa. Yo‘q, albatta qayerigadir qaychi urishadi, qayerinidir olib tashlashadi yoki titrlarni kesishadi.
Mana shunday qisqartirishlar, kesishlar tufayli filmlarimizning g‘oyaviy va badiiy saviyasiga putur yetmoqda.
Shuningdek, davlat va nodavlat telekanallarida namoyish etilayotgan filmlarning (multfilmlar, hujjatli filmlar va rangli filmlar) ayrimlari muayyan shartnoma asosida berilgandir, ammo ko‘pchiligi sof qaroqchilik yo‘sinida foydalanilmoqda», deydi u.
Mavzu yuzasidan so‘z olgan kinorejissyor Zulfiqor Musoqov fikricha, «O‘zbekkino» tomonidan tasdiqlangan va davlatning mulki bo‘lgan filmlarning qo‘pol ravishda kesib tashlanishi – kulgili mantiqsizlikdir.
«Biror filmim yo‘qki, u kesilmagan bo‘lsa, hatto «Vatan»dan ham ko‘plab epizodlarni kesib tashlashdi.
Yaqinda ochilgan O‘zbekiston tarixi telekanalida «Berlin-Oqqo‘rg‘on» filmim namoyishini ko‘rib rosti, yig‘ladim. Bilasizmi, filmning bor mazmunini ochib beradigan kadrlar yo‘q.
Sevishganlarning birinchi bo‘sasi, qizil nemis bayrog‘i ko‘rsatilgan, odam chavaqlanib yotgan kadrlar olib tashlangan.
Kanalda ishlaydigan tanishimning aytishicha, bu tepadan tushgan buyruq ekan. Buyruqning sababini qarang, nemislarni o‘sha bayrog‘i bizni Xalqlar do‘stligidagi bayroqdan ko‘ra kattaroq ekan.
Nahotki, kino filmlarimizning taqdiri shunday saviyasiz, madaniyatsiz, ma’lumotsizlar qo‘liga qolgan bo‘lsa.
Xodjayev bilan ham gaplashdim (Alisher Xodjayev – MTRK raisi tah.). Uning aytishicha, qo‘lida 3 mingta odam ishlar ekan va ularning orasida ahmoqlari ham bormish. Lekin kechirasiz, efirga u javobgar-ku.
Men «O‘zbekkino» milliy agentligida rahbarlik qilgan hamma insonlarga bu masalani aytganman, lekin ular televideniye bilan aloqalar yomonlashishidan qo‘rqishadi.
Men 29 yil davomida televideniyedan bir tiyin so‘ramaganman, vaholanki, butun dunyoda har bir namoyish uchun muallif pul oladi. Agar mening kinolarimga 100 ming so‘mdan to‘lashganida ham men hozir Mercedes’da yurgan bo‘lardim.
Axir, televideniye reklamalardan milliardlab pul topayapti-ku.
Men yuksak kabinetlarga kirolmayman, sizlar shu gaplarimni davlat telekanallari rahbarlariga yetkazinglar», deya agentlik rahbari Firdavs Abduxoliqovga murojaat qildi taniqli kinorejissyor.
Yig‘ilishda Badiiy kengash a’zosi Murod Muhammad Do‘st ham so‘z oldi. Uning aytishicha, bu kabi gaplar ko‘p yillardan beri gapiriladi, ammo ijodkorning fikri hech kimni qiziqtirgan emas.
«Bilmayman, davlat telekanallari nimani va nimadan himoya qilmoqchi o‘zi?
Agar filmlarni qirqadiganlar juda uyatchan bo‘lishsa, qonunda belgilanganidek, yosh toifasiga doir belgi bilan chiqarishsin (+18 tah.), lekin filmlarimizda juda uyatli gaplar ham yo‘q-ku. Agar nazoratchilarning bu uyatchanligi bo‘lsa, qanday qilib «Shum bola»ni, «O‘tgan kunlar»ni odamlarga ko‘rsatamiz?
Men tushunmayman, bu «uyatchanlar» o‘zini xuddiki jamiyatni axloq darvozasi oldiga qo‘yilgan qorovuldek tutishadi.
Agar davlat telekanallari kino kesishni shunday davom ettirsa, «O‘zbekkino»ning badiiy kengashi nima kerak?
Ularga ijodkor mehnati, ijodi degan tushunchalarning esa tiyinchalik qadri yo‘q», deydi Murod Muhammad Do‘st.
Yig‘ilishda «O‘zbekkino» milliy agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov badiiy kengashda bildirilgan fikrlar inobatga olinishini, hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga agentlikning ogohlantirish xati yuborilishi, agar bu ogohlantirish xati ish bermasa, telekanallar bilan qonuniy asosda sud orqali munosabatlar oydinlashtirib olinishini bildirdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?