23:35 / 23.12.2019
3 034

Futbolimizni o‘smayotganligiga yana bir sabab yoxud klub rahbarlariga taklif

Futbolimizni o‘smayotganligiga yana bir sabab yoxud klub rahbarlariga taklif
Yaqinda bir tanish murabbiyimga, 2003 yilda tavallud topgan ikkita futbolchini tavsiya qildim. Javob shunday bo‘ldi:
- Biz sharoit qilib bera olmaymiz, bizda o‘rinbosarlar jamoasida faqat mahalliy o‘yinchilariga joy topiladi. Sababi ular uydan qatnashlari kerak bo‘ladi.

Bizda ham o‘rinbosarlar tarkibida faoliyat olib borayotgan murabbiylar nimalardir qilgilari keladi. Jamoani kuchaytirishni istaydilar, g‘alaba qozonib kar’era qilsam deydilar. Lekin... Ko‘p marotaba ishlatadigan so‘zimga aylanib qoldi bu lekin. Lekini shundaki, ular topib keladigan hech yo‘g‘i 5 nafar bolaga klub joy qilib bera olmaydi.

Keling avval bugungi kunda qaysi jamoa o‘rinbosarlar tarkibini kuchaytirish yo‘lida boshqa viloyatdan kelayotgan futbolchilarga joy qilib bera olishini sanab o‘tamiz. Bular, “Paxtakor“, “Bunyodkor“, “Lokomotiv“ va “Nasaf“, bo‘ldi! Endi joriy mavsum yakuniga yetgan U21 ligasining turnir jadvaliga ahamiyat beramiz. Dastlabki uchta o‘rin, yuqorida men sanab o‘tgan jamoalarga tegishli bo‘lib turibdi, “Lokomotiv“, “Paxtakor“ va “Bunyodkor“.

Ulardan keyin AGMK va “Metallurg“ jamoalari. Toshkent viloyatining bu ikki jamoasi boshqalarga qaraganda yuqori turishiga sabab, mahalliy futbolchilarini nisbatan kuchliligida (bu haqda quyiroqda). 6-o‘rinda “Nasaf“. Bu yil “Mash’al“ni yana kuchlilar qatoriga qaytganligini istasak, muborakliklardan ham shundan jonbozlikni kutishimiz mumkin bo‘ladi.

Endi asosiy mavzu. O‘rinbosarlar ligasiga qayerdan futbolchi yetishib chiqadi? Albatta bolalar ligasidan. Bir paytlar o‘rinbosarlar ligasida 16-17 yoshli futbolchilarni to‘p tepishi odat bo‘lgan. 2019 yilda “Paxtakor“ va “Bunyodkor“ 2001-2002 yillarda tug‘ilgan futbolchilarga katta e’tibor qaratdi. “Nasaf“ va “Lokomotiv“ ham bu ishni qisman amalga oshirdi. Qolgan klublar esa ancha “qari“ ko‘rinishda bo‘ldi.

Bolalar futboli ligasiga ega bo‘lmagan viloyat jamoalari hech qachon o‘rinbosarlar ligasida yaxshi qatnasha olmaydilar. Toshkentdan olay desa joy qilib bera olmaydi. Natijada o‘zining hududida bo‘lib turgan eng yaxshilarga nazar tashlaydi. Shu tariqa o‘rinbosarlar ligasi jamoasi shakllanadi. Tabiiyki, bunday jamoaga bosh jamoaning murabbiyi qaramaydi ham. Sababi u ham yaxshi biladi, yarmi to‘liq shakllanmagan iste’dodi, yarmi tanishi bilan kelgan futbolchilar orqali tuzilgan jamoani.

Shu paytgacha bironta viloyat klublarining rahbarlari o‘zlari faoliyat olib borayotgan hududiy assotsiatsiyalar bilan jiddiy shug‘ullanganlarini ko‘rmadim. Axir Siz joy qilib bera olmaydigan o‘yinchilarni o‘rnini bosish uchun, hech bo‘lmasa hududiy chempionatni yo‘lga qo‘yish kerak emasmi? Yo‘q, bugun borman, ertaga yo‘q bo‘lsam-chi? Juda ko‘pchilik shu qabilada faoliyat olib boradi. Bu yil tom ma’noda vodiy yili bo‘ldi deb aytsak bo‘ladi. Farg‘onalik murabbiy to‘g‘ri fikr bildirdi, 6-7 yil o‘tib vodiyda “Navbahor“ni eplab bo‘lmay qoladi. Chunki viloyat hokimi eng katta e’tiborni 2019 yildan bolalar futboliga qaratdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda faqatgina Toshkent shahrida professional chempionat mavjud. Bu yil 2002 va 2003 yilda tavallud topgan futbolchilar chempionatdagi so‘nggi mavsumlarini o‘tkazdilar. To‘g‘ri, ular uchun U-19 va U-17 ligalarini joriy qilayapmiz, bundan maqsad, bugun “Paxtakor“, “Bunyodkor“ va “Lokomotiv“ nazariga tushmagan futbolchilar, yana 1-2 yil faoliyat yuritib o‘z baxtlarini topishlari mumkin. Lekin agar viloyat jamoalari o‘z kelajaklarini o‘ylaydigan bo‘lsalar, 7 yoshdan 17 yoshgacha, Toshkent shahar chempionatida sal kam 10 yil faoliyat olib borgan futbolchilar bilan o‘z o‘rinbosarlar tarkibini kuchaytirib olsalar bo‘ladi.

Agar har bir klub ikki yilda bir marotaba 3-4 nafardan 17-18 yoshli futbolchini olib ketib tursa, 20-21 yoshda yaxshi tajribali o‘yinchiga ega bo‘lib boradilar. 2020 yildan O‘FA tomonida boshqa viloyatlarda ham ligalar yo‘lga qo‘yilishi ustida ish olib borilayapti. Lekin bu qo‘yilgan liga o‘z mevasini berguniga qadar 5-6 yil vaqt o‘tadi. Unga qadar klublarni tayyor futbolchilarga e’tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lar edim.

Keling, 1 nafar futbolchi klub uchun qancha tushishini hisoblab ko‘ramiz. 1 yilda 365 kun bo‘lsa, shundan futbolchi 300 kun klub ixtiyorida bo‘lsa, kechki taomga banan qo‘shib bergan taqdirda 30 mln so‘m xarajatni tashkil qiladi. 5 nafar futbolchi uchun bu 150 mln so‘m. Bitta o‘rtamiyona o‘yinchining ko‘tarma puli. Balki bu haqda klublar hali bosh qotirib ko‘rmagandir, lekin hali ham kech emas, balki qo‘llab ko‘rarsizlar?

Muallif: Nadirkhuja Yuldashev

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolimizni o‘smayotganligiga yana bir sabab yoxud klub rahbarlariga taklif