Arsenal Gabriel Jesus bilan xayrlashmoqchi: transfer narxi va asosiy to‘siqlar

Arsenal yozgi transfer oynasida hujum chizig‘ini yangilash maqsadida Gabriel Jesusni sotuvga qo‘yishga tayyor. 2022-yilda Manchester Siti klubidan kelgan braziliyalik futbolchi jarohatlar va o‘yin amaliyotining kamayishi sababli jamoa rejalaridan chiqib qoldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
CaughtOffside xabariga ko‘ra, London klubi 29 yoshli hujumchi uchun 30 million funt sterling atrofida mablag‘ talab qilmoqda. Biroq, futbolchining haftasiga 265 ming funt sterlingni tashkil etuvchi yuqori maoshi uning transferiga qiziqish bildirayotgan Yuventus va Milan klublari uchun asosiy to‘siq bo‘lib turibdi.
Joriy mavsumda Jesus barcha musobaqalarda atigi 26 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Viktor Gyokeres va Kai Havertz kabi futbolchilarning tarkibdagi o‘rni mustahkamlanishi ortidan Gabrielning jamoani tark etish ehtimoli ortib bormoqda.
Agar Italiya klublari bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, futbolchining o‘z vataniga, xususan, Palmeiras klubiga qaytishi ham istisno qilinmayapti. Arsenal esa o‘z navbatida tarkibni kuchaytirish uchun mablag‘ ajratishga va yangi hujumchilarni jalb etishga intilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!