Saudiya Pro ligasida mavsumning eng yaxshi futbolchisi nomzodlari eʼlon qilindi

Saudiya Arabistoni Pro ligasi 2025-26-yilgi mavsum yakunlari boʻyicha eng yaxshi futbolchi sovriniga daʼvogar besh nafar nomzod roʻyxatini rasman eʼlon qildi. Chempionlik poygasi qizgʻin pallaga kirgan bir vaqtda, Cristiano Ronaldo va Ivan Toney ushbu roʻyxatdan joy oldi. Ulardan tashqari, Joao Felix, Julian Quinones va Ruben Neves ham mavsumning eng yaxshisi boʻlish uchun kurash olib boradi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ayni damda turnir jadvalida Al Nassr 83 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, magʻlubiyat nimaligini bilmayotgan Al Hilal esa ulardan ikki ochko ortda qolmoqda. Soʻnggi turda Al Nassr Damac bilan toʻqnash kelsa, Al Hilal Al Fayha maydoniga safar qiladi. Cristiano Ronaldo joriy mavsumda 26 ta gol urib, Pro ligada 100 ta gol marrasini zabt etgan uchinchi futbolchiga aylandi va sovrin uchun asosiy favorit hisoblanmoqda.
Nomzodlar orasida Al Nassr safida ajoyib debyut mavsumini oʻtkazayotgan Joao Felix ham bor. Yarim himoyachi boʻlishiga qaramay, u 12 ta golli uzatma bilan assistentlar roʻyxatini boshqarmoqda. Al-Ahli hujumchisi Ivan Toney esa 31 ta oʻyinda 32 ta gol urib, oʻzining sermahsulligini namoyish etdi. Shuningdek, Al-Qadsiah vakili Julian Quinones 30 ta gol bilan klub tarixidagi eng yaxshi toʻpurarga aylandi.
Al Hilal yarim himoyachisi Ruben Neves esa oʻzining uzatmalari bilan jamoasi oʻyinini boshqarmoqda. U 2000 dan ortiq aniq pas uzatib, ligada bu borada yetakchilik qilmoqda. Liga rahbariyati sovrin uchun nomzodlar kamida 40 foiz oʻyinlarda maydonga tushgan boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Yakuniy natijalar va chempion nomi payshanba kuni boʻlib oʻtadigan hal qiluvchi bahslardan soʻng maʼlum boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!