Lionel Messi 2026-yilgi jahon chempionatiga qanday tayyorgarlik ko'rmoqda?

Lionel Messi o'zining afsonaviy faoliyati yakuniga yaqinlashayotgan bo'lsa-da, 2026-yilgi jahon chempionati oldidan bo'shashish niyatida emas. Inter Miami yulduzi Argentina terma jamoasi safida chempionlik unvonini himoya qilish uchun jismoniy holatini eng yuqori darajada ushlab turishga intilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uning terma jamoadagi safdoshi Rodrigo de Paul Messining mashg'ulotlar jarayoni haqida qiziqarli ma'lumotlarni oshkor qildi. Ma'lum bo'lishicha, sakkiz karra Oltin to'p sohibi klubdagi asosiy mashg'ulotlardan tashqari, qo'shimcha tarzda kuniga ikki marta shug'ullanmoqda.
Rodrigo de Paulning so'zlariga ko'ra, ular bir necha oy davomida maxsus dastur asosida ishlamoqda. "Biz klubdagi mashg'ulotlardan tashqari, jismoniy holatimizni ideal darajaga yetkazish uchun bor kuchimizni sarflayapmiz. Biz o'zimiz uchun ikki smenali mashg'ulot rejasini tuzdik va murabbiyimiz nazorati ostida qattiq mehnat qilyapmiz", — deydi yarim himoyachi.
Messi joriy mavsumda Inter Miami safida ajoyib o'yin ko'rsatmoqda. U MLS doirasidagi 12 ta uchrashuvda 11 ta gol urib, 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Yaqinda Sinsinnati darvozasiga kiritilgan dubl jamoasining Sharqiy konferensiya jadvalida uchinchi o'ringa ko'tarilishiga katta hissa qo'shdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!