2 488
Unga o‘xshagan murabbiy yana qayerda bor? Yoxud Berdiyevni oldinda qanday sinovlar kutyapti?
“Nasaf”ga befarq bo‘lmagan kishi borki, klubning bugungi holatidan tashvishga tushib qolishgan. Bu bejiz emas. Chunki “Nasaf” jamoasidagi vaziyatni barqaror deb bo‘lmaydi. Balki ushbu iborani ishlatganimizda biroz xissiyotlarga berilib ketgandirmiz. Biroq jamoada yuz berayotgan holat chindan jiddiyroqqa o‘xshaydi. Yaqinda saytimizda xabar berilganidek, futbolchilar bilan to‘liq hisob-kitob yakunlangani yo‘q, qarzdorlik saqlanib qolmoqda. Ikkinchi o‘rin uchun medallar esa hali egalariga topshirilmagan.
O‘zingiz bilasiz, “Nasaf” qanday mehnat bilan yakunda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilganini. Bu birinchi navbatda bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyevning ishga bo‘lgan sadoqati, bilimi hamda to‘g‘ri uslubni qo‘llashi kabi jasoratlari bilan bog‘liq. Yaqinda sports.uz saytiga bergan intervyusida o‘zi ham mavsum boshida “Nasaf”ning kumush medalni qo‘lga kiritishini kutmaganligini tan olgandi.
Shunga qaramay, tinimsiz mehnat evaziga u boshqalarning taxminlarini yo‘qqa chiqardi. Axir yakunda Berdiyev O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topildi va bu yo‘lda u chempion va Kubok sohibi Shota Arveladzeni ham ortda qoldirdi. Qizig‘i, “Nasaf” ustozi to‘rtinchi marta O‘zbekistonda tengsiz murabbiy deb topildi. Uning jamoada katta hajmdagi ishni bajarayotgani hech kimga sir emas. Murabbiy “Nasaf” bilan chempionlikdan boshqa barcha sovrinlarni qo‘lga kiritganini ham bilasiz.
Endi o‘zingiz o‘ylang, agar “Nasaf”da Berdiyev bo‘lmaganida klub qanday ahvolda qolardi? Boshqasi mana shunday natijalarga erisha olarmidi? Balki siz, axir “Nasaf”da tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, akademiya ishlab turibdi, yangidan-yangi iqtidorlar chiqyapti-ku, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, akademiyadan iste’dod egalari chiqyapti, ammo ularni asosiy jamoaga jalb qilish va ular bilan ishlash boshqa masala. Ro‘ziqul Sa’dullayevich aytganidek, bu katta mehnat va mashaqqat talab qiladigan jarayon. Chunki akademiyadan chiqqan bolalar birdaniga “Nasaf”ning asosiy tarkibiga munosib bo‘lib yetib kelmaydi. Avvalo ularni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalash, o‘rgatish va shakllantirib borish zarur. Bularning barchasi bosqichma-bosqich bajariladi va bunda Berdiyevning roli nihoyatda katta.
Yana bir gap: to‘g‘ri, klub akademiyasi ishlayapti, lekin yetarli darajadami? Ya’ni, bir yilda necha nafar iqtidorni yetishtirib beryapti? Ularning barchasi futbolchi bo‘lib yetishyaptimi? Eng asosiysi, Superligada “Nasaf” akademiyasidan chiqqan qancha tarbiyalanuvchi to‘p suryapti? Yoki faqat “Nasaf”da bor xolosmi? Bizningcha ham shunday. Agar shunchalik zo‘r bo‘lsa, unda Superliga jamoalarida akademiya tarbiyalanuvchilari to‘lib ketmaydimi? Tag‘in ham “Nasaf” akademiyasi Respublikada eng yaxshilaridan biri bo‘lib turibdi. Yoshlarning “Nasaf”da o‘ynab ketishi boya aytganimizdek, bosh murabbiy bilan bog‘liq. Ular Ro‘ziqul akani qo‘liga tushgach, ko‘plab kashfiyotlar paydo bo‘lyapti.
Lekin yuqorida ta’kidlaganimizdek, baribir klub akademiyasidan chiqayotgan iqtidorlar kam. Bu birgina “Nasaf” bilan cheklanib qolmasligi kerak. Muhimi, bosh murabbiyning o‘zi ham shunday fikrda. Endi o‘zingiz o‘ylang, Berdiyev o‘rnida boshqa murabbiy bo‘lganida akademiya tarbiyalanuvchilaridan mana shunday jamoani yarata olarmidi? Ulardan zo‘r o‘yinchi yetishtirib berarmidi? Bu albatta jumboqli savol. O‘ylaymizki, Berdiyevning nafaqat “Nasaf” yoki Qashqadaryo, balki o‘zbek futbolida o‘rni katta ekanligini yaxshi his qilib turibsiz. Aynan uning tarbiyasi, ko‘rsatmasi va mehnati bilan ko‘plab yoshlar terma jamoalarimiz darajasigacha yetib kelishyapti.
Ro‘ziqul Berdiyev qimmat o‘yinchilarsiz, mahalliy kadrlardan ajoyib jamoa tuzib, natija ko‘rsatib muxlislar mehrini qozonib kelyaptiyu, biroq klub tomonidan bu borada munosib e’tibor qaratilmayotgani yuqoridagi fikrlarimizga mos tushayotgandek. Har yili Berdiyev mavsum tugagach, xavotirli vaziyatga tushib qolyapti. Negaki, o‘zi tarbiyalab, sayqal berayotgan o‘yinchilarining endi mevasini ko‘raman deganda boshqa klublar ilib ketib qolishyapti. Bu yo‘lda Ro‘ziqul Sa’dullayevich endi shogirdlarining rohatini ko‘raman deganda quruq qo‘l bilan qolyapti. Bu borada klubdan ham ijobiy harakat bo‘lishi zarurmi? Mana shunday vaziyatda uni qo‘llab-quvvatlash kerakmi-yo‘qmi? Demak, “Nasaf” rahbariyati ham bosh murabbiyga dalda bo‘lishi, uni qiynayotgan muammolarni bartaraf qilib berishi lozim-ku. Ammo bu masalada ham rahbariyatda oqsoqlik bordek.
Mana, barcha bildi, klub litsenziyalash masalasi bo‘yicha sustkashlik qildi, tegishli hujjatlarni vaqtida taqdim eta olmadi. “Nasaf” jamoasi esa Berdiyev boshchiligidagi g‘alabali o‘yinlar ko‘rsatib kumush medalga ega chiqdi. Rahbariyat esa keyinchalik bo‘lsa ham tashkiliy ishlarga berilib litsenziyalashni yana qayta tayyorlashga kirishdi. Ammo qarshiliklar bu yil xalqaro maydonda ishtirok etadimi-yo‘qmi, bunisi hali aniq emas. Biroq Ro‘ziqul Sa’dullayevich va uning jamoasi o‘z vazifasini keragidan ortiq darajada uddalab qo‘ydi. Bu yog‘i rahbariyatga qolgan. Qarang, mana shunday murabbiy yana qayerda bor? Uning qo‘lida har yili yangidan-yangi kashfiyotlar chiqayotgan bo‘lsa, nahot... Agar Berdiyev ham oxiri toqati toq bo‘lib, hammasiga qo‘l siltab ketib qoladigan bo‘lsa, nima bo‘ladi? Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bilan ishlashni istayotgan klublar talaygina.
Hattoki, u “Paxtakor”ni boshqarishi mumkin bo‘lgan murabbiylar orasida nomzod ekanligi haqida ham aytilmoqda. Lekin Berdiyevning o‘zi Arveladzening ketib qolishiga ishonmagandi. Agar “Paxtakor”da chindan ham “Nasaf” ustozining varianti bo‘lsa bundan ajablanmaymiz. Hozirda “Nasaf”ning bir qancha futbolchilariga takliflar bor, ayrimlar ketyapti ham. Ko‘rinib turibdiki, murabbiy endi tayyor holatga keltirgan jamoasini yana boshidan shakllantirishiga to‘g‘ri keladi. Aslida u har yili shunday vaziyat bilan to‘qnashib kelyapti. Bu esa uning uchun alamli. Oldinda murabbiyni yana qanday sinovlar kutyapti? Agar klub mutasaddilari murabbiy uchun vaziyatni to‘g‘ri yo‘lga solmas ekan, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi