08:12 / 07.02.2021
1 348

Vadim Abramov: Tez orada yangilik eshitasizlar!

Vadim Abramov: Tez orada yangilik eshitasizlar!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Bunyodkor” ustozi Vadim Abramov Rossiyaning www.vseprosport.ru saytiga bergan intervyusida o‘tgan yozda Moskvaning “Lokomotiv” jamoasiga transfer qilingan va keyinchalik ortga qaytgan Jasur Jaloliddinov faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumki, Jasur Jaloliddinovning transferi uchun “Lokomotiv” bir million yevroga yaqin mablag‘ sarflagan edi. Biroq, moskvaliklar o‘zbek futbolchisiga o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bermadi. Keyinchalik, legionerlar limitiga sig‘magan hamyurtimiz “Tambov” klubiga ijaraga berildi. Tambovliklar ham yosh yarim himoyachini premer-liga bahslarida umuman maydonga tushirmadi.

Rossiya premer-ligasida yarim mavsum davomida debyutini kutib zerikkan Jasur Jaloliddinov avvaliga “Tambov” bilan chempionat oxiriga qadar mo‘ljallangan ijara shartnomasini bekor qildi, keyin “Lokomotiv”ning besh yillik bitimidan voz kechib, erkin agentga aylandi.

Vadim Abramov Jasurning “Lokomotiv” tarkibiga kira olmaganini quyidagicha izohladi.
- Jaloliddinovning “Lokomotiv”dagi faoliyati asosan murabbiyga bog‘liq edi. Balki u Jasurda jamoaga yordam berishi mumkin bo‘lgan xususiyatlarni ko‘ra olmagandir. Bu transferda sport prinsiplaridan tashqari biror boshqa maqsad bo‘lganini aytish qiyin. Salohiyati bor bolaga uzoq muddatli shartnoma berildi. Jasur o‘z tenqurlari o‘rtasida dunyoning 60 nafar eng iqtidorli futbolchisi ro‘yxatiga bejizga kiritilmagan-ku.

So‘zsiz, Jaloliddinov “Lokomotiv” darajasiga to‘g‘ri kelardi. Bu darajadagi klubga o‘tgandan keyin yulduzlik kasali har qanday futbolchining boshini aylantirib qo‘yishi mumkin. Lekin Jasur – kamtar yigit. U hech narsani suiiste’mol qilmaydi. Menimcha, unga o‘zini ko‘rsatishi uchun imkon berishmadi. Mana, Azar “Chelsi”dan “Real”ga o‘tdi, buni ham g‘alati transfer, deyish mumkin.

“Lokomotiv” rahbariyati adashganmi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi. Men Jasur Moskva klubida o‘ynab ketishi va foyda keltirishi mumkin edi, deb o‘ylayman. Hozir klubda rahbariyat o‘zgargan va hammasi jamoa oldiga qanday maqsadlar qo‘yilganiga bog‘liq. Lekin Raykovichning transferi bizning futbolchinikiga qaraganda yanada g‘alatiroq bo‘ldi
, - dedi Abramov.

Shuningdek, Vadim Abramov Jasurning hozirgi ishlari haqida ham ma’lumot berdi.
- Biz Jasurni mamnuniyat bilan “Bunyodkor”ga qaytarib olgan bo‘lardik. U hozir biz bilan birga shug‘ullanmoqda. Psixologik tomondan hammasi joyida. Yaqinda Jasur nazorat uchrashuvida jarima nuqtasidan ajoyib gol urdi. Hozirgi yoshida nimadan ham xavotir olsin? Jasur klubimizni kuchaytirgan bo‘lardi, bunga shubha yo‘q.

Lekin O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida menga Jaloliddinov Yevropada o‘ynagani ma’qul. U yerda Jasur katta o‘sishga erishadi va terma jamoamizning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Kelajakda u terma jamoa yetakchisiga aylanishiga umid qilyapmiz. Bizda unga o‘xshagan besh nafar futbolchi bor. Yaqinda bu avlod o‘z so‘zini aytadi va o‘zini ko‘rsatadi. Ular futbolimiz kelajagidir.

Ayni paytda Jaloliddinovga jiddiy darajada qiziqishlar bo‘lmoqda. Tez orada yangiliklarni eshitasizlar
, - dedi Vadim Abramov.

O‘zbekiston chempionatlari tarixida yuqori ligada maydonga tushgan eng yosh futbolchi hisoblanadi. Jasur 2018 yilning 2 avgust kuni”Bunyodkor”ning “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi o‘yinida debyut uchrashuvini o‘tkazganida, 16 yoshu 80 kunlik edi.

Jaloliddinov Superligamizdagi birinchi golini 2019 yilning 6 aprel kuni “Navbahor” darvozasiga kiritgan. Umuman olganda, “Bunyodkor” jamoasi safida 29 ta bellashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini uch marta aniq nishonga olgan.

Jasur o‘tgan yili O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi ilk uchrashuvini o‘tkazdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: Tez orada yangilik eshitasizlar!