Ma’lumki, “Metallurg” klubida bosh murabbiy o‘zgardi. Andrey Shipilov birinchi turdan keyin iste’foga chiqdi va o‘rnida Jasur Abduraimov ish boshladi. Andrey Sergeyevichning “Metallurg”dan ketishi kutilmaganda yuz berdi deyish mumkin. Sports.uz muxbiri Shipilovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Andrey Sergeyevich, klub rahbariyati ketishingizga “Surxon”dagi mag‘lubiyatning ta’siri yo‘qligini, balki oilaviy sharoit tufayli xayrlashganingizni aytishdi. Buni tasdiqlay olasizmi?
- Mening iste’fom birinchi turdagi mag‘lubiyat yoki oilaviy sharoit tufayli amalga oshgani yo‘q. Bunday holatlar umuman ishdan ketishimga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.
Qanaqasiga biror-bir xafagarchilik yoki kimdandir o‘pkalash bo‘lsin?! Axir men klubda salkam uch yil ishladim. Asosiysi, jamoadagilar mening ishimni ko‘rdilar va baholadilar. Bizning futbol xo‘jaligimizni tushunmaydigan insonlargina mana shunday qabildagi gap-so‘zlarni tarqatishlari mumkin xolos.
- 2017 yilning dekabr oyidan “Metallurg”ni boshqarib keldingiz. Birdaniga klubsiz qolganingizni xazm qilish sizga qiyin kechmayaptimi?
- Bizning futbol “oshxonamiz” o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Kimdir yengil-yelpi ishlari va erishgan bir qancha yutuqlari bilan boshqalarning ko‘zlarini shamg‘alab qilishmoqchi bo‘lishadi. Har kimning o‘z yo‘li bor. To‘g‘ri, biz klubda uch yil ishladik. Bu albatta unchalik uzoq bo‘lmagan qisqa davrdir. Jamoa emas, balki klub zo‘r bo‘lishi uchun men bu davrni yetarli, deb hisoblay olmayman. Futbol “oshxonasi” juda keng. Bu nafaqat jamoadan, balki infratuzilma, futbol akademiyasi, yana boshqa bir qancha jihatlardan iboratdir.
Jumladan, maydonlar, o‘rinbosarlar jamoasini misol sifatida keltirish mumkin. Futbol xo‘jaligini yuritish uchun turli soha odamlarini jalb etish kerak bo‘ladi. Masalan, ruhshunoslarni. Shuningdek, bir qancha toifalardagi shifokorlar tiklanish jarayonini o‘tashda jamoaga katta yordam berishlari mumkin. Bir-ikki yoki uch yil ichida ularning hammasini yo‘lga qo‘yish amrimahol. Bekobod shahri ham unchalik katta emas. Aholisi 150 ming kishini tashkil etuvchi bu mo‘’jazgina shaharda keng ko‘lamdagi ishlarni olib borish o‘ziga yarasha mashaqqatni talab etmasdan qolmaydi. Albatta, “Metallurg”ning bosh homiysi kombinat hisoblanadi. Aytishim kerakki, ish jarayonida ijobiy holatlar ham yetarlicha uchragan. Buni yashirishdan ma’ni yo‘q.
- “Metallurg”da qolishingizga nima to‘sqinlik qildi?
- Xafsalamni pir qildimi? Bu bugungi yoki kechagi savol emas. Shunchaki, futbolga bu o‘yinning mohiyatini teran tushunmaydigan odamlar ham kirib kelarkan. Har bir kishi o‘z ishi bilan shug‘ullangani ma’qul. Bu hammaga birdek taalluqli. Xususan, rahbariyatga ham. Rahbariyat o‘z ishini yaxshi bajarmog‘i kerak. Klub tepasiga kelib olib, safsata sotib yurish bu faqat o‘zini aldash bilan barobar. Bu endi kechagi kun va uni eslash qiziqarli emas. Meni aynan shu jihat ko‘proq xafsalamni pir qilgan. Ba’zida shunday ishlar ham uchrarkanki, ular futbol to‘pini gandbol to‘pidan ajrata olishmaydi.
- Bekoboddagi murabbiylik faoliyatingiz davomida ishingizga aralashuvlar bo‘lmaganmi?
- Qishda odatiy rejaga ko‘ra tayyorgarlik ishlarini olib bordik. Biz Turkiya safariga chiqdik. Qaytganimdan keyin esa shunday qilish kerak edi, bunday qilish kerak edi, degan gapni aytuvchi odamlar ko‘payib ketdi. Boshqa nima qilish kerak edi, qayerga borish kerak edi?
- Keyingi rejalar qanday, takliflar kutyapsizmi?
- Keyingi rejalarmi, hozir shunchaki o‘tirib futbol tomosha qilyapman. Uyda oilaviy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lyapman. Kichik o‘g‘lim bilan shug‘ullanyapman. Futboldan tashqari o‘zim qiziqqan holda bajaradigan ishim ham yo‘q emas. Men Toshkentdek ajoyib, maftunkor shaharda yashayman. Bu yerda ko‘ngildagidek dam olishing uchun boradigan manzil-maskanlar juda ko‘p. Ayni chog‘da hayotdan huzur olgan holda yashayapman. Faqat futboldan emas.
- Sizga shu vaqtga qadar xorijdan ham takliflar bo‘ldimi? Umuman, chetda ishlashga tayyorman deya olasizmi?
- Hozir menga kelib tushgan takliflar haqida gapirish qiziqarli emas. Ha, takliflar bo‘lgan. Ammo bularni jiddiy ko‘rinishdagi takliflar deyishim amrimahol. Ya’ni, menga bosh murabbiy emas, balki uning yordamchisi sifatida ishlashni taklif qilganlar ko‘p bo‘lgan. Men buni yashirib o‘tirmayman. Hozircha menda murabbiylik faoliyatimni davom ettirish uchun aniq bir muayyan taklif yo‘q. Bundan qayg‘uga tushmayman ham. Bunga e’tibor qaratishni istamayman.
- Jasur Abduraimov bilan “Metallurg” bu yil nimaga erishishi mumkin deb o‘ylaysiz?
- Klubga qanday tilak bildirgan bo‘lardim? Bundan keyin ham gullab-yashnashini istayman. Endi jamoada qolganlar buni rivojlantirish va gullab-yashnashi uchun astoydil ishlasinlar, biz buni bir chetda turib tomosha qilaylik. Og‘irlik kelgan gaplarni aytib soatlab laqqillash mumkin. Eng asosiysi, shu gaplarning hech bo‘lmasa yarmi amalda ham o‘z ifodasini topsin. Bu “Metallurg” uchun eng birinchi navbatdagi masaladir. Klub natija ko‘rsatsin. Har qanday holatda ham jamoadagilarga faqat eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot