17:04 / 21.06.2021
2 436

Ro‘ziqul Berdiyev: "Terma jamoa haqida o‘ylayotganim yo‘q"


“Nasaf” klubi Superliganing 10-turida o‘z maydonida “Andijon”ni qabul qildi va maydonda 10 futbolchi qolishiga qaramay, raqibini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yindan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Bugungi g‘alabadan keyin kayfiyatimiz yaxshi. Tojikistonda o‘tgan OFK Kubogi guruh bosqichidagi muvaffaqiyatli o‘yinlar bilan ham muxlislarimizni tabriklaymiz. Bugungi uchrashuvdagi g‘alaba bizga juda zarur edi. Bilardikki, “Andijon” jamoasi pastki o‘rinlardan birida bo‘lgani uchun bugun faqat natija uchun o‘ynardi. Bugun ular 5-4-1 sxemasida o‘ynadi. Qarshi hujumlarga tayanib himoyalanishdi.

Shuning uchun hujumlarni yaratishda qiynaldik. Shunga qaramay, gol urdik. Ammo qizil kartochka vazifamizni og‘irlashtirdi. Baribir ikkinchi golni urib o‘yin taqdirini hal qildik.

- Qizil kartochka ko‘rsatilgan vaziyatda kimni aybdor deb o‘ylaysiz?
- Adashmasam, o‘shanda biz hujumda edik. Ammo to‘pni yo‘qotganimizdan keyin raqib yaxshi qarshi hujumni boshladi. Himoyachilarimiz ham ofsaydni yuzaga keltirishda oz-moz xatoga yo‘l qo‘yishdi. Natijada “Andijon” o‘yinchisi birga-bir vaziyatga chiqdi. Darvozabonimiz Umid Ergashev oxirgi chora sifatida to‘pni qaytarishda qo‘li bilan o‘ynadi. Hakam to‘g‘ri qildi.

- “Nasaf” uchta frontda o‘ynayapti. Transfer oynasida ko‘zlangan maqsad qanday?
- Ikki-uchta pozitsiyalarimizni kuchaytirishni juda ham xohlayapmiz. Izlanishdamiz, yuqori darajadagi o‘yinchilar kerak bo‘ladi. Ko‘p futbolchilarni ko‘rib chiqyapmiz, albatta o‘zgarishlarni qilamiz. Bu tarkib bilan uchta frontda harakat qilish juda og‘ir. Imkon qadar jamoamizga yangi qon quyishga harakat qilamiz.

- Yangi legionerlar keladimi?
- Kuchliroq legionerlarni ko‘rib chiqyapmiz. Ikkita teng kuchli tarkibga ega bo‘lsak yaxshiroq bo‘lardi.

- “Mash’al”dan kelgan legioner ko‘rikdan o‘tyapti. U haqida nima deysiz?
- Bizga ma’qul keldi, qaysidir tomondan yaxshi jihatlari bor. To‘p bilan yaxshi harakat qilarkan. Biroq kamchiliklari ham bor. Uni “Mash’al” bilan ikki yillik shartnomasi bor ekan. Rahbariyatga aytamiz, agar ular bilan kelishishsa, ko‘rib chiqamiz.

- Hozir O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga nomzodlar ko‘rib chiqilyapti. Agar sizni taklif qilishsa, “Nasaf”dan ketasizmi?
- Bu savolni bugungi o‘yinda dahli yo‘q. Hozirda “Nasaf” bilanman va terma jamoaga borish haqida o‘ylayotganim yo‘q. “Nasaf” bilan oldimizda turgan vazifalar bor, ko‘proq shular haqida o‘ylashimiz kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Terma jamoa haqida o‘ylayotganim yo‘q"