11:00 / 01.10.2021
2 885

"100 foiz hammasi yolg‘on" - Anzur Ismoilov Katanetsning taktikasi nega yoqmasligi, 6 oy davomida maosh olmagani haqida...

"100 foiz hammasi yolg‘on" - Anzur Ismoilov Katanetsning taktikasi nega yoqmasligi, 6 oy davomida maosh olmagani haqida...
Ko‘p yillar davomida milliy terma jamoamizda munosib o‘yin ko‘rsatgan va hozirda “Paxtakor” sardori sifatida faoliyatini davom ettirayotgan Anzur Ismoilov hamon ishonchli o‘yini orqali muxlis va mutaxassislarning e’tiborida. Sports.uz muxbiri tajribali futbolchi bilan uchrashdi. Suhbat davomida Anzur ko‘plab savollarga ochiq oydin javob berdi.

- Hozir “Paxtakor” futbolchisi sifatida to‘p suryapsiz. Bizni bir narsa qiziqtiryapti: faoliyatingizni shu klubda tugatasizmi yoki mavsum tugagach, boshqa rejangiz bormi?
- Niyatim albatta “Paxtakor”da tugatish. Chukni bu – “Paxtakor”. Bu yerda zo‘r jamoa bor, sharoitlar ham yaxshi. Hamma futbol haqida o‘ylaydi. Faqat “Paxtakor” deb o‘ylayman.

- U holda sizni maydonda yana qancha vaqt ko‘rishimiz mumkin. Bu haqda ham o‘ylayapsizmi?
- Bilmadim. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Balki jarohat yuz berishi mumkin. Oldindan nimadir deb bo‘lmaydi. Ammo kuchim boricha yordam berishga harakat qilaman. Qachonki, kuchim yo‘qligini sezsam, shunda qo‘limni ko‘taraman.

- Boshqa jamoalarga hurmatni saqlagan holda aytamizki, “Paxtakor” bu yil ham hammadan yaqqol kuchli. Bu nimadan darak? Vaziyatga xolis baho bersak, chempionatimiz saviyasi pastmi? Chunki “Paxtakor”ga hech kim raqobat tug‘dira olmayapti.
- Ha, “Paxtakor” kuchli. Chunki klub ishlaydi. Murabbiylar shtabi hamisha izlanishda, mashg‘ulotlarda ham ter to‘kamiz. Qibraydagi bazamiz ham yaxshi. Xullas, bizda barcha sharoitlar bor. Shuning uchun o‘sish ham bo‘ladi-da. Men ham shu klub a’zosi sifatida hammasini ko‘raman, shug‘ullanaman. Biz har kuni ishlaymiz. Bir joyda turib qolmaymiz. Doim mehnatdamiz. Piter Xyuistra juda talabchan. Klubda hamma bir-birini hurmat qiladi va murabbiylarning ko‘rsatmalariga quloq tutadi.

- Chempionatimiz saviyasi-chi?
- Saviya? O‘syapti. Jamoalarga qarang, zo‘r o‘ynashyapti. Hamma har xil futbol ko‘rsatyapti.

- Raqiblar “Paxtakor”dan hayiqyapti, deb o‘ylaysizmi?
- Baribir jamoamizga nisbatan hurmat bor-da. Qayerda bo‘lsa ham “Paxtakor” kelyapti deb ikki karra ko‘proq tayyorlanadi. Bizga qarshi hamma o‘zini ko‘rsatgisi keladi.

- Milliy terma jamoada ko‘p o‘yinlarni o‘tkazdingiz, yaxshi taassurot qoldirdingiz. Termadan ketganingiz haqida ertaroq qaror chiqarmadingizmikin?! Bu haqda o‘ylaysizmi?
- Tugatgin deb gapirganlar bo‘ldi, yoshim ham katta. O‘sib kelayotgan yoshlarga yo‘l berish kerak, ular ham o‘zlarini ko‘rsatishi darkor. Chunki men keyingi jahon chempionatiga bormasam, nima qilaman? Yoshlarga imkoniyat berish va ularni o‘ynatish kerak.

- Termadan ketish haqida qaroringiz o‘zingiznikimi yoki kimdir maslahat berganmi?
- Ko‘pchilik qolishimni aytgan. Ammo o‘zim sezganman, ketishim kerakligini. Yutsangiz ham, yutqazsangiz ham gapiradiganlar bor.

- Oradan vaqt o‘tgach, yoningizga kelib fikringizni o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar ham topildimi?
- Ha, bo‘ldi, ko‘p odam aytdi. Do‘stlarim ham, klubdagi jamoadoshlarim ham qaytishimni aytishdi. Jamoaga sizga o‘xshagan o‘yinchi kerak deb ta’kidlashyapti. Ammo fikrimni o‘zgartirmadim. Yoshlar o‘ynasin. Bizda iqtidorli yigitlar ko‘p.

- Lekin terma jamoada sizga o‘xshagan himoyachini ko‘rmayapmiz. Bu o‘zingizga ham sezilyaptimi?
- O‘rganish kerak-da, hammasi darhol kelib qolmaydi. Ishlash kerak, ko‘p o‘yinlar o‘tkazish lozim. Bunday maktabni bosib o‘tish kerak.

- Ikkinchi Anzur Ismoilov sifatida kimni ko‘ryapsiz?
- Yaxshi o‘yinchilarimiz ko‘p, faqat ishlash kerak. Xusniddin Aliqulov bor, yaxshi bola. U ham yana ishlashi kerak, vaqti keladi. Unda o‘zimni ko‘ryapman.

- Yangi bosh murabbiy Srechko Katanes bizga nima bera oladi?
- Bilmadim, tartib-intizomni o‘rnatadi. Shvetsiyaga borib kelishdi, yaxshi ekan deb gapirishyapti. U murabbiy beshta himoyachi bilan o‘ynaydi. Lekin men milliy terma jamoamizni beshta himoyachi bilan o‘ynashini tasavvur qila olmayapman.

- Sabab?
- Uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynash – bu masalan menga yoqmaydi. Uchta futbolchi orqada nima qiladi? Tushunmayman. Ikkita o‘yinchi yetadi. Bunday taktikaga mening munosabatim boshqacha.

- Katanes aynan shunday uslubda o‘ynatadi deb ishonyapsizmi?
- O‘zi uni taktikasi shunaqa – beshta himoyachi bilan o‘ynaydi. Men uni yaxshi bilaman va taniyman. Oldin Iroqqa qarshi bir necha bor o‘ynaganmiz. Ammo taktika almashadi deb aytishdi.

- Ektor Kuper ishlaganda ko‘pchilik uni himoyaviy uslubni yoqtiradi, deya tanqid qildi. Aslida esa u bizning asosiy muammoimizni ko‘ra bilgandi va ishni shundan boshlagandi. Bu borada fikringiz?
- Hamma murabbiy futbolga qarashidan kelib chiqib gapiradi. Hamma har xil o‘ynaydi. Shundan ekan, Kuper o‘z fikrini aytdi.

- Demoqchimanki, u to‘g‘ri aytganmi? Yoki siz uning fikriga qo‘shilmaysizmi?
- Har xil taktikalar bor. Himoyada o‘ynab 1:0 hisobida yutib ketsangiz bo‘ldi va mana shunday uslubni yoqtiradigan murabbiylar bor. U shundaylardan biri. Uning uchun avvalo gol o‘tkazilmasa bo‘ldi. U shunga rozi.

- Uning uslubi sizga yoqmaganmi?
- Yaxshi murabbiy. Baribir u xorijlik, axir u Ektor Kuper (kuladi).

- Keyin Vadim Abramov keldi...To‘g‘risi, xolis fikringizni bilmoqchiman. Bunday sharmandagarchilikni qanday qabul qildingiz?
- Yigitlarga achinasiz. Shuncha mehnat qilishdi, issiqda o‘ynashdi. Bosim ham katta edi. Men buni bilaman, mendan ham o‘tgan. Juda achinarli. Futbolchilar g‘alabani juda xohlagan. O‘shanda ularning kuni bo‘lmagan. Shunday paytlar bo‘ladi-ku, ertalab uyg‘onasiz, hamma narsa o‘xshayapti. Masalan, keyingi kun o‘xshamasligi mumkin.

- Nima deb o‘ylaysiz, Vadim Karlenovichni bosh murabbiylikka tayinlash xatomidi?
- Men buni ayta olmayman. Bunday masala bo‘yicha gapirgim kelmayapti. Hamma murabbiyni futbolga o‘z qarashi va taktikasi bor-da.

- Yana bir savol bor, ammo menda bunga javob yo‘q. Balki sizda bordir. Ya’ni, Kuper boshchiligida terma jamoamiz Falastinga yutqazganidan keyin turli gap-so‘zlar chiqdi. Murabbiyni ketkizish uchun ataylab yutqazilgan, degan mish-mishlar muxlislar orasida tarqaldi. Siz o‘sha uchrashuvda ishtirok etgansiz. Rostini ayting, nima bo‘lgan?
- Yo‘q, bunday narsa bo‘lmagan, umuman. O‘zim o‘sha o‘yinda o‘ynaganman. Kun issiq edi, sun’iy maydonda to‘p surganmiz. Baribir bunday maydonda o‘ynashga ham o‘rganish kerak. Bu sun’iy maydonning eng zo‘ri bo‘lsa ham baribir u yerda o‘ynash qiyin. Krasovkada o‘ynasangiz ham bo‘ladi. Baribir biz bunga o‘rganmaganmiz. Xullas, bunday o‘yin bo‘lmagan. 100 foiz hammasi yolg‘on. Murabbiyni ataylab ketkizishdi, degan gap noto‘g‘ri. Faqat o‘shanda bizning kunimiz bo‘lmagan. Agar biz gol urganimizda yana 3-4 ta urishimiz ham mumkin edi.

- Faoliyatingizda juda ko‘p o‘yinlarda o‘ynagansiz. Eslaganingizda haligacha mazza qiladigani qaysi?
- Ko‘p o‘yinlar bo‘lgan. Menga Avstraliyada Saudiya Arabistoniga qarshi o‘ynagan o‘yinimiz yoqadi. Qatarni 1:0 hisobida yutgan uchrashuvimiz ham manzur bo‘lgan. Xullas, shunga o‘xshash o‘yinlarimiz ko‘p. “Paxtakor” safida “Bunyodkor”ga qarshi “loy janggi” bo‘lgan, esdan chiqmaydi.

- Endi yuqoridagi savolni aksi: siz uchun alamli o‘yin qaysi?
- Jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz! Raqibni 1:0 hisobida yutsak bo‘ldi edi, kim urishining farqi yo‘q, raqib darvozasiga gol ursak bo‘lgani edi. Bizda hali bunday imkoniyat bo‘lmagan.

- Bungacha jahon chempionatiga juda yaqin kelganmiz-u, ammo nimadir yetmay qolavergan. Nima uchun?
- To‘g‘risi, bilmayman-da. Holbuki, yaxshi tayyorlanamiz, hamma narsa qilamiz. Baribir shunaqa omadsiz kunlar bo‘ladi. Baribir Janubiy Koreyaga o‘xshaganlar kuchli-da. Biz bunaqa emasmiz. Bizdan hamma kutadi, agar durang o‘ynasak O‘zbekiston yutgandek his qilishadi. Koreya chempionati ham kuchli. Ularni birinchi ligasi ham zo‘r.

- Gapingizdan ma’lumki, Superligamizning saviyasi...
- Ha, baribir pastroq. Bizda ham yaxshi klublar bor. Agar chempionatimizga bir-ikkita yaxshi saviyadagi legionerlarni olib kelishsa yaxshi bo‘lardi.

- Terma jamoamizning muvaffaqiyatsizligidan keyin futbolimizning qaysi tizimida muammo borligi ko‘rindi?
- Bu hozirgi kelgan murabbiyning ishi. U hammani ko‘ryapti. Men ham ayrim yoshlarni ko‘rib qolyapman. Iqtidorli ekanligi bilinib turibdi. O‘zim uchun belgilab qo‘yyapman. Murabbiy hammasini ko‘rib chaqirsa kerak.

- Hozir futbolimiz orqaga ketganmi?
- Oldinga qadam bo‘lishini kutyapmiz, to‘g‘risi. Zo‘r yoshlar chiqyapti. 22-23 yoshlilar ichida ham iqtidorlilari ko‘p.

- Gaplaringizdan sizda murabbiylikka salohiyatingiz yaxshiroqdek ko‘rinyapti. Futbolni tugatgach, murabbiy bo‘lmoqchimisiz?
- Ochig‘i, bilmadim. Ammo bosh murabbiy bo‘lmasam kerak. Buning uchun o‘qish kerak, oson emas.

- Faoliyatingizni tugatgach, nimaga qiziqyapsiz?
- Yoshlar yoqadi, futbol maktabidagilar. Futbolda qolishga harakat qilamiz. Axir bolaligimdan futbolni yaxshi ko‘rganman va bundan keta olmayman. Keyinchalik yoshlarga yaxshi futbol maktabi ochish niyatim bor.

- Faoliyatingiz davomida siz uchun katta iz qoldirgan murabbiy kim?
- Ko‘pi bilan ishlaganman. Kimnidir alohida aytsam, boshqalar xafa bo‘lib qolishadi (kuladi). Yaxshi murabbiylar ko‘p, barchasini o‘ziga yarasha dunyoqarashi bor. Kim bilan ishlamang, ulardan yaxshisini olib qolishga harakat qilasiz. Hamma murabbiyni o‘z kuchi bor.

- Himoyachi sifatida ko‘plab hujumchilarga qarshi o‘ynagansiz. Sizga eng ko‘p xavf tug‘dirgan hujumchi kim bo‘lgan?
- Yosir Al-Qahtani esimda bor. Saudiya Arabistoni terma jamoasi va “Al-Hilol”da o‘ynagan. U paytda men “Paxtakor”da yosh bola edim. Yetakchi o‘yinchimiz jarohat olganida meni o‘yinga qo‘yishgan va Qahtanini qo‘riqlaganman. Men yosh edim, uni esa nomi chiqqandi. Keyin yoshim ulg‘ayib, tajriba to‘pladim. Futbolda “pishish” kerak. Hozirgi yoshlarni ham “pishirish” kerak.

- Ammo chempionatimizda siz uchun jiddiy xavf tug‘diradigan hujumchi ko‘rmayapman. Bu shaxsiy fikrim. Siz bunga qanday qaraysiz?
- Hamma o‘yinchi har xil. Superligada hujumchilar kam.

- Bu himoyada ishingizni yengillashtiryaptimi?
- Albatta. Bitta vaziyatda ikkita himoyachini aldab gol uradigan hujumchi bo‘lsa, bu xavfli. Bunday o‘yinchilar deyarli yo‘q.

- “Paxtakor”da qiyin kunlarni boshdan kechirdinglar va Xyuistra sizlarga rahmat aytdi. Boshqa klublarda moliyaviy muammo bo‘lsa darhol jar solinadi. Ammo “Paxtakor”da bu holat sezilmadi ham. Qancha vaqt oylik maoshsiz yurdinglar?
- Olti oy. Ayrim o‘yinchilarimizni transfer qilib ba’zi muammolarni hal qilishga harakat qildik. Oylik maoshlar berildi. Hamma sabr qildi va kutdi. Kayfiyatga ta’sir qilishi mumkin. Olti oy katta muddat, bu bir yo ikki oy emasdi.

- Faoliyatingizda maosh borasida bunday katta uzilish bo‘lmaganmi?
- Ikki-uch oy bo‘lgan. Baribir bizda mana shunday uzilishlar bor-da. Ammo hozir “Paxtakor”da hammasi barqaror.

- Katanes “Paxtakor” haqida yaxshi fikr bildirdi, jamoa mashg‘ulotlariga ham kelayotganini va terma jamoaga bu klubdan ko‘proq o‘yinchi olishini yashirmadi.
- O‘zingiz aytib turibsiz, murabiy o‘yinlarimizga va mashg‘ulotlarimizga kelyapti. Ishni nimadan boshlayotganimizni ko‘ryapti. Bizdagi mashg‘ulotni hech bir klub qilmaydi. O‘zimizni alohida dasturimiz bor. Murabbiylar yaxshi ishlashyapti, qoyil. Juda talabchan.

- Katanes bilan gaplashdingizmi?
- Salom-alik qilamiz. U mashg‘ulotlarimizni ko‘rib turib “Paxtakor”dan ko‘proq o‘yinchilar bo‘lishini aytyapti. Chunki murabbiy bizni qanday ishlayotganimizni ko‘ryapti. Adashmasam, uch marta keldi.

- Arveladzedan keyin “Paxtakor”da nima o‘zgardi?
- Boya aytdim, Xyuistra juda talabchan. Arveladze mashg‘ulotlarni ko‘radi, o‘rgatadi va kerak bo‘lsa tugamay turib to‘xtatardi (kuladi). Xyuistra esa bunday emas. Oxirigacha shug‘ullantiradi. Qolaversa, bu murabbiyning futboli tajovuzkor.

- Siz ham orada klubdan ketib qolishingiz mumkinmidi?
- Nimaga? “Paxtakor”da hammasi joyida. To‘g‘ri, takliflar bo‘ldi. Malayziya kabi chempionatlarga borgim kelmadi. “Paxtakor” men uchun qadrli, bu yerdan ketish haqida o‘ylamayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "100 foiz hammasi yolg‘on" - Anzur Ismoilov Katanetsning taktikasi nega yoqmasligi, 6 oy davomida maosh olmagani haqida...