
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan Yevropa bozorida yana bir qadam olg‘a siljidi, deb xabar berdi zamon.uz.
“Yangiyo‘l – Agro Star” kompaniyasi “Biznesni rivojlantirish banki” bilan hamkorlikda 36 tonna pomidor qoqisini Italiyaga eksport qildi. Bu mamlakat agrar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim natijalardan biri sifatida qayd etilmoqda.
Eksport joriy yilning mart oyida Italiyaning “Areafredda” kompaniyasi bilan tuzilgan 200 tonnalik shartnoma doirasida amalga oshirildi. Ushbu kelishuv nafaqat mahsulot yetkazib berishni, balki ishlab chiqarish jarayonlarini Yevropa standartlariga moslashtirishni ham o‘z ichiga oladi.
Italiyalik agronomlar pomidor ekish, parvarishlash va quritish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, mahalliy fermerlarga zamonaviy agrotexnik tavsiyalar berib borishgan.
Natijada 623 tonna pomidor xomashyosi yetishtirilib, qayta ishlash orqali eksportbop mahsulot tayyorlandi. Jarayon davomida 300 nafar fuqaro mavsumiy ish bilan ta’minlandi.
Loyihaning samaradorligi yuqori bo‘lgani sababli, 2026 yilda 2 ming tonna qoqi eksport qilish bo‘yicha yangi kelishuvga ham erishilgan.
Kompaniya kelgusi yilda Qashqadaryo, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida qoqi quritish plantasiyalarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratadi, balki fermerlar uchun barqaror bozor tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!