
Turkiya chempionatida ketma-ket gollar urib, “Istanbul Bashakshehir”ning asosiy qahramoniga aylangan Eldor Shomurodov nomi atrofida katta shov-shuvlar kuzatilmoqda. “Antalyaspor”ga qarshi o‘yinda dubl qayd etib, jamoasiga 4:0 hisobidagi yirik g‘alabani ta’minlagan hamyurtimizning bu o‘yinidan keyin mamlakat futbolida kutilmagan mojaro yuzaga keldi.
Ma’lumki, Eldor 22-daqiqada hisobni ochgan va bahs oxirida yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan edi. Keyingi turda ham u “Kojaelispor” darvozasiga yagona golni kiritib, jamoasiga navbatdagi g‘alabani olib keldi. Ammo “Antalyaspor” bosh murabbiyi Erol Bulutning bayonoti “Bashakshehir”da keskin norozilik uyg‘otdi.
Erol Bulut matbuot anjumanida jamoasidan kimdir “ichki ma’lumotlarni” “Bashakshehir”ga yetkazgani haqida iddao qilgan. Uning fikricha, aynan shu holat “Antalyaspor”ning yirik mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan. Bu so‘zlar esa raqib jamoa va uning murabbiylar shtabi tomonidan jiddiy qabul qilindi.
“Bashakshehir” klubi rasman raddiya bildirib, o‘z nuktayi nazarini ochiq bayon etdi:
“Biz har doim feyr-pley va turk futboli obro‘sini ustuvor deb bilamiz. Bosh murabbiyimiz Nuri Shaxin va jamoa a’zolari butun diqqatini faqat mehnatga va maydonda kurashishga qaratgan. Ular raqib haqida hech qanday maxfiy ma’lumot olmagan. Hamma jamoa turk futboli sha’niga putur yetkazmaydigan bayonot berishga mas’ul”, — deyiladi klub bayonotida.
Murabbiy Nuri Shaxin ham shaxsan munosabat bildirdi:
“Men butun faoliyatim davomida hech qachon sport ruhiga zid harakat qilmaganman. Biz har kuni mehnat qilamiz va natijalarni faqat shunga bog‘laymiz. Afsuski, ba’zan shunday asossiz gaplarga duch kelamiz. Bu biz uchun noxush holat”, — dedi u jurnalistlar bilan suhbatda.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov yozgi transferlar vaqtida “Roma”dan “Istanbul Bashakshehir”ga bir mavsumlik ijara asosida kelgan edi. Uning ijara shartnomasi keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqini ham nazarda tutadi.
Hozirgi holatda Shomurodov klubning asosiy hujumchisi sifatida maydonga tushmoqda va Turkiya Superligasidagi 11 o‘yinda yettita gol hamda bitta assist qayd etgan. U to‘purarlar ro‘yxatida yetakchilar qatorida bormoqda va “Bashakshehir” uchun muhim figuraga aylangan.
Endi esa muxlislar jamoalar o‘rtasidagi bu tortishuv maydondagi o‘yinga ta’sir qilmasligini va Eldorning golli seriyasi davom etishini kutmoqda. Turkiya futbolidagi qiziqarli pallalar endigina boshlangandek.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!