19:09 / 15.11.2021
2 171

Katanetsning avvalgi murabbiylardan farqi va Koreyadagi faoliyati haqida – Ikrom Aliboyev

Katanetsning avvalgi murabbiylardan farqi va Koreyadagi faoliyati haqida – Ikrom Aliboyev
O‘zbekiston milliy jamoasining noyabr oyidagi yig‘ini davom etmoqda. 8-16 noyabr sanalari orasida bo‘lib o‘tadigan FIFA kunlari doirasida mashg‘ulot olib borayotgan milliy jamoa futbolchilari mashg‘ulotlarning dastlabki qismini Toshkentda o‘tkazishdi. Fursatdan foydalanib, Tribuna.uz milliy jamoa yarimhimoyachisi Ikrom Aliboyev bilan intervyu tashkil etdi.

Milliy jamoa mashg‘ulotlari haqida
– Srechko Katanes har yig‘inda turli xil futbolchilarni jalb etgan holda ularni yaqindan bilib olmoqda. O‘ylashimcha, kelgusi yilgi yig‘inlarga aniq tarkibni shakllantirib, o‘ziga kerakli futbolchilarni chaqiradi.

Milliy jamoaga kirishib ketish qiyin emas. Ha, klub boshqa, milliy jamoa butkul boshqacha. Klubda jamoadoshlaringiz bilan har kuni birga bo‘lasiz. Milliy jamoada esa 1 yoki 2 oyda bir ko‘rishasiz. Shunga qaramay, bu yerdagi barcha futbolchilar menga tanish, ular bilan ko‘plab yig‘inlarda birga shug‘ullanganmiz. Shuning uchun mashg‘ulotlarga kirishib ketish u qadar katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ustiga-ustak, biz professional futbolchilarmiz. Bu kabi holatlar bizga muammo tug‘dirmasligi kerak.

Srechko Katanetsning bundan avvalgi murabbiylardan farqi
– Albatta, har bir murabbiyda futbol mavzusida o‘ziga xos qarashlar va metodlar mavjud. O‘yinga tayyorgarlik vaqtida ham turli xil talablar qo‘yiladi. Misol uchun, Srechko Katanes bizdan yig‘in vaqtida milliy jamoa yig‘ilgan mehmonxonadan chiqmasligimizni talab qiladi. Yig‘inga keldingmi, ko‘chani, o‘rtoqlaringni o‘ylama, deb ta’kidlaydi. Hamma bir xil sharoitda yashashi va o‘z vaqtida, rejalashtirilgan ovqatni yeyishi kerak. Bu men uchun yangilik emas. Chunki Kuper davrida ham xuddi shu tartibda yig‘in o‘tkazar edik. Boshqa murabbiylar esa futbolchilarning mehmonxonada jam bo‘lishiga u qadar jiddiy e’tibor qaratmaydi. Shu orqali biz uzoq vaqt ko‘ra olmagan oila a’zolarimizni ko‘rib kelishimiz mumkin bo‘lardi. Ushbu yig‘inga kelib, ota-onam bilan 2 soatgina ko‘risha oldim, xolos. Uyga borib kelish uchun murabbiydan ruxsat so‘rash kerak bo‘ladi. Lekin biz milliy jamoa yig‘iniga kelganmiz va bu talablarni to‘g‘ri, deb hisoblayman.

Murabbiyning o‘yin uslubi men uchun juda qulay. Sababi, men o‘zimni ijodkor futbolchi, gol va paslar amalga oshiruvchi yarimhimoyachi, deb bilmayman. Mening maydondagi birinchi vazifam jamoamga to‘pni olib berish, to‘pni o‘zimizda ushlab turish va hujumni qurishdan iborat. Ushbu murabbiy bizdan agressiv harakat qilishni so‘rayapti. Bu ham to‘g‘ri talab, menimcha. Sababi, futbolda keskin harakat qilsangiz, nimagadir erishishingiz mumkin. Ba’zida o‘yiningiz o‘xshamasligi mumkin. Lekin agressiv harakat qilsangiz, eng kamida raqibga o‘yin bermaslikni uddalay olishingiz mumkin.

Futboldagi ilk davrlar
– Futbol bilan 2005 yillardan shug‘ullanishni boshlaganman. Ota-onamning qarshiliklariga qaramay, akam meni Yangiyer futbol akademiyasiga olib borgandilar. Ayniqsa, onam kichkina bo‘lganim uchun bir o‘zimni uzoqqa qo‘yib yuborishni xohlamagandilar. O‘zim gulistonlikman va Yangiyer uyimizdan birmuncha uzoq edi.

Akam bilan kelgan paytimizda ushbu akademiyada joylar to‘lib bo‘lgandi. Men va boshqa kechikkan bolalarni imtihon qilib, qo‘shimcha tarzda qabul qilishgan. U yerdagi birinchi murabbiyim Muzaffar Beknazarov bo‘lgan. Haligacha o‘sha futbol akademiyasida faoliyat olib boradi. Akademiyada o‘tgan 2 yilim mobaynida Muzaffar aka ko‘p narsalarni o‘rgatdi.

Keyin esa «Paxtakor»ga yo‘l oldim. Bu yerdagi murabbiyim Rustam Oripov ham futbolchi bo‘lib yetishishimda katta hissa qo‘shgan inson hisoblanadi. 14 yoshdan 18 yoshgacha «Paxtakor»da o‘ynadim. Lekin klub men bilan shartnoma imzolashni xohlamadi. Shu vaqtda «Lokomotiv» Oliy ligaga yangi ko‘tarilgan vaqt edi va ularning yoshlar jamoasiga futbolchilar kerak bo‘ldi. Rustam Oripov yig‘gan jamoam bilan «temiryo‘lchilar» vakillariga qarshi o‘ynadik va ular o‘zlariga yoqqan futbolchilarni qabul qilishdi. Shu qatorda men ham «lokomotivchi» bo‘lib ketdim.

2018 yilgi Osiyo o‘yinlari
– Jakarta va Palembangda o‘tgan 2018 yilgi Osiyo o‘yinlari katta futboldagi faoliyatimda burilish nuqta bo‘ldi, deb ayta olaman. Ushbu turnirga «uaylkard» (yoshi katta 3 ta futbolchi) sifatida meni ham olib ketgani uchun murabbiyimiz Ravshan aka Haydarovga ulkan minnatdorligimni bildiraman. Musobaqa davomida 5 ta uchrashuv o‘tkazib, 5 ta gol va 3 ta assist amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgandim. O‘sha yerdagi o‘yinlarim orqali «Seul» klubining qiziqishlariga tushganman.

Janubiy Koreya bilan o‘yin haqida gapirsam, 2 ta gol urgandim, hisob 3:3 – hammasi yaxshi ketayotgandi. Birdan hakam ikkinchi sariq kartochkani o‘ylab topdi. Men o‘sha vaziyatda raqib futbolchisini umuman urmoqchi emasdim. Shunchaki, o‘yin inersiyasida shunday holat yuzaga kelgandi. Aslida, hakam mening sariq kartochkam borligini ham bilmagan. Kartochkani ko‘rsatib bo‘lgach, yordamchisi unga bu futbolchida ikkinchi sariq kartochka deb aytgan va u majburan qizil kartochka ko‘rsatgan. Biroq hakam o‘sha vaziyatda menga birinchi sariq kartochkani ko‘rsatyapman, deb o‘ylagan. Shundan so‘ng ajoyib o‘tkazayotgan o‘yinimiz orqaga qarab ketgan va alamli mag‘lubiyatga uchraganmiz. Uchrashuvdan so‘ng, Son Hyon Min avtobusimizga chiqib, barchamizga o‘yin uchun tashakkur bildirgandi. Mag‘lubiyatimizga qaramay, Indoneziyadagi ushbu musobaqadan yaxshi xotiralar qolgan.

Yarim million dollarlik transfer - «Seul»ga o‘tishi
– Jakartadan qaytib kelganimizdan so‘ng transferim haqidagi xabarlar boshlangan. Agentlarim Janubiy Koreyadan qiziqish borligini aytishgan. Qaysi klubi ekanini bilmasdim. Bilishimcha, o‘shanda koreys klublarining ko‘pchiligi taklif bilan chiqqan. O‘zbekistonda o‘sha mavsum yakuniga bitta tur qolganda «Seul» qiziqish bildirayotganini bilganman. «Lokomotiv» rahbarlari bilan gaplashganimda bu sening kelajaging uchun ham yaxshi, biz seni transfer qilishga rozimiz, deb aytishgan. Shu tariqa, seulliklar 500 ming AQSH dollari to‘lagan va men K1 ligasiga yo‘l olganman.

«Seul»da mavsumni ajoyib o‘tkazgandim. 38 ta o‘yinning 35 tasida o‘ynadim, barchasini asosiy tarkibda boshladim. Natijalar yaxshi edi. Biz mavsumni 3-o‘rinda yakunlab, Osiyo Chempionlar Ligasiga yo‘llanma oldik. O‘tish o‘yinida gol urib, guruh bosqichiga yo‘llanma olishda yordam berdim. Guruh bosqichida ham «Sidney»ni birinchi turda mag‘lub etgandik. Shundan so‘ng murabbiy o‘zidan o‘zi ketma-ket 2 o‘yinda meni maydonga tushirmadi. Keyin esa jarohatim bilan band bo‘ldim. Bu orada jamoa o‘yinlari orqaga keta boshladi. Tez orada murabbiy iste’foga chiqarildi.

Jarohat
– Jarohatim o‘ta murakkab edi. Ultratovushli moslamalar yoki rentgen qilganda ham, uni aniqlab bo‘lmaydi. Koreyadagi bir nechta futbolchilar bilan gaplashganimda xuddi shunday jarohatni bu yerda davolay olmay, Germaniyada muvaffaqiyatli operatsiyadan o‘tganliklarini aytib berishdi. U yerdagi professor juda tajribali ekan. Faoliyati davomida menikiga o‘xshash 27 mingta jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli bajargan ekan. Klubim Janubiy Koreyada operatsiya qildirsam, xarajatlarni to‘liq qoplab berishlarini, Germaniyaga ketsam, o‘zimning hisobimdan borishim kerakligini aytishdi. Baribir insonda sog‘liq birinchi o‘rinda va men Germaniyaga borishga qaror qildim. Jarrohlik amaliyoti yaxshi o‘tkazildi va men Janubiy Koreyaga futbol o‘ynashga shay, jangovar kayfiyatda yetib bordim. Lekin klubning yangi murabbiyi menga umuman imkon bermay qo‘ydi.

«Tedjon»ga qo‘shilish sababi
– Mavsum yakunlangach, rahbarlar men bilan shartnomani bekor qilmoqchi ekanliklarini aytishdi. Agentlarim aralashib, klubdagi maoshimning bir qismini olib berishdi va shartnoma bekor qilindi. Ligada transfer davri yakunlanishiga bir hafta vaqt qolgandi va «Tedjon»da osiyolik legioner uchun bo‘sh joy bor edi. Klub K1ga chiqishni aniq maqsad qilib qo‘ygandi va men ushbu klubda o‘ynashga qaror qildim. Joriy mavsumni 3-o‘rinda yakunladik. Yana ikkita uchrashuvda yuqori divizionga o‘tish yoki pastda qolish masalasi hal bo‘ladi. Mening shartnomam 1+1 ko‘rinishida tuzilgan va agar klub K1ga chiqsa, men ular bilan qolishim mumkin. Sababi, shartnomada ko‘rsatilgan o‘yinlar sonini mavsum davomida o‘tab bo‘ldim. Lekin jamoa pastki divizionda qolsa, boshqa jamoaga o‘tishga harakat qilib ko‘raman.

Abdulvosid Valixonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Katanetsning avvalgi murabbiylardan farqi va Koreyadagi faoliyati haqida – Ikrom Aliboyev