
Buyuk Britaniyada yangi va bahsli dastur ishga tushirildi — u insonlar shaxsiy ma’lumotlari asosida kelajakda qotillik sodir etish ehtimoli bor shaxslarni aniqlashga qaratilgan. The Guardian'ning yozishicha, mazkur tashabbusga sobiq bosh vazir Rishi Sunak davrida asos solingan.
Qotillikni bashorat qiluvchi algoritmlar?
Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha shaxslarning pasport ma’lumotlari, sog‘lig‘i, qo‘lga olingan holatlari, jinoiy ishdagi ishtiroki, xatti-harakati, qurol saqlash tajribasi, hatto o‘zini shikastlagan holatlarini tahlil qiladi. Shuningdek, politsiyadan yordam so‘ragan jabrlanuvchilar haqidagi ma’lumotlar ham algoritmga kiritiladi.
Ya’ni, ma’lum sabablarga ko‘ra huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushgan shaxslar maxsus tizim tomonidan tahlil qilinadi va ularning qotillik sodir etish ehtimoli baholanadi.
Fuqarolar xavfsizligi yoki shaxsiy hayot daxlsizligiga tajovuz?
Britaniya Adliya vazirligi ushbu dasturni ilmiy tadqiqot maqsadida ishga tushirilayotganini va u orqali fuqarolar xavfsizligini ta’minlash niyat qilinganini ta’kidlamoqda.
Biroq inson huquqlari faollari bu tashabbusni «qo‘rqinchli» va ishonchsiz deb baholamoqda. Statewatch tashkiloti ushbu dastur to‘g‘risida axborot erkinligi qonuniga asoslangan so‘rov ham yuborgan. Mutaxassislar bu kabi loyihalar avval ham joriy qilinganini, lekin ular irqiy, ijtimoiy va moliyaviy kamsitishlarni kuchaytirganini eslab o‘tishmoqda.
Xavotirlarga asos bormi?
Algoritmlar, albatta, ma’lumotlarga asoslanadi. Biroq insonlarning kelajakda qanday harakat qilishiga oid bashoratni aniqlash — hali ham bahsli masala. Qolaversa, shaxsiy ma’lumotlarning keng qamrovda tahlil qilinishi Britaniya jamiyatida shaxsiy hayot daxlsizligi va so‘z erkinligiga oid bahslarni yanada avj oldirishi mumkin.