date

Endi radar va kamera jarimalari ham ball bilan baholanadi

Endi radar va kamera jarimalari ham ball bilan baholanadi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-oktyabrdagi 676-sonli qaroriga binoan, 2026-yil 1-apreldan boshlab yo‘llarda o‘rnatilgan avtomatlashtirilgan foto va video tizimlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarga jarima ballari ham hisoblanadi. Bu yangilik mamlakatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport halokatlarini kamaytirishni ko‘zlaydi.

Endilikda kamera yoki radar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham ball yoziladi. Balllar transport vositasiga egalik qiluvchi shaxsga yoki ishonchnoma, sug‘urta polisi yoxud yo‘l varaqasi orqali undan foydalangan haydovchiga nisbatan taqsimlanadi.

Ma’lumot uchun, jarima ballari tizimi 2025-yil 1-iyundan amalga kiritilgan bo‘lib, avval faqat YHXX xodimlari rasmiylashtirgan holatlardagina qo‘llanilar edi. Endi esa kamera tizimlari orqali haydovchini aniqlash imkoni paydo bo‘lgani uchun ushbu amaliyot kengaytirilmoqda.

Qarorga muvofiq, agar haydovchi 12 oy ichida yo‘l harakati qoidalarini buzmasa, keyingi birinchi martagi qoidabuzarlik uchun unga ball yozilmaydi. Shuningdek, agar jarima balli qayd etilgan haydovchi olti oy davomida yana qoidabuzarlik qilmasa, undan ikki ball olib tashlanadi.

Bir yil davomida haydovchining ballari 12 taga yetsa, bu haqdagi ma’lumot sudga avtomatik ravishda yuboriladi. Sud qaroriga ko‘ra, bunday haydovchilar 6 oydan 3-yilgacha bo‘lgan muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi tizim nafaqat javobgarlikni kuchaytiradi, balki haydovchilarni qoidalarga qat’iy rioya qilishga undaydi. Bu, o‘z navbatida, yo‘llarda xavfsizlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Endi radar va kamera jarimalari ham ball bilan baholanadi