
Massachusets texnologiya instituti olimlari o‘tkazgan yangi ilmiy tadqiqot natijalari sun’iy intellektning inson miyasi va aqliy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Bu haqida LADBible nashri xabar bermoqda. Ushbu tadqiqot o‘z natijalari bilan ko‘pchilikni hayratga soldi va texnologiyadan foydalanishda ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.
Tajriba doirasida jami 54 nafar talabaga insho yozish topshirildi va ular uchta guruhga bo‘lindi: birinchi guruhdagi talabalarga ChatGPT va boshqa katta til modellaridan foydalanish imkoniyati berildi. Ikkinchi guruh internet qidiruv tizimlaridan foydalandi, uchinchi guruh esa hech qanday yordamsiz topshiriqlarni bajardi.
Tadqiqot jarayonida elektroensefalografiya yordamida har bir talabaning miya faoliyati doimiy kuzatib borildi. Aniqlanganidek, muntazam ravishda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalangan talabalarda miya faoliyati va kognitiv funksiyalar keskin pasayib ketgan. Ular ma’lumotlarni eslab qolishda qiyinchilikka duch kelishgan, fikrlarni to‘liq va aniq ifodalay olmagan va aqliy yuklama sezilarli darajada kamayganini ko‘rsatganlar. Bu holat, ayniqsa, to‘rt oy davomida sun’iy intellekt vositalaridan muntazam ravishda foydalangan talabalarda yaqqol kuzatilgan.
Tadqiqotning yana bir qiziq natijasi shundaki, talabalar guruhlarini o‘zgartirganda, ya’ni sun’iy intellektdan mustaqil ishlashga qaytishganda aqliy funksiyalari tez tiklanmagan. Shu bilan birga, boshida sun’iy intellektsiz ishlagan va keyin undan foydalangan talabalar boshida samaradorlik ko‘tarilishini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan ularning ham natijalari pasayib ketgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sun’iy intellekt inson hayoti uchun foydali vosita bo‘lishi mumkin, biroq undan haddan tashqari ko‘p foydalanish insonning aqliy qobiliyati va tanqidiy fikrlash rivojiga jiddiy zarar yetkazishi ehtimoli yuqori. Bu esa, ayniqsa, ta’lim muassasalarida keng tarqalishi va bilim sifatining pasayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli tendensiya hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu tadqiqot sun’iy intellekt texnologiyalarining ekologik ta’sirini ham o‘rgangan. Ma’lum bo‘lishicha, ChatGPT kabi tizimlar katta miqdordagi energiya va resurslarni talab qiladi. Har 10-50 ta so‘rov uchun, serverlarni sovutish maqsadida taxminan 50 ml suv kerak bo‘lar ekan. Ortiqcha matn va keraksiz so‘rovlar esa ma’lumotlarni qayta ishlash hajmini oshirib, energiya iste’molini yanada ko‘paytiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT tizimi Britaniyalik bir ayolning qo‘lidagi surat asosida uning jiddiy tibbiy yordamga muhtoj ekanligini aniqlab, zudlik bilan shifoxonaga borishni maslahat bergan edi. Bu kabi holatlar sun’iy intellektning ijobiy taraflarini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, uning salbiy oqibatlari ham jiddiy o‘rganilishi kerakligini yana bir bor tasdiqlaydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar