Malta fuqarolari ChatGPT Plus obunasiga bepul ega bo‘lishadi

OpenAI kompaniyasi va Malta hukumati “AI for All” nomli qo‘shma dasturni ishga tushirmoqda. Ushbu tashabbus doirasida mamlakat fuqarolari bir yillik ChatGPT Plus obunasidan mutlaqo bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun fuqarolar Malta universiteti tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha maxsus kursni tamomlashlari kerak. Kurs sun’iy intellektning imkoniyatlari, cheklovlari hamda uni kundalik hayot va ish jarayonida mas’uliyat bilan qo‘llash usullarini o‘rgatishga qaratilgan.
Dasturning birinchi bosqichi may oyida boshlanadi. Kelgusida ushbu ta’limiy loyiha xorijda istiqomat qilayotgan Malta fuqarolarini ham qamrab olishi rejalashtirilgan. OpenAI vakillarining ta’kidlashicha, loyiha sun’iy intellektni elektr energiyasi kabi barcha uchun ochiq bo‘lgan global texnologiyaga aylantirishni maqsad qilgan.
Malta iqtisodiyot vaziri Silvio Shembri ta’lim va ilg‘or texnologiyalarning uyg‘unlashuvi oilalar, talabalar va ishchilar uchun amaliy yordam bo‘lishini ta’kidladi. Ushbu hamkorlik OpenAI kompaniyasining davlatlar bilan ishlash bo‘yicha “OpenAI for Countries” tashabbusining bir qismi hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!