date

Apple arzon Mac ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda


Apple kompaniyasi ilk bor arzon narxdagi Mac noutbuk ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Bloomberg axborot agentligi o‘z manbalariga tayanib. Ushbu qurilmaning narxi 1 ming AQSh dollaridan kam bo‘lishi kutilmoqda, bu esa brend tarixidagi eng arzon kompyuter bo‘ladi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yangi Mac iPhone protsessori va arzon LCD displey bilan jihozlanadi. U talabalar, tadbirkorlar hamda ofis ishlari, internetda ishlash va matnlarni tahrirlash uchun mos qurilma izlayotgan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

J700 kod nomi bilan yuritilayotgan loyiha hozirda kompaniya ichida sinovdan o‘tkazilmoqda va xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan ishlab chiqarishning dastlabki bosqichida. Rasmiy taqdimot 2026 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Apple ushbu harakati bilan an’anaviy ravishda faqat premium qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniya sifatida o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, endilikda arzon Chromebooks va Windows tizimidagi oddiy noutbuklar bilan raqobatlashishga kirishmoqda. Qurilma narxini pasaytirish uchun Apple nisbatan sodda komponentlardan foydalanishni rejalashtirgan.

Qurilmaning ekrani 13,6 dyuymdan kichik bo‘lib, bu Mac noutbuklar orasida eng ixcham displey bo‘ladi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, iPhone protsessori hatto eski M1 chipdan yuqori samaradorlik ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda kompaniyaning eng arzon noutbuki — M4 protsessorli MacBook Air bo‘lib, uning narxi 999 AQSh dollarini tashkil qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Apple arzon Mac ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda