Neyrobiologlar raqamli asrda inson diqqati pasayishi haqidagi afsonani inkor etdi

Zamonaviy dunyoda smartfonlar va internet insonning diqqatni jamlash qobiliyatini qaytarib bo‘lmas darajada qisqartirgani haqidagi fikr ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topmadi. 32 mamlakatdan 21 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan keng ko‘lamli tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bolalarning kognitiv barqarorlik ko‘rsatkichlari o‘zgarmagan, kattalarda esa hatto biroz o‘sish kuzatilgan. University of Chicago va UCL mutaxassislari fikricha, miyaning biologik mexanizmlari degradatsiyaga uchramagan, shunchaki tashqi muhit odamlarni doimiy ravishda chalg‘ishga undamoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Microsoft kompaniyasining 2015-yildagi inson diqqati oltin baliqnikidan ham qisqaroq bo‘lib qolgani haqidagi mashhur hisoboti ekspertlar tomonidan marketing afsonasi deb topildi. Aslida, muammo miyaning imkoniyatlarida emas, balki uning ishlatilish dinamikasida. California, Irvine universiteti psixologi Gloria Mark kuzatuvlariga ko‘ra, ofis xodimlari 2000-yillar boshida bir vazifaga o‘rtacha 2,5 daqiqa diqqat qaratgan bo‘lsa, 2020-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 47 soniyagacha tushgan.
Nilli Lavie tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, chalg‘ituvchi omillarga qarshi turish qobiliyati miyaning prefrontal qobig‘idagi kulrang modda hajmi bilan bog‘liq. Diqqat xuddi mushak kabi ishlaydi: doimiy ravishda boshqa vazifalarga o‘tish ijro nazoratini susaytiradi, chuqur diqqatni jamlash amaliyoti esa uni mustahkamlaydi. Hozirgi kunda kuzatilayotgan «diqqat tanqisligi» tibbiy patologiya emas, balki miyaning tezkor dopamin olishga bo‘lgan intilishi natijasidir.
Neyrobiolog Michael Esterman ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar va bildirishnomalar miya uchun murakkab vazifalarga qaraganda jozibadorroq maqsad hisoblanadi. Odamlar ko‘pincha tashqi signallarsiz ham o‘zlarini chalg‘itishga odatlanib qolishgan. Biroq, fMRI yordamida o‘tkazilgan tahlillar miyaning fundamental diqqat jamlash qobiliyati saqlanib qolganini va u tiklanishi mumkin bo‘lgan resurs ekanligini tasdiqlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!