Samsung Galaxy A27 rasman tasdiqlandi: yangi ekran va kuchli protsessor

Samsung kompaniyasi hali Galaxy A27 modelini rasman taqdim etmagan bo‘lsa-da, qurilma Samsung Brazil saytidagi Samsung Wallet ilovasi bilan mos keluvchi smartfonlar ro‘yxatida paydo bo‘ldi. Bu holat kompaniya yangi modelni bozorga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rayotganini amalda tasdiqlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy A27 6,7 dyuymli Infinity-O displey bilan jihozlanadi. Bu Galaxy A26 modelidagi Infinity-U (tomchisimon kesik) ekraniga nisbatan sezilarli yangilanish hisoblanadi. Smartfonning o‘lchamlari 162,3 × 78,6 × 7,9 mm ni tashkil etadi.
Qurilma Snapdragon 6 Gen 3 protsessori negizida ishlaydi. Asosiy kamera bloki 50, 8 va 2 megapikselli sensorlardan iborat bo‘lsa, selfi uchun 12 megapikselli old kamera o‘rnatiladi. Shuningdek, smartfon 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 25 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Dasturiy ta’minot borasida yangi model Android 16 operatsion tizimi va One UI 8.5 qobig‘i bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Samsung ushbu smartfon uchun 6 yil davomida yangilanishlar taqdim etishni va’da qilmoqda. Hozircha qurilmaning rasmiy taqdimot sanasi ma’lum qilinmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!