Nik Bostrom: sunʼiy intellekt keltiradigan xavf insoniyat kelajagi uchun oqlanishi mumkin

Mashhur shved faylasufi Nik Bostrom sunʼiy intellekt (AI) rivojlanishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarga nisbatan qarashlarini oʻzgartirdi. Uning fikricha, insoniyatning yoʻq boʻlib ketish xavfi mavjud boʻlsa-da, AI inson umrini uzaytirish va qashshoqlikni bartaraf etish kabi misli koʻrilmagan imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Oʻzining yangi «Deep Utopia» kitobida Bostrom insoniyatni uzoq muddatli istiqbolda muqarrar oʻlim kutayotganini taʼkidlaydi. Uning soʻzlariga koʻra, sunʼiy intellekt texnologiyalari inson hayotini tubdan yaxshilash va biologik cheklovlarni yengib oʻtish uchun yagona imkoniyat boʻlishi mumkin.
Faylasuf sunʼiy intellektni «qisman qullik»dan xalos etuvchi vosita deb ataydi. Uning tasavvuriga koʻra, AI barcha ogʻir mehnatni oʻz zimmasiga olgach, insoniyat «katta nafaqaga» chiqadi va oʻzini ijod, maʼnaviyat hamda shaxsiy munosabatlarga bagʻishlash imkoniga ega boʻladi.
Bostrom, shuningdek, kelajakda sunʼiy intellekt tizimlari oʻz ongiga ega boʻlishi mumkinligini istisno etmaydi. Bunday holatda, insoniyat AI manfaatlarini ham xuddi tirik mavjudotlar kabi hurmat qilishi va ularga axloqiy maqom berishi kerak boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!