ZAT-DNA: DNK asosidagi maʼlumotlar omborida nusxalashdan himoyalash texnologiyasi

Tyanszin universiteti, Xitoy fanlar akademiyasi va Singapurning A-STAR agentligi olimlari DNK asosidagi maʼlumotlar omborlarining asosiy kamchiligi — ruxsatsiz nusxalash muammosini hal qiluvchi ZAT-DNA texnologiyasini ishlab chiqishdi. Nature Communications jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra, ushbu tizim standart polimeraza zanjirli reaksiyasi (PZR) yordamida koʻpaytirish imkonsiz boʻlgan noyob molekulalarni yaratishga imkon beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi texnologiya DNKni oddiy maʼlumot tashuvchidan apparat darajasidagi kimyoviy himoyaga ega tizimga aylantiradi. Olimlar tabiiy fermentlarning cheklovlaridan foydalanib, raqamli huquqlarni boshqarish (DRM) tizimining molekulyar analogini yaratishdi. Bunda DNK tarkibidagi adenin (A) oʻrniga uning sunʼiy analogi boʻlgan 2-aminoadenin (Z) ishlatiladi.
PZR yordamida nusxa olishga urinilganda, fermentlar "Z" va "A" oʻrtasidagi farqni ajrata olmaydi va xatolik yuz beradi, natijada asl maʼlumotlar buziladi. Maʼlumotni oʻqish faqat nanoporali sekvenlash usuli orqali amalga oshirilishi mumkin, bu esa tizimni ruxsatsiz nusxalashdan toʻliq himoya qiladi.
Tadqiqotchilar ushbu texnologiyani Babel-DNA arxitekturasi doirasida qoʻllashni taklif qilmoqdalar. Bunda asosiy maʼlumotlar shifrlangan holda saqlanadi, ularga kirish uchun esa ZAT-DNA koʻrinishidagi noyob master-kalit talab etiladi. Ushbu yechim NFT va davlat ahamiyatiga ega maxfiy kodlarni fizik darajada himoyalash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!