Tesla sobiq rahbari Drew Baglino issiqlik nasoslari bilan shug‘ullanuvchi startap ochdi

Tesla kompaniyasining sobiq yuqori martabali xodimi Drew Baglino yangi Sadi Thermal Machines nomli startapiga asos soldi. Bu uning Tesla’ni tark etganidan beri tashkil qilgan ikkinchi kompaniyasidir. Hujjatlarga ko‘ra, startap 2025-yil iyun oyida ro‘yxatdan o‘tgan va Kaliforniyaning Scotts Valley shahrida joylashgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya nomi termodinamika asoschilaridan biri bo‘lgan fransuz fizigi Nicolas Léonard Sadi Carnot sharafiga qo‘yilgan. Hozircha startap faoliyati haqida ma’lumotlar kam, biroq LinkedIn ma’lumotlariga ko‘ra, unda Tesla’ning bir qator sobiq muhandislari ishlamoqda.
Drew Baglino Tesla’da deyarli yigirma yil faoliyat yuritib, Roadster, Powerwall va Powerpack kabi muhim loyihalarda ishtirok etgan. U 2024-yil aprelida kompaniyani tark etguniga qadar elektr dvigatellar, akkumulyatorlar va quvvat elektronikasi rivojlanishiga mas’ul bo‘lgan.
Baglino Tesla’dagi faoliyati davomida issiqlik nasoslari texnologiyasi bo‘yicha patentlar muallifi ham hisoblanadi. Uning ishlanmalari, xususan, Model Y avtomobillarida qo‘llanilgan mashhur «octovalve» tizimining asosi bo‘lib xizmat qilgan. 2022-yilda Elon Musk va Baglino Tesla’ning issiqlik nasoslari texnologiyasini turar-joy va tijorat maqsadlarida qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilishgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!