Nyu-Yorkdagi yirik tibbiyot tizimida 1,8 million kishining maʼlumotlari oʻgʻirlandi

AQShdagi eng yirik davlat sogʻliqni saqlash tizimi boʻlgan NYC Health and Hospitals (NYCHHC) kiberhujum oqibatida kamida 1,8 million bemorning shaxsiy va tibbiy maʼlumotlari, shuningdek, barmoq izlari oʻgʻirlanganini maʼlum qildi. Xakerlar tizimga uchinchi tomon provayderi orqali kirib, 2025-yil noyabridan 2026-yil fevraligacha boʻlgan davrda maʼlumotlarni nusxalab olgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Oʻgʻirlangan maʼlumotlar orasida bemorlarning tibbiy sugʻurta polislari, tashxislar, qabul qilingan dorilar, toʻlov maʼlumotlari, ijtimoiy sugʻurta raqamlari, pasport va haydovchilik guvohnomalari mavjud. Shuningdek, hujjatlar yuklangan vaqtda qayd etilgan aniq geolokatsiya maʼlumotlari ham xakerlar qoʻliga tushgan boʻlishi mumkin.
Vaziyatning eng xavotirli jihati shundaki, xakerlar bemorlar va xodimlarning biometrik maʼlumotlarini, xususan, barmoq va kaft izlarini qoʻlga kiritgan. Biometrik maʼlumotlar oʻzgarmas boʻlgani uchun ularning oshkor boʻlishi jabrlanuvchilar uchun uzoq muddatli xavfsizlik xatarlarini keltirib chiqaradi.
NYCHHC vakillari kiberhujum aniqlangach, tarmoq xavfsizligi taʼminlanganini bildirdi. Hozircha tashkilot xakerlar bilan bogʻliq talablar yoki hujumning kech aniqlanish sabablari boʻyicha izoh bermadi. Mutaxassislar ushbu hodisani joriy yildagi eng yirik tibbiy maʼlumotlar sizib chiqishi holatlaridan biri deb baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!