Kin Health bemorlar uchun sunʼiy intellekt yordamida qaydlar oluvchi ilovani yaratdi

AQShda sunʼiy intellekt yordamida qaydlar oluvchi qurilmalar bozori jadal rivojlanmoqda. Menlo Ventures hisobotiga koʻra, oʻtgan yili ushbu soha 600 million dollardan ortiq daromad keltirgan. Heidi Health va Freed kabi startaplar shifokorlar uchun bemorlar bilan suhbatlarni yozib oluvchi va maʼmuriy yuklamani kamaytiruvchi yordamchilar yaratishda muvaffaqiyatga erishdi. Biroq, bu vositalar asosan shifokorlarga moʻljallangan boʻlib, bemorlarning oʻzi uchun qulay yechimlar kam edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kin Health startapi aynan bemorlarga moʻljallangan yangi ilovani ishlab chiqish uchun Maveron boshchiligidagi sarmoyaviy raundda 9 million dollar mablagʻ jalb qildi. Ushbu ilova shifokor qabulini yozib oladi va tashrif yakunida sunʼiy intellekt yordamida tushunarli xulosa hamda keyingi qadamlar boʻyicha tavsiyalarni taqdim etadi. Bemorlar ushbu maʼlumotlarni oila aʼzolari bilan boʻlishishlari yoki navbatdagi qabul uchun savollar roʻyxatini tuzishlari mumkin.
Kompaniya asoschilari Arpan Parikh, Amit Parikh va Kyle Alwyn maʼlumotlar xavfsizligiga alohida eʼtibor qaratishgan. Kin Health barcha bemor maʼlumotlarini shifrlashini va xulosalar sukut boʻyicha maxfiy saqlanishini taʼkidlaydi. Garchi ilova HIPAA sertifikatiga ega boʻlmasa-da, u bemorlarga yoʻnaltirilgan xizmat sifatida xavfsizlik standartlariga qatʼiy amal qiladi.
Texnologiya mutaxassislari va shifokorlar tibbiyotda sunʼiy intellektdan foydalanishda ehtiyotkorlik zarurligini taʼkidlashmoqda. Maʼlumotlarning aniqligi, aksentlarni tushunish va xatoliklar ehtimoli hamon dolzarb muammo boʻlib qolmoqda. Kin Health jamoasi esa turli aksentlar va murakkab sharoitlarda ham yuqori aniqlikni taʼminlash ustida ishlamoqda, biroq mutaxassislar baribir sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan qaydlarni shifokor nazoratidan oʻtkazish muhimligini eslatishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!