Amazon Alexa+ endi podkastlar yaratish imkoniyatiga ega

Amazon kompaniyasi dushanba kuni Alexa+ uchun yangi funksiyani taqdim etdi, u foydalanuvchilarga istalgan mavzuda podkast epizodlarini yaratish imkonini beradi. “Alexa Podcasts” deb nomlangan ushbu yangilik hozirda AQShdagi foydalanuvchilar uchun foydalanishga topshirildi. Endilikda foydalanuvchilar hech qanday ssenariy yozmasdan yoki hujjat yuklamasdan, shunchaki Alexa+’dan qiziqqan mavzusida podkast tayyorlashni soʻrashlari kifoya. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Tizim soʻrov boʻyicha maʼlumotlarni toʻplaydi va qisqa sharh shaklida epizod yaratadi. Foydalanuvchilar podkastning davomiyligi, ohangi va yoʻnalishini oʻz xohishlariga koʻra oʻzgartirishlari mumkin. Tayyor boʻlgach, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan ovozlar matnni oʻqiydi va foydalanuvchi Echo Show qurilmasi yoki Alexa ilovasi orqali xabardor qilinadi.
Ushbu qadam Amazon’ning Alexa+’ni oddiy ovozli yordamchidan shaxsiy kontent yaratuvchi vositaga aylantirish strategiyasining bir qismidir. Biroq, sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan ovozlar va avtomatlashtirilgan kontent axloqiy masalalar hamda maʼlumotlarning aniqligi borasida bahslarni keltirib chiqarishi mumkin.
Maʼlumotlar ishonchliligini taʼminlash maqsadida Amazon Associated Press, Reuters, The Washington Post va Forbes kabi nufuzli axborot agentliklari bilan hamkorlik qilmoqda. Kelgusida kompaniya shaxsiy yangiliklar brifinglari va foydalanuvchi hujjatlari asosida audio kontent yaratish kabi yangi imkoniyatlarni ham oʻrganmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!