12:43 / 12.04.2021
2 212

2021 yil uchun subsidiya kimlarga va qay tartibda beriladi? (video)

2021 yil uchun subsidiya kimlarga va qay tartibda beriladi? (video)
Joriy yilning 1 martidan 2021 yil uchun daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga subsidiyalar ajratish jarayonlari boshlab yuborildi.

Quyida siz subsidiya nima, kimlarga beriladi, uni olish uchun qanday ma’lumotlar taqdim qilinishi kerak, shuningdek, qayerga murojaat etilishi to‘g‘risidagi savollarga javob topasiz.

Subsidiya – daromadi yuqori bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘.

Subsidiyalar faqatgina ariza beruvchining ro‘yxatdan o‘tgan hududi bo‘yicha beriladi.

Bunda qishloq joylarda birinchi 5 yil davomida ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 foizlik punktdan oshgan qismiga, Shaharlarda esa dastlabki badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy qiymatining 10 foizi miqdorida mablag‘ to‘lanadi.

Toshkent shahrida birinchi 5 yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun 12 foizlik punktdan oshgan qismiga;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.
  • Bu turdagi subsidiyalar faqatgina 18 yoshdan oshgan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga, og‘ir ijtimoiy holatdagi xotin-qizlarga, mamlakat ijtimoiy hayotida faol yoshlarga va shu toifadagi O‘zbekiston fuqarolariga ajratiladi.
  • Fuqaro mehnat migranti bo‘lsa, uning nomidan oila a’zolari ham ariza berishi mumkin.
  • Subsidiya ariza topshirgan har bir talabgorga berilavermaydi.

Bunda mas’ul tashkilotlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya tegishli mezonlar asosida ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniy ekanini baholaydi.

Jumladan,
ichki ishlar va moliya vazirligi,
davlat soliq inspeksiyasi,
bandlikka ko‘maklashish markazi,
kadastr korxonasi,
mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi,
Yoshlar ittifoqi tuman kengashi,
tuman (shahar) hokimliklari,
ishtirok etuvchi tijorat banklari mas’ul davlat tashkilotlari etib belgilangan.

  • Baholashda talabgor va uning oilasi daromadi, turar-joy maqomi, ijtimoiy himoyaga muhtojligi, shuningdek, oilada nogironligi mavjud bo‘lgan shaxslar inobatga olinadi.
  • Yuqori ball to‘plagan arizachilarga subsidiya beriladi.
  • Eslatib o‘tamiz, subsidiya olish uchun arizani Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurib yoki my.gov.uz portali orqali elektron tarzda yuborishingiz mumkin.

Subsidiya olish quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– pasport;
– oila a’zolarining pasporti va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to‘liq oila va voyaga yetgan farzandi(lari) bo‘lganda) va farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari (agar voyaga yetmagan bo‘lsa) nusxasi;
– nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb topilganligi to‘g‘risidagi sud qarori (nikoh qayd etilgan hollarda) va oilaviy holati to‘g‘risida FHDYO organlari arxividan ma’lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan hollarda);
– doimiy yashash joyidan kadastr raqami va turiga tegishli ma’lumotlar;
– doimiy yashash joyidan uy daftarining yoki kvartira kartochkasining (17-shakl bo‘yicha) nusxasi;
– ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi hamda ushlab qolingan dromad soliqlari haqida ma’lumotnoma (qo‘shimcha daromadlar bo‘lsa soliq deklaratsiyasi).

Diqqat! Subsidiya olishda eng qulayi – Elektron hukumatning my.gov.uz portali orqali ariza yuborish.

Ijobiy javob olingan taqdirda fuqaro o‘z tanloviga ko‘ra subsidiyani uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga qaratilgan mablag‘ shaklida olishi mumkin bo‘ladi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz!

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun ariza berish muddati: 2021 yilning 1 martidan 1 oktabrigacha. Bu muddat o‘tganidan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Texnologiya » 2021 yil uchun subsidiya kimlarga va qay tartibda beriladi? (video)