12:46 / 04.11.2018
2 126

Umid hamroh bo‘lsa...

Umid hamroh bo‘lsa...
Bundan bir necha yillar oldin Amerikada, tashlandiq avtomobil ta’mirlash ustaxonasida yosh rassom yashardi. «Yashardi» dedigu aslida uning hayotini yashash deb bo‘lmasdi. Yarim och, yarim to‘q holda zo‘rg‘a kun kechirardi. Chizgan suratlari «uch pulga arzimas»ligini sabab qilib ishlab yurgan gazetasidan bo‘shatib yuborishganidan buyon ahvol shu. Ammo yolg‘izlik, pulsizlikdan qanchalik qiynalmasin, umidsizlikka yon bergani yo‘q. O‘zini chalg‘itish uchun har xil g‘oyalar o‘ylaydi, yangi loyihalar haqida xayol qiladi. Gazetadan haydalgan, homiyligidan umid qilgan odamlari ishlarini juda arzon baholab, yonlariga yaqin yo‘latmayotgan bo‘lsa ham, yosh rassom bir kuni muvaffaqiyat qozonishiga ishonadi. Shunday kunlarning birida kundaligiga quyidagi jumlalarni yozdi: «O‘zim o‘zimga qanchalar imkonsiz, tolesiz ko‘rinsam ham, aslo umidsizlikka tushmayman va dangasalik qilmayman!»

Nihoyat bir kuni oqshom payti...

Tashlandiq ta’mirxona burchagida...

Qo‘lida qog‘oz, qalam – yangi loyihalar tuzish uchun zo‘r berib o‘ylab o‘tirganida...

Hayotini o‘zgartirib yuborgan voqea yuz berdi.

O‘tirgan joyida oyog‘iga yumshoq nimadir tekkanini his qildi. Egilib qaradi – mitti sichqoncha. Xuddi o‘zini ko‘rsatish uchun atay chiqqanday, qochmaydiyam, hurkmaydiyam. Yosh rassom oyog‘ini yerga qattiq urdi, shundagina sichqoncha qochib, devordagi teshikka berkindi. Ammo ichkariga kirib ketmay, teshikdan boshini chiqarib, rassomga qarab turaverdi. Xuddi ko‘zchalari bilan nimanidir anglatishni istaganday...

«Odamlarni qidirib baxt, imkonning o‘zi oyoqlari ostiga kelsa, men tolesizning oyog‘im ostida adashgan sich­qon o‘ralashadi», deya norozi to‘ng‘illadi. Qog‘ozga ixtiyorsiz ravishda sichqon chiza boshladi – bir nechta, yana har xil kulgili holatlarda...

Shu payt ongida minglab chaqmoqlar chaqqandek bo‘ldi. Quvonchidan Arximed singari «Evrika» – «Topdim», deb baqirmadi, ammo u ham topgan edi. Va bir onda hammasi o‘zgardi: chunki butun dunyo bolalari ko‘nglidan joy olgan sevimli qahramon – sichqoncha Mikki dunyoga kelgandi!

Bu yosh rassom Uolt Disney edi. O‘sha oqshom qog‘ozga tushirgan sichqon rasmlari unga butun boshli qirollik taxtini olib keldi.

Uolt Disney uysiz edi...

Uolt Disney pulsiz edi...

Uolt Disney kimsasiz edi...

Shuhratsiz edi...

Chorasiz edi...

Ammo unga doimo umid hamroh bo‘ldi.

Har qanday holatda ham umidsizlikka tushmadi va muvaffaqiyat qozondi!


Manba: Irfon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Umid hamroh bo‘lsa...