“Katta yigirmatalik” nimalarni muhokama qildi?

  • 3-12-2018, 17:00
  • 859
  • Dunyo
  • “Katta yigirmatalik” nimalarni muhokama qildi?
    G20 – eng rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar hukumatlari va markaziy banklari rahbarlari ishtirokidagi klub. Bu davlatlarni xayolan birlashtirsak dunyo yalpi mahsulotining 85 foizini, dunyo jami savdosining 75 foizini hamda dunyo aholisining uchdan ikkisini hosil qilamiz.

    Bular: Avstraliya, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, JAR, Yaponiya va Yevropa ittifoqi. Bugunlikda G20 sammitlari xalqaro moliya- iqtisod tizimiga oid hamkorlik va maslahatlashuvning global forumidir.

    Oxirgi sammit 30 noyabr – 1 dekabr kunlari Argentina poytaxtida bo‘lib o‘tdi. Buenos-Ayresda nimalar muhokama qilindi?

    Butunjahon savdo tashkilotini isloh qilish

    Mazkur sammitda “katta yigirmatalik” Butunjahon savdo tashkilotini isloh qilishga kelishib oldi. Bu tashkilotning faoliyati davr talabiga javob bermayotgani, ishlari mo‘ljalga yetib bormayotgani e’tirof etildi. “Shu sababdan biz Butunjahon savdo tashkiloti islohotini qo‘llab-quvvatlaymiz”, – deyiladi yakuniy deklaratsiyada.

    Iqtisodiyot

    G20 davlatlari iqtisodiyot o‘sishiga erishish uchun barcha siyosiy choralarni ko‘rishga kelishib olishdi. O‘tgan davrda mamlakatlarning bu yo‘nalishdagi harakatlari “oz uyg‘un bo‘lganligi” va “ba’zi xavflar yuzaga chiqqani” e’tirof etildi.

    Ishtirokchilar valyuta va soliq siyosatini bir maromda, iqtisodiy o‘sish va narxlar turg‘unligini ta’minlovchi shaklda olib borishga qaror qilishdi.

    Migratsiya

    Shu jumladan “yigirmatalik” noiloj migratsiya sabablarini bartaraf etish ustida ishlashga kelishib olishdi.

    Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy notinchlik ko‘rinishlari natijasida o‘troq aholining o‘z yurtidan boshqa joyga qochishi hammani xavotirga solayotgani, buning sabablarini birgalikda bartaraf etish, qiynalganlarga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.

    Iqlim

    Yakuniy deklaratsiyaning yana bir qismi Iqlim bo‘yicha Parij bitimiga bag‘ishlandi. Sammit ishtirokchilari bu bitimning sobitligini e’tirof etishdi va bajarilishini ta’minlashga kelishishdi. Xususan ishtirokchilar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni davom etish istagini bildirishdi.

    Bitimdan ilgariroq chiqqan AQSh o‘z qarorini yana bir bor tasdiqladi va tabiatni asragan holda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, energiya zaxiralariga yo‘l ochish va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida sobit turishini ta’kidladi.

    “Diydor bahona”

    Endi bevosita sammit dasturiga kirmagan, ammo hammaning e’tiborini bir necha barobar ko‘proq tortgan ikki holat haqida.

    Tramp va Si Szinpin kelishib olishdi

    Avvalroq boshlangan Xitoy-AQSh savdo urushiga aynan mazkur sammit bahonasida uyushtirilgan, ikki davlat rahbarining uchrashuvi doirasida barham berilganga o‘xshaydi. Har holda ikkala taraf axborot agentliklari tomonidan ham yangragan so‘zlar bunga ishora qilib turibdi.

    “Ular kamida 90 kun mobaynida yangi tariflarni joriy qilmaslikka qaror qilishdi” – deb xabar beradi Reuters agentligi ikki rahbarga ishora qilib Oq uy matbuot xizmatiga tayanib.

    “Xitoy va AQSh barcha amaldagi tariflarni bekor qilishga qaratilgan muzokaralarni tezlatishadi”, – deb xabar beradi o‘z navbatida Sinxua axborot agentligi tashqi ishlar vazirligiga tayanib. “Uchrashuv davomida ikki davlat rahbarlari Xitoy-Amerika munosabatlarini albatta yaxshilash kerak, ular albatta yaxshilanadi, deb kelishib olishdi” hamda “Rais Si Szinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp qulay payt kelganda tashrif almashishga kelishib olishdi”, – deb yozadi yana o‘sha manba.

    Shunday qilib, Vashington nafaqat Xitoy tovarlariga nisbatan joriy qilmoqchi bo‘lgan 25 foizlik tariflarni bekor qildi, balki mazkur uchrashuv savdo urushiga nuqta qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

    Kerch bo‘g‘ozi voqeasi muhokama qilinmadi

    Ko‘plar Ukraina-Rossiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqealar e’tibor markazida bo‘lishini kutishgan edi. Ammo unday bo‘lmadi. Dunyoni xavotirga solib qo‘ygan mazkur holat atrofida ko‘plab tafsilotlar borki, uni uzil-kesil hal qilish yoxud o‘ta qat’iy pozitsiyani egallash mushkullik tug‘dirmoqda.

    Putin bilan sammit doirasida belgilangan rasmiy uchrashuvini bekor qilgan, buni Kerch voqeasi bilan bog‘lagan Tramp u bilan bilan “oyoq ustida” gaplashib oldi. “Masala va muammolarga doir uning o‘z yondashuvi bor, mening o‘z yondashuvim. Har holda men hodisa haqida o‘zimizning qarashlarimizni bayon etdim”, – dedi Vladimir Putin.

    E’tiborga loyiq qiziq bir holat: Rossiya prezidenti Putin AQSh, Germaniya, Fransiya rahbarlariga holatni tasvirlab berishga, hatto qo‘liga qalam olib bo‘lgan voqeani o‘zi chizgan qo‘lbola xaritada ko‘rsatib berishga urindi.

    Sammit natijalari bo‘yicha mamlakatlar qiyinchilik bilan birgalikdagi bayonot qabul qilishdi. Biroq ushbu yakuniy hujjat umumiy tusga ega bo‘lib, biron bir sohada yangilik keltirmadi. Shu bilan birga, shuni ta’kidlash kerakki, G20 formati fundamental qarorlar qabul qilishga mo‘ljallanmagan ham.

    Manba: Kun.uz

    » » “Katta yigirmatalik” nimalarni muhokama qildi?