20:25 / 04.10.2019
4 476

Turkiyada ro‘molga taqiq: qanday boshlandi, qanday tugadi?

Turkiyada ro‘molga taqiq: qanday boshlandi, qanday tugadi?
Bir vaqtlar Turkiyadagi rasmiy tashkilot va idoralarda ro‘molga qarshi jiddiy taqiqlar o‘rnatilgan edi. Yaqin-yaqingacha ro‘molli bo‘lgani sababli ko‘plab talaba qizlar universitetlarda ta’lim ololmas, davlat idoralarida ishlolmasdi. Turkiyadagi taqiqlar 1990-yillarning ikkinchi yarmida avjiga chiqdi. 2000-yillarning boshida hukumatni qo‘liga olgan konservativ “Adolat va taraqqiyot” partiyasi bu taqiqlarni birdaniga bekor qila olmadi. Hattoki 2007 yilda “Adolat va taraqqiyot” partiyasining prezidentlikka nomzodi Abdulloh Gulning rafiqasi ro‘molli bo‘lgani tufayli harbiylar norozilik maktubi yozgandi.

To‘laqonli demokratiyaga erishish, xalq va hukumat o‘rtasida ishonchsizlik kelib chiqishining oldini olish maqsadida Turkiyada ro‘mol taqiqi 2013 yilda rasman bekor qilindi.

Muammoning boshlanishi
Turkiya Respublikasi tashkil topishi bilan tayyorlangan birinchi konstitutsiyada rasmiy ravishda ro‘molga taqiq bo‘lmagan, ammo davlat ishlarida ro‘moli bilan ishlagan bironta ham ayol yo‘q edi. Ro‘molga qo‘yilgan norasmiy taqiqlarni muhokama qilish 1960-yillarda universitetlarda ro‘molli qizlarning ko‘payishi bilan kun tartibiga chiqa boshlagan.

Turkiyada ro‘mol taqiqining ikki yuksalish davri bor: 1980 yildagi davlat to‘ntarishi va 1997 yildagi harbiylarning hukumat ishlariga aralashishi.

1980 yil 12 sentyabrdagi davlat to‘ntarishi
Yuqori lavozimdagi harbiylar amalga oshirgan to‘ntarishdan keyin chiqarilgan va 31 yil amalda bo‘lgan “Jamoat joylarida kiyinish va ko‘rinish nazorati” sababli ro‘molli ayollar davlat idoralarida ishlay olishmadi.

1980 yilda Turkiyaning Milliy xavfsizlik kengashi tuzgan Vazirlar hay’ati e’lon qilgan “Jamoat joylarida va idoralarda ishlovchilarning tashqi ko‘rinishi haqida”gi farmonning 5-moddasida jamoat joylarida ayollarning boshlari doim ochiq bo‘lishi kerak deb belgilangan. Shundan keyin Xalq ta’limi vazirligi va Oliy ta’lim vazirligi ham shunga o‘xshash buyruq chiqardi.

1997 yil 28 fevral inqirozi
1997 yilning ilk oylaridan harbiylarning siyosiy ishlarga turli yo‘llar bilan aralashishi natijasida “28 fevral inqirozi” yuzaga keldi. Bu Turkiyada ro‘molga bo‘lgan ta’qiqning eng cho‘qqiga chiqqan yili hisoblanadi. O‘sha yili tashkil qilingan Milliy xavfsizlik kengashi aksil hukumat harakatlarga qarshi 18 moddadan iborat qaror qabul qildi. Qarorning eng boshida bo‘lgan va ayovsiz ravishda amalga oshirilgan modda tufayli jamoat joylarida ro‘molga qarshi betinim kurashildi.

Turkiyada ro‘molga qarshi kurashish 1998 yilning 23 fevralida, o‘sha vaqtdagi Istanbul universiteti rektorining ro‘molni taqiqlash qarori bilan jiddiylashdi. O‘sha yili universitetda ro‘molli talabalarning soni bir necha mingga yetgandi. Bu qizlar o‘qishga kelganlarida universitet xodimlari ularni ichkariga kiritmadi va tushuntirish xonalarida ro‘mollarini yechishga majburladi. Yechmaganlar ustidan sudga murojaat qilindi. Talaba qizlarning oldida ikki yo‘l qolgan edi: yo ro‘mollarini yechib oliy ta’limni davom ettirish yoki yechmasdan o‘qishdan haydalish.

Ba’zilar ro‘mollarini istamagan holda yechib, parik kiygan holda o‘qishni davom ettirishdi. Moddiy imkoniyatlari yaxshi bo‘lgan ro‘molli qizlar chet elda o‘qish uchun keta boshlashdi.

Parlamentdagi birinchi ro‘molli ayol

1997 yil 28 fevralda harbiylarning talabi bilan hokimiyatdan uzoqlashtirilgan “Farovonlik” partiyasi “aksilhukumat harakatlarning markazi” bo‘lishda ayblanib Konstitutsion sud qaroriga binoan berkitilgach, “Fazilat” partiyasi nomi bilan qayta ochildi va o‘z ishini davom ettirdi. 1999 yildagi saylovlarda birinchi ro‘molli deputat Marva Qovoqchi “Fazilat” partiyasidan saylandi. Ammo Marva Qovoqchining Turkiya Buyuk Millat Majlisiga (parlament) kirishi Turkiyada yangi ro‘mol inqirozini keltirib chiqardi. O‘sha vaqtdagi Turkiya bosh vaziri Marva Qovoqchiga qarshi chiqdi va uning haydab yuborilishini istadi. Marva Qovoqchi deputatlik qasamyodini qabul qilolmadi va keyinchalik turli ayblovlar bilan Turkiya fuqaroligidan chiqarib yuborildi.

Taqiqni bekor qilish uchun ilk qadamlar
2002 yildagi saylovda “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hokimiyatga kelishi bilan ro‘mol taqiqiga oniy o‘zgartirishlar kiritilmadi. Ro‘mol hamon nozik masala edi. Amalda bu taqiqqa nisbatan biroz yumshash bo‘lsa ham, qonuniy o‘zgartirish kuzatilmadi. Yuqori mahkamalarning qarorlari ham bu borada o‘ziga xos to‘siq bo‘ldi. 2007 yilda universitetlarda ro‘molli qizlarning ta’lim olishi uchun yo‘l ochildi: Oliy ta’lim vazirining rektorlarga bergan topshirig‘i asosida ro‘molga bo‘lgan cheklov olib tashlandi.


Demokratiyaga yo‘l
Turkiyada davlat ishchilari uchun ro‘mol taqiqini bekor qilinishi esa Rajab Toyyib Erdog‘an ning 2013 yil 1 oktyabr kuni e’lon qilgan “Demokratlashishga qadam” farmoni bilan bo‘ldi. “Jamoat joylarida va idoralarda ishlovchilarning tashqi ko‘rinishi haqida”gi farmonning 5-moddasiga o‘zgartirish kiritilishi bilan, cheklangan hukmlar tugatildi.

Askarlar, xavfsizlik xodimlari va prokurorlar bu ishlarning tashqarisida ushlab turildi. Ayol advokatlarning qonun chiqaruvchi organ tomonidan belgilangan qurollar doirasida ro‘mol o‘ramasligi borasidagi amaliyot sud tomonidan bekor qilindi.

Parlamentdagi yechim
Rasmiy idora va tashkilotlarda ro‘mol taqiqi bekor qilinganidan qisqa vaqt keyin muammo parlamentda ham hal bo‘ldi. Hajdan qaytganidan keyin ro‘mollarini yechmasligini e’lon qilgan 4 deputat ayol 2013 yil 31 oktyabr kuni parlamentdagi majlisda qatnashdi. Bu esa hech kim tomonidan salbiy qarshi olinmadi.


So‘nggi so‘z o‘rnida
Turkiyada ro‘molga qarshi o‘nlab yillar davomida besamar kurash olib borildi, davlatning qanchadan-qancha resurslari ana shu behuda kurash uchun sarflandi. Chunki bu kurash xalqning asosiy qismining e’tiqodiga qarshi qaratilgan edi. Bir hovuch sekulyar boshqaruvchilar uzoq yillar davomida xalqning xohish-istagini inobatga olishni istamadi va alal-oqibat yengildi. Chunki insonlarning qalbidan imon-e’tiqodini sug‘urib olishning iloji bo‘lmadi. Bugungi Turkiyada ro‘molli ayollarni turli ishlarda va lavozimlarda ko‘rish mumkin. Ular orasida o‘qituvchilar-u advokatlar, professorlar-u olimalar, hokimlar-u vazirlar bor. Bu holat mamlakatning taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgani yo‘q.

Abdullatif ADHAMOV

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada ro‘molga taqiq: qanday boshlandi, qanday tugadi?