Munajjimlar bashorati: 2018 yilda Tarozi burji vakillarini nimalar kutmoqda?

  • 23-11-2017, 21:35
  • 20 815
  • Hayot tarzi
  • Munajjimlar bashorati: 2018 yilda Tarozi burji vakillarini nimalar kutmoqda?
    Tarozi burji vakillari uchun 2018 yil xotirjamlik bilan boshlanadi. Arzirli xavotirga tushadigan vaziyatlar kutilmaydi. Mabodo kutilganda ham bu Tarozi burjida tug‘ilganlar uchun oldindan ogohlantirish vazifasini o‘tashi mumkin.
    Moliyaviy ahvolingiz ham birovdan kam bo‘lmaydi. Tadbirkorlar yil boshidanoq yangi ishlarga qo‘l urishadi, yangi hamkorlar paydo bo‘ladi, daromadga daromad qo‘shila boradi.
    Ammo mart va aprel oylarida ehtiyot bo‘ling. G‘araz niyatli kimsalar sizni yo‘ldan urishga urinib ko‘rishi, qo‘lingizda boriga ko‘z olaytirishi mumkin.
    It yilida ko‘proq his-tuyg‘ularga suyanib ish tutishingiz tavsiya etilmaydi. Aks holda oila qurishga ulgurmaganlar dog‘da qolib ketishi hech gap emas. Aql bilan ish ko‘rganlar esa albatta baxtini topadi.
    Oilalilarni yil davomida kutilmagan sovg‘alar, yoqimli xabarlar qurshab turishi kutilmoqda. Uy ta’miri, yangi uy sotib olish it yilida muvaffaqiyatli kechadi.
    Yoz boshida ro‘zg‘oringizda jiddiy muammolar tug‘ilishi mumkin. Agar ularni o‘z vaqtida ijobiy hal eta olsangiz, uyog‘iga kuzga qadar asablaringiz ham dam olishiga erishasiz. Tijorat ahli sentyabrda raqobatchi balosiga ro‘baro‘ bo‘lishi kutilmoqda. Ular sizni iloji boricha boshi berk ko‘chaga olib kirishga intilishadi. Raqobatchilarni yuqori lavozimli shaxslar ko‘magisiz yenga olmaysiz.
    Oktyabrdan to noyabr yarmigacha ishlaringiz boshingizdan oshib-toshadi. Bu ko‘proq endigina tijorat bilan shug‘ullana boshlaganlarga tegishli. Ofis qurish, bezak ishlari, uyoqda ishni ko‘ngildagidek yuritish dam olishingizga imkon qoldirmaydi. Pullaringiz naqd bo‘lsa, ularni bankka foizli hisob raqamga qo‘ying, ortiqcha pul hech qachon ziyon keltirmaydi.
    2018 yil oxirida kayfiyatingiz umumiy ma’noda yaxshi bo‘ladi. O‘zingizni tetik his etasiz. Martaba oshishi, moliyaviy muammolarning ijobiy hal bo‘la borishi ko‘zlangan maqsadlarga erishishda poydevor vazifasini o‘taydi. Ayrimlar maoshi ko‘p ish topishlari ham ayni yil oxiriga to‘g‘ri keladi.
    Salomatlik tobida bo‘lishi uchun avvalo ovqatlanish rejimiga amal qilishingiz kerak bo‘ladi. Sport va boshqa harakatli mashqlar ikkinchi darajali hisoblanadi.

    MUHABBATI
    Oilasizlar 2018 yil avvalida bir umrlik orzusiga erishishlari kutiladi. Basharti sergak turmasangiz, ba’zi bahonalar bilan baxt tomon talpinishdan tiyilaversangiz, u sizni chetlab o‘taveradi. Bo‘lg‘usi juftingiz bilan munosabatlarda aqlga ko‘proq suyaning. Keyin esa tanlashda ehtiyot bo‘ling. Firibgar yo xiyonatkorini tanlab qo‘yib bir umr alamda o‘tmang.
    Ehtiroslarni o‘z vaqtida jilovlashga odatlanishingiz lozim. Bo‘lmasa, suyganingiz sizni yengiltabiat deb o‘ylashi ham turgan gap.
    Bo‘lg‘usi juftingiz bilan turmush qurishingiz uchun sizda pul ham, xohish ham, intilish ham me’yorida bo‘ladi. Mehnatsevar bo‘lsangiz, yanada yaxshiroq, baxtliroq, xotirjamroq umr kechirasiz. Tarozi burjida tug‘ilganlarga chekka-chekkada qarama-qarshi jins vakil yoki vakilalari bilan don olishish tavsiya etilmaydi. Insonga o‘ta sadoqatli hisoblangan it yili bunday jinoyatlarni hech qachon kechirmaydi.

    OILASI
    Oilalilar yil davomida asosiy vaqtini uyda, qarindoshlar, farzandlar qurshovida o‘tkazganlari ma’qul. Garchi ishingiz ko‘payib, bosh qashishga vaqt topa olmay qolgan taqdiringizda ham oiladagilarni unutmagan holda bir amallab ular holidan xabardor bo‘lishga harakat qiling. Shunda oilada janjallar o‘rnini kutilmagan sovg‘alar, hurmat-izzat va xursandchiliklar egallaydi.
    Uydagilar bilan yil bo‘yi muloyim munosabat yuriting. Jahldorlik orangizga sovuqchiliklar olib kirishi mumkin. Juftingizni kamroq tanqid ostiga oling, kamroq tanbeh bering. Shularning o‘rniga erkalashga o‘xshagan favqulodda holatlarni o‘ylab toping. Ba’zi birovlar, aniqrog‘i, ayollar it yilida homilador bo‘lishi va yil oxiriga borib ko‘zi yorishi ham mumkin.
    Yozda ko‘pchilik uy ta’miriga astoydil kirishadi. Agar xonalarni yangi mebel bilan jihozlashga to‘g‘ri kelsa, pulni ayamang. 2018 yili hech qachon kissangiz pulsiz qolmaydi inshoolloh.

    SALOMATLIGI
    2018 yili organizmingizga tez-tez quloq tuting, u bilan hisoblashgan holda harakatlar sodir eting. Xudo ko‘rsatmasin, xastalanib qolgudek bo‘lsangiz, hech qachon o‘z bilganingizcha muolajalar olmang. Albatta vrach ko‘rigidan o‘ting.
    Yangi yilda immunitetni ko‘tarish masalasida yelib-yugurasiz. Velosipedda ko‘proq sayr qiling. Mevalarni keragicha iste’mol qiling. Nafas mashqlari sizga juda katta foyda berishi mumkin.
    Ammo uzzukun sportzalda qolib ketishingiz ham yaxshilikka olib kelmaydi. Parhez qilish ham tavsiya qilinmaydi. Bu narsalar organizmingizni jismoniy zo‘riqishga mubtalo etadi. Bir joyda uzoq o‘tirib qolish ham mumkin emas. Kuch yetganicha jismoniy mehnat bilan shug‘ullanib tursangiz, salomatligingiz yanada mustahkamlana boradi.
    Toza havo sizga katta foyda beradi. Xamirli taomlar o‘rniga meva-sabzavotlar iste’mol qiling. Kamroq asabiylashishga harakat qiling.

    MARTABA VA MOLIYaVIY AHVOLI
    Bu masalada siz uchun 2018 yili bir talay imkoniyatlar eshigi ochiladi. Yaratgan mavqeni oshirib olish, moddiy jihatdan qo‘shimcha quvvatga ega bo‘lishingiz uchun qulay vaziyatlarni hadya etadi. Ana shunda ko‘pchilik do‘stlarimiz tadbirkorlik, tijorat kabilarni sira qo‘rqmasdan boshlab yuborishlari mumkin bo‘ladi. Aqliy mehnat kishilari 2018 yilda keragidan ham ortiqroq daromad egasiga aylanishlari kutilyapti. Bunday vaziyatlarda daromadning pichasini xayriya maqsadlariga ham sarflayvering. Savob ham kerak-ku, axir!
    Dangasalikka aslo yo‘l qoldirmang. Rahbarlardan uzoqroq yuring. Lekin ular buyurgan ishlarni o‘z vaqtida do‘ndirishni ham unutmang.

    Manba: Hordiq.uz

    » » Munajjimlar bashorati: 2018 yilda Tarozi burji vakillarini nimalar kutmoqda?