Uzoq umr ko‘rishning yaponcha usuli

  • 11-08-2018, 21:28
  • 1 248
  • Hayot tarzi
  • Uzoq umr ko‘rishning yaponcha usuli
    Yaponiya aholisining uzoq umr ko‘rishi bo‘yicha dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichga ega davlat hisoblanadi. Bugun mamlakatda 100 yoshdan oshgan fuqarolar soni 20 ming nafardan oshib ketdi. Bundan qirq yil burun ular nari borsa 100 nafarni tashkil etardi.

    Buning siri nimada? Yaponlar umrini uzaytirishga asos bo‘lgan “ixtiro”ni butun dunyo aholisi o‘rtasida keng ommalashtirish mumkinmi?

    Quyida 105 yoshida ham bemorlarni operatsiya qilishda davom etgan yaponiyalik shifokor Sigeaki Xinoxaraning inson umrini uzaytirishga oid tavsiyalari bilan tanishamiz.

    2017 yilning 18 iyulida Sigeaki Xinoxara 105 yoshida olamdan o‘tdi. Umrining oxirgi kunigacha u Tokiodagi o‘zi rahbar bo‘lgan muqaddas Luka xalqaro klinikasida mijozlarni qabul qilgan. U o‘z tadqiqotlari, tajribalari asosida “Uzoq umr ko‘rib, yaxshi yashash” nomli kitob yozdi. Kitob tezda ommalashib, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Hozirgacha u butun dunyo bo‘yicha 1 million 200 mingdan ko‘proq nusxada sotildi. Uzoq umr ko‘rishning unda qayd etilgan oddiy qoidalari haqida qisqacha ma’lumot beramiz.

    Xushvaqtlik, hayotdan zavqlanib yashash, o‘zining hamda atrofdagilarning muvaffaqiyatidan quvonish, yaponiyalik shifokorning ta’kidlashicha, umrni uzaytirishning asosiy omili ekan. Shunday ko‘nikma uyqudan ham, ovqatdan ham, hattoki doridan ham muhimroq va afzalroq. Bu haqda Xinoxara shunday degan: “Inson o‘zi uchun zarur quvvatni uyqu yoki ovqatdan emas, balki quvnoqlik, vaqtichog‘likdan oladi. Esingizda bo‘lsa, yoshligimizda ko‘chada bolalar bilan o‘yinga shu darajada berilib ketardikki, uyquni ham, ovqatni ham unutardik. Agar vaqti chog‘ bo‘lsa, katta yoshdagilarda ham xuddi shunday bo‘ladi”.

    Me’yorida ovqatlanish ham umrni uzaytirishning muhim jihatlaridan hisoblanadi. To‘g‘ri, Yaponiyada haddan tashqari semiz odamlar ham bor. Lekin ularning aksariyati yaponlarning sumo milliy kurashida qatnashadiganlar va ataylab semirishgan. Aslida esa yapon xalqi, shu jumladan, imperator oilasi a’zolari ham kam ovqat yeydi. Ular to‘g‘ri va kam ovqatlanishni o‘zlarining qat’iy odat tarziga aylantirishgan. Nonushtaga bir chashka kofe va bir stakan apelsin sharbati ichishadi. Tushlikni esa kishi o‘zini qiziqarli bir yumush bilan shug‘ullangan holda o‘tkazib yuborishi ayni muddao. Juda bo‘lmasa, yengilgina tamaddi qilib olish kifoya. Kechki ovqat sabzavotlar, guruch va baliqdan iborat bo‘lishi kerak. Go‘sht esa haftada ikki marta 100 grammdan iste’mol qilinsa yetarli bo‘ladi, deb hisoblaydi Xinoxara.

    Rejali ish qilishni doimiy qoidaga aylantirish lozim. O‘tmishni takrorlashga urinmang. Yoshingiz o‘tib qolgan bo‘lsa-da, faqat oldinga qarab harakat qilishga odatlaning. Tuzgan rejalaringizni yon daftarchaga yozib borganingiz durust va ularni tez-tez takrorlab turing. Shirin orzu-xayollarga ko‘proq beriling. Bu haqda qancha ko‘p o‘ylasangiz, ularga yetishishning yo‘llarini ham tezroq topasiz.

    Hamfikr odamlar, do‘stlar, oila davrasida ko‘proq bo‘lib, ularning suhbatidan bahra olish ham kishining kuch-quvvatini, g‘ayrat-shijoatini oshirarkan.

    Shifokorning uqtirishicha, faol yasha, degani, bu kallangga nima qelsa shuni qilaver, degani emas. Qayerda bo‘lsang ham yoshingni unutma, ko‘rpangga qarab oyoq uzat. G‘ayrating jo‘shib, yoshlarga taqlid qila ko‘rma, norg‘ul yigitlardek sakrab raqsga tushishni ham esingdan chiqar. Agar yoshing yodingdan ko‘tarildimi – xudo urgani shu, demak sening aqling zaiflasha boshlagan. Bu sening o‘zing uchun ham, yaqinlaring uchun ham qator muammolarni keltirib chiqaradi.

    Xinoxara kishi shifokorlarga emas, ko‘proq o‘ziga ishonishni zarur deb hisoblaydi. Vaqti-vaqti bilan shifokor ko‘rigidan o‘tib turish foydadan xoli emas, ammo ular yordamiga suyanib qolmaslik kerak ekan. “Dardimizni faqat shular yengillata oladi, degan tushunchadan yiroq bo‘lgan durust. Zero, kishining sog‘lig‘i uning o‘ziga bog‘liq. Zamonaviy tibbiyot barcha kasalliklarni davolashga ojizlik qiladi. Agar shifokor sizga qon tahlillari topshirish yoki operatsiya qilishni tavsiya qilsa, undan shunday tavsiyani o‘z farzandlaringiz, xotiningiz yoki qarindosh-urug‘laringizga ham bergan bo‘larmidingiz, deb so‘rash kerak. Chunki, shifokorlar ham sizu bizdek odam, ulardan mo‘’jiza kutmang, imkonsiz narsani talab qilmang, deydi tajribali shifokor. U ba’zida do‘stona munosabatlar, hayvonot dunyosi bilan tanishish, tabiat manzaralarini tomosha qilish, ulardan bahra olish tabletka yoki jarroh tig‘idan ko‘ra ko‘proq foyda berishi, mo‘’jiza yaratishi mumkinligiga ishonadi.

    Vaqtni sport zalida o‘tkazish shart emas. Ko‘proq piyoda sayr qilish, suzish, velosipedda yurish ham sog‘liqni mustahkamlash uchun yetarli hisoblanarkan.

    Xinoxara iqroriga ko‘ra, Inson ko‘p hollarda boylik izidan quvib, sog‘lig‘ini, vaqtini yo‘qotadi. Uzoq va xotirjam yashashni istagan odam esa mehr-oqibat, ezgulik, o‘zgalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish haqida ko‘proq o‘ylashi kerak.

    “Bu foniy dunyoda yana qancha yashashimizni bilmaymiz, yiqqanlarimizni esa o‘zimiz bilan olib ketolmaymiz”. Xinoxara shu naqlga qat’iy amal qilgan va boshqalarni ham shunga da’vat etib, hushyorlikka chaqirgan.

    Xulosa shuki, insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi doim yuqori bo‘lishi kerak. Ana shundagina u hayotda duch keladigan turli to‘siqlarni osongina yengib o‘ta oladi. Xinoxara umrining anchagina qismini asirlikda o‘tkazgan. Uni turli qiynoqlarga solishgan, it azobini berishgan, ammo u baridan eson-omon qutulib chiqqan. Bunga uning metin irodasi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, sabr-bardoshi yordam bergan. U tutqunlikda ham o‘zi bajarayotgan ishlardan, ular qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bahra olishning uddasidan chiqqan.

    Manba: mulohaza.uz

    » » Uzoq umr ko‘rishning yaponcha usuli