07:30 / 01.11.2018
9 434

Bir kechalik kelinchak… (13-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (13-qism. Birinchi fasl)
Nasiba prokurorga qo‘ng‘iroq qilish, diktofondagi yozuv haqida aytishga shoshilmadi. Kabinetdan chiqishgach, Noilani ko‘rdi-yu, nimadir yodiga tushgandek, Bilolga yuzlandi.

— Menga qarang, Bilol, — dedi jiddiy ohangda. — Ko‘rinishingizdan yomon odamga o‘xshamaysiz. Sizga ishona boshladim. Bilasizmi, mening do‘konimda hov anavi ayolga yordamchi bo‘lib ishlaysiz. U ish yurituvchim. Nima buyursa shuni qilasiz. Maoshdan xavotir olmang.

— Axir… Darslarim bor-ku, opa, — dedi Bilol bosh qashib. — Ishga…

— Darsdan keyin ishlaysiz. Kech xuftongacha shu yerda bo‘lasiz. Keyin-chi, hoziroq yotoqxonangizdan mening uyimga ko‘chib o‘tasiz. Osh-ovqatdan kamingiz bo‘lmaydi. Ijara haqi haqida o‘ylamang.

— B-bilmadim… — yer chizdi Bilol. — Sizga og‘irligim tushishini xohlamasdim.

— Nega og‘iringiz tushadi? Ishlaysiz, pul topasiz, o‘qishingizda o‘qiysiz. Bunaqa imkoniyat yotoqxonangizda yo‘q. To‘g‘rimi?

— To‘g‘ri…

— Unda siz tashqarida kuting, men hozir Noilaga hammasini tushuntirib qo‘yaman. Ertadan boshlab o‘qish tugashi bilan ishga kelaverasiz.

Bilol itoat bilan shoshilmay tashqariga yo‘l oldi.

* * *
Uyga kirib kelishganda, Nafosat aya nimadir to‘qish bilan mashg‘ul edi. Oyshaxon degan uy xizmatchisi yugurib yelib yumushlarni ado etardi.

Qizining yonida kelishgan Bilolni ko‘rib Nafosat aya Nasibaga hayrat aralash boqdi.

— Bu yigit talaba, ismi Bilol, — dedi Nasiba. — Oyijon, u bugundan boshlab biznikida yashaydi. Qarshi emasmisiz?

— Voy, nega qarshi bo‘lay? — deya kulimsiradi Nafosat aya Bilolning salomiga alik olarkan. — Sen shuni ma’qul ko‘rgan bo‘lsang, men nima derdim?!. Ana, xonalarning bari bo‘sh yotibdi.

— Oyshaxon opa, — uy xizmatchisini chorladi Nasiba. — Bu yigitga xonasini ko‘rsating! Keyin… Yengilroq biror nima pishirvoring, ikkalamizam ochmiz!.. Aytgancha, Bilol, joylashib olgandan keyin mening oldimga chiqing, boyagi ish bo‘yicha qo‘ng‘iroq qip ko‘ramiz!

— Xo‘p bo‘ladi, opa!..

Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Kun peshindan og‘gandi. Nihoyat qo‘ng‘iroq qilishga navbat yetdi va Nasiba Bilol guvohligida prokuraturaga qo‘ng‘iroq qildi.

— Eshitaman, — go‘shakdan erkak kishining tovushi yangradi. — Prokuratura eshitadi!

— Bilasizmi, mening arzim boridi sizlarga, — dedi Nasiba. — Telefon orqali aytsam ham bo‘ladimi?

— Albatta, — javob qildi tovush egasi. — Siz ayni prokuraturaning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qildingiz. Aytavering! Kim sizni xafa qildi?

— Meni falon tuman soliq idorasi boshlig‘i Hikmat Mallayev degan odam shantaj qilyapti. Bilasizmi, men tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Bir nechta do‘konlarim, keyin… Tungi klubim bor. hammasi rasman davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Ammo Mallayev degan shu odam klubingni sotasan, sotmasang, it kuniga solaman deb qo‘rqitgani qo‘rqitgan. Nima qilishni bilmay qoldim. Dalil sifatida uning oxirgi marta kelgandagi gaplarini diktofonga ham yozib olganman. Agar sizlarga zarur bo‘lsa, diktofon qo‘limda.

— Juda yaxshi, singlim, qo‘ng‘iroq qilib to‘g‘ri yo‘l tutgansiz. Siz bilan bog‘lanishimiz uchun telefon raqamingizni bersangiz!

— Xo‘p bo‘ladi!

Nasiba qo‘l telefoni raqamini aytdi.

— Siz bilan tez fursatda prokurorlardan biri bog‘lanadi, — tayinladi u. — Albatta muammoingiz ijobiy hal etiladi. Sira xavotir olmang!..

Shundan keyingina Nasiba yengil tortdi. Dunyoda haqiqat borligiga yana bir karra amin bo‘lib, asta o‘rnidan turdi va Bilol tomon o‘girildi.

— Bo‘ldi, yuring, Bilol, ovqatlanamiz!

* * *
Vaqt asrga yaqinlashgandi. Nasiba o‘z xonasida dam olar, prokuraturadan qo‘ng‘iroq qilishlarini kutardi…

Xayriyat, telefoni bezovta jiringladi. Nasiba shosha-pisha telefon displeyiga ko‘z tashladi. Raqam begona. Demak, bu prokuror bo‘lishi aniq.

— Allo, bu kim? — muloyim ohangda so‘radi Nasiba. — Eshitaman!

— Men prokuraturadan bo‘laman, — o‘zini tanishtirdi ovoz sohibi. — Ismi-sharifim Davlat Bo‘riyev. — Nima bo‘ldi, singlim?

— Bir soliqchi shantaj qilayotgandi meni, — dedi Nasiba. — Oxiri sizlarga murojaat etishga majbur bo‘ldim. Ko‘z ochirmayapti klubingni sotasan deb.

— To‘xtang, bu shahar markazidagi «Oqshom» degan tungi klub emasmi?

— H-ha, xuddi o‘sha, — tutilibroq javob qildi Nasiba. — Men o‘sha klubning egasi bo‘laman, aka!

— Tanidim sizni. Xo‘sh, dalillaringiz bormi? Siz shikoyat qilayotgan odamning oldida uyalib qolmaymizmi?

— Yonimda diktofon bor. Hammasini yozib olganman.

— Durust. Unda… Ha, klubingiz soat nechada ochiladi?

— Kechqurun soat yetti yarimlarda ochiladi har kuni.

— U holda gap munday, siz yetti yarimda klubda bo‘lib turing. Biz o‘sha soliqchini topib birgalikda yetib boramiz. Hammasini o‘shanda gaplashamiz. Ma’qulmi, singlim?

— Albatta, men klubda bo‘laman.

— Omon bo‘ling!

— Rahmat!

* * *
Nasiba ishonardi. Prokuratura oraga tushdimi, soliqchisiyam, boshqasiyam ip esholmaydi. Ayniqsa, diktofondagiga o‘xshash dalil qo‘lingda bo‘lsa, marra seniki.

Kechqurun soat sakkizlarga yaqin xuddi o‘sha prokuror soliqchini va qurollangan to‘rt militsionerni yetaklagancha kirib keldi. Nasiba hayron edi. Militsionerlar nega kerak bu ishda? Nimaga bu haqda miq etmadi unda prokuror?

Salom-alikdan so‘ng baland bo‘yli, ko‘z qarashlari o‘ta jiddiy prokuror militsionerlarga nimadir dedi-yu, kabinetga yo‘l oldi. Militsionerlar tashqarida — do‘konda qolishdi.

— Xo‘sh, singlim, — shoshilmasdan so‘z boshladi prokuror o‘tirishgach. — Demak, siz ekansiz-da, shu klub egasi!

— Ha, men, — dedi Nasiba beixtiyor ko‘ngli g‘ash tortib. — Ammo bir narsani tushuna olmay turibman.

— Nimani tushunmadingiz, singlim?

— Militsionerlar nima qiladi bu yerda?

— Ha-a, ularmi? Xavotir olmang, bugun reydlari borakan. Iltimos qilishuvdi, boshlab kelaverdim. Sizga yaxshi-ku! Biz ketguncha hammayoqni tekshirib, tozalab qo‘yishadi. Yomon odamlar bo‘lsa, haydab solishadi. Mayli, qani o‘sha diktofoningiz?

Nasiba shosha-pisha sumkachasidagi diktofonni olib prokurorga uzatdi. U erinmasdan suhbatni tingladi. Shu orada bir Nasibaga, bir soliqchi, Bilolga qayta-qayta shubhali nazar tashlab olishni-da unutmadi.

— Juda soz, — dedi oxiri diktofonni Nasibaga qaytarib. — Yaxshi gaplar bo‘libdi. Xo‘sh, oka, siz nima deysiz?

Soliqchi nihoyatda achchiqlana boshlagani yuzlari qizarinqiraganidan, barmoqlari ohista titrab ketayotganidan aniq-tiniq sezilib turardi. — Nega bu singilni xafa qildingiz?..

Soliqchi hali og‘iz ochishga ulgurmay, eshik ochildi va militsionerlardan biri qo‘lida oppoq kukun solingan xaltacha bilan kirib keldi. Uning ketidan esa Nasibaning ishchilaridan biri Nodir ismli 18 yashar yigit kirdi.

— Kechirasiz, Samin aka, — shundagina Nasiba prokurorning ismi Samin ekanini bildi. Uchrashgandayoq o‘zini tuzuk-quruq tanishtirmagani alam qildi. Lekin lab tishlab qo‘yishdan nariga o‘ta olmadi. — Manavi yigitchaning yonidan topdik! Marhamat, o‘zingiz ko‘rishingiz mumkin!

Prokuror qo‘liga xaltachani oldi-da, aylantira-aylantira, Nasibaga yuzlandi.

— Singlim, bu nimasi? Narkotik savdosi bilan ham shug‘ullanasizmi? Nega unda o‘z ixtiyoringiz bilan ayta qolmadingiz? Buning o‘rniga manavi okaxonni aybdor qilib o‘tiribsiz. Shantajchiga chiqarib yuribsiz. Ayb o‘zingizda ekan-ku!

— Ha-a, menam xuddi shuni aytgandim, — soliqchi birdan jonlandi. — Narkotik sotilayotganini, buzuqi qizlar xuftondan keyin klubga kirib kelib ifloslik qilishlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchun aytgandim. Bu bo‘lsa, meni qip-qizil tuhmatchiga chiqarib o‘tiribdi. Ana, Saminboy, o‘zingiz ko‘rdingiz hammasini!..

Nasiba bunday bo‘lishini yetti uxlab tushida ko‘rmagandi. Ammo ro‘parasidagilarning qanday odamlar ekanini bilardi. Muddaosini ham shu lahzalarda anglay boshlagandi. Tillari bir ekaniga sira shubhasi qolmagandi. Kutganidek, prokuror militsionerga ham, soliqchiga ham «Ket» ishorasini qildi-yu, ularning ketidan Bilolni ham chiqarib yubordi.

Yolg‘iz qolishdi. Samin prokuror so‘z boshlashga shoshilmay, Nasibaning yuz-tuzilishini obdon kuzatdi. Undagi o‘zgarishlar, qo‘rquvni nazar tarozisiga solib ko‘rdi. Shundan keyingina bir-ikki yo‘talib oradagi jimlikni buzdi.

— Ha-a, singlim Nasibaxon, — dedi u ayyorona ko‘z qisib. — Hali yoshsiz, tijoratning past-balandini endi-endi o‘rganyapsiz. Tushunaman. Biroq manavi oppoq kukun uchun kamida o‘n yil olasiz. Mana shunisi meni tashvishga solyapti-da!..

— Aka, — dedi yig‘lamsirab Nasiba. — Men… Har kuni bir necha marta klubga kelib hamma narsani nazoratdan o‘tkazaman. Bunaqasini birinchi ko‘rib turishim, o‘lay agar!

— Endi ko‘ryapsizmi-yo‘qmi, bunisining davlat qonunlariga qizig‘i yo‘q. Qonun hamma uchun baravar.

Nasiba bildiki, prokuror osonlikcha jon beradigan xilidan emas. Nima qilsin? Tavakkal qilsinmi? Agar bo‘shashib o‘tiraversa, ish qo‘zg‘atishdanam toymaydi bu nusxa. Endi og‘zi oshga yetganda zahar ichadimi?.. Yo‘q, bilib turibdi, ko‘ngli allaqachon sezgan, milisalar atayin uyushtirishgan buni. Xuddi kinolardagidek bola faqirning kissasiga ustamonlik bilan solishganda, qaytarib chiqarib olib aybdorga aylantirishgan. Afsuski, isbotlab bo‘lmaydi. Ha, aytadi, tavakkal qiladi…

— Saminboy aka, — muloyimlik bilan, titroq aralash so‘z qotdi Nasiba. — Mayli, bo‘lar ish bo‘libdi. Nahotki, siz bilan kelishib ketadigan yo‘li bo‘lmasa? Axir, menam xudoga shukr bir necha yillardan beri ko‘chadaman. Hammasini tushunaman. Agar…

— Mana, endi o‘zingizga kela boshladingiz, — o‘rnidan turib ketdi prokuror. — Gapni aslida shundan boshlash kerak edi. Nega yo‘li bo‘lmasin? Bor yo‘li.

— Ayting unda o‘sha yo‘lini, men tayyorman. Har qanday xarajatga turib beraman!

— Yaxshi, — dedi sovuq tirjayib prokuror. — Unda eshiting. Bugundan boshlab siz shaxsan menga har oyda ulush to‘laysiz. Evaziga siz ham, klubingiz ham mening himoyamda bo‘lasizlar.

— U-ulush?.. Ha-ya, tushundim, tushundim… Aytgancha, q-qancha…

Prokuror shosha-pisha stol ustidagi ruchkani qo‘liga olib, bir chetdagi oppoq qog‘ozchaga nimalarnidir yozdi va Nasibaga uzatdi. Nasiba qog‘ozga ko‘z yugurtirdi-yu esxonasi chiqib ketayozdi. Sal bo‘lmasa, qichqirib yuborayozdi. Biroq darrov o‘zini qo‘lga oldi. Ayni lahzada garchi bu nusxaga nisbatan nafrati ming chandon oshgan bo‘lsa-da, sezdirmadi. Majburan kulimsirab prokurorga boqdi.

— Mayli, men roziman!
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (13-qism. Birinchi fasl)