14:05 / 04.12.2018
9 346

Payg‘ambarning jannatdagi qo‘shnisi

Payg‘ambarning jannatdagi qo‘shnisi
Dunyoda necha-necha podshohlar, payg‘ambarlar, avliyolar, ulamolar, olimlar borki, bularning barchasini to‘qqiz oy qiyinchilik, mashaqqat ila bu dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan zot – bu mo‘’tabar, mushtipar ona.

Rivoyatlarda kelishicha, Muso alayhissalom o‘ziga jannatda kim qo‘shni bo‘lishini bilish istagida Alloh taologa iltijo qildilar. Bir kuni shunday nido keldi: «Ey Muso, falon yerda yashovchi qassob sening jannatdagi qo‘shning va do‘sting bo‘ladi…». Muso alayhissalom qiziqib, qassob qaysi ibodati uchun bunga munosib ko‘rilganini bilish niyatida yo‘lga chiqdilar. Borib qassobni axtarib topdilar. Qassob hazrati Musoning haq payg‘ambar ekanini bilgan va bunga imon keltirgan, lekin payg‘ambarning o‘zini ko‘rmagan edi, shuning uchun tanimadi. Kechqurun qassob hazrati Musoni uyiga olib ketdi. Taom tayyorlab, dasturxon tuzadi. Ovqatlanishga kirishishdan oldin u devorga osig‘liq bir savatni yerga tushirdi va undan qimirlashga madori qolmagan bir qari kampirni chiqardi. Xuddi go‘dakni ovqatlantirgandek uni yedirdi, ichirdi va yana savatga solib, devorga ilib qo‘ydi. Shunda kampir nimalardir deb pichirladi. Uning nima deyayotganini tushunmagan Muso alayhissalom qassobdan so‘radi: «Bu kampir kimingiz bo‘ladi?»

Qassob: «Bu ayol mening onam. O‘tirib-turishga, yeb-ichishga madorlari yetmaydi. Shuning uchun o‘zim ovqatlantiraman, suv ichiraman, tozaliklariga qarayman. Ko‘limdan kelganicha xursand qilishga urinaman», dedi.

Muso alayhissalom: «Hozirgina nimadir deb pichirlagandi, shunda nima dedi?» deb so‘radilar.

Qassob: «Parvardigorim, men o‘g‘limdan roziman, Sen ham undan rozi bo‘l! Jannatda uni hazrati Musoga qo‘shni qil, deb duo qildi», dedi.

Shunda Muso alayhissalom o‘zini tanitish vaqti kelganini tushundi va: «Men Allohning payg‘ambari Musoman. Allohdan jannatdagi qo‘shnim kim bo‘lishini bildirishini so‘rab iltijo qilgan edim. Janobi Haq sen ekaningni ma’lum qildi. Senga xushxabar bo‘lsin, onangga qilgan xizmatlaring evaziga Alloh sendan rozi bo‘ldi. Onang duosini qabul ayladi va seni jannatda menga qo‘shni qildi», dedilar.
Salimjon qori QODIROV

Manba: O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Payg‘ambarning jannatdagi qo‘shnisi