16:33 / 11.04.2019
4 693

Pul oldi-sotdisi haqida ulamolar nima deydi?

Pul oldi-sotdisi haqida ulamolar nima deydi?

Savol: Hurmatli Shayx hazratlari! Alloh sizdan rozi bo‘lsin. Savolim quyidagicha: Sarroflik xaqida ma’lumot bersangiz.

Javob: Molik ibn Avs bunday xabar qiladi:
«Men yuz dinorni almashtirmoqchi bo‘ldim. Shunda Talha ibn Ubaydulloh meni chaqirdi. Ikkimiz savdolashdik, u menga almashtirib beradigan bo‘ldi. Tillani olib, qo‘lida aylantirib ko‘rdi. Keyin: «Xazinabonim o‘rmondan kelsin», dedi. Umar buni eshitib turgan edi, bunday dedi: «Allohga qasamki, undan olmaguningcha ajramaysan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Qo‘ldan qo‘lga bo‘lmasa, tillaga tilla ribodir. Qo‘ldan qo‘lga bo‘lmasa, bug‘doyga bug‘doy ribodir. Qo‘ldan qo‘lga bo‘lmasa, arpaga arpa ribodir. Qo‘ldan qo‘lga bo‘lmasa, xurmoga xurmo ribodir», deganlar».


Beshovlari rivoyat qilishgan.
«Sarf» qilish deganda sarrofga murojaat qilish, pul almashtirish tushuniladi.

Molik ibn Avs roziyallohu anhuning yuz dinor tilla pullari bor ekan, uni kumush pul, dirhamga almashtirishga hojatlari tushib, «Kim almashtiradi?» deb odam izlaganlar. Ana shunda u kishini Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu o‘z yonlariga chaqirib, pulni almashtirib berishga tayyor ekanliklarini izhor qilganlar. Ikkovlari baholashib, ma’lum narxga kelishishgan. Molik ibn Avs roziyallohu anhu o‘zlarining yuz dinor tillalarini Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuga berganlar. U kishi tilla pullarni olib, qo‘llarida aylantirib turib, Molik ibn Avs roziyallohu anhuga: «Xazinachim o‘rmondan kelsa, dirhamlarni senga beraman», deganlar.

Bu gaplarni eshitib turgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Molik ibn Avs roziyallohu anhuga: «Tolhadan ajramay tur, xazinachisi kelib, senga dirhamlarni berganidan keyingina ajrab ketsang bo‘ladi. Bo‘lmasa muomalangiz riboga aylanib qoladi», degan ma’noda gap aytganlar.

Shuning uchun ham sarf – pul almashtirish muomalasining to‘g‘ri bo‘lishi uchun qo‘yilgan to‘rtta shartdan eng avvalgisi – ikki tomon muomala joyida turib, almashtirgan narsasini qo‘lma-qo‘l olishidir.

Agar kelishib, qo‘lma-qo‘l olmay yoki biri olib, ikkinchisi olmay ajrashsalar, kelishuvlari botil bo‘ladi. Chunki bu ikki holatda ham asosiy shart qo‘lma-qo‘l olish buzilgan bo‘ladi va muomala riboga o‘xshab qoladi. Ya’ni qo‘lma-qo‘l olmay turib ajrashish mumkin emas.

Ajrashmasalar, vaqtning o‘tishi e’tiborga olinmaydi. Birga uxlasalar, bir joyga borsalar, mayli. Lekin ajralishlari bilan botil bo‘ladi.

Bu hukm kelajak noqulayliklarning oldini olish uchun qilingan. Agar ajrashgandan keyin ham bo‘laveradi, deyilsa, ba’zi firibgarliklar uchun katta yo‘l ochilishi mumkin bo‘ladi. Misol uchun, bir tomon mablag‘ni olib, «Hali keyin yoki ertaga olib kelib beraman», deydi-da, olgan mablag‘ni darhol «aylantirgani» qo‘yadi. Ikkinchi tomonning molini berishni kechga surishi ham mumkin. Orada xilof chiqadi: birov pulini vaqtida olmay, zarar ko‘radi. Boshqasi esa birovning pulidan foyda ko‘radi. Shundan keyin zarar tortgan tomon haq so‘raydi. U haqni olsa, ribo bo‘ladi. Olmasa, ichi kuyadi. Hozirgi kundagi ko‘pgina muammolar ham shundan kelib chiqmoqda.

Yana hadis matniga qaytaylik. Hazrati Umar roziyallohu anhu Molik ibn Avsga «Almashtirgan pulingni olmaguningcha, Tolha ibn Ubaydullohdan ajramay tur», deganlari shar’iy hukm ekanini bildirish uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadislarini keltirdilar.

«Qo‘ldan qo‘lga bo‘lmasa, tillaga tilla ribodir».

Ya’ni «Ma!» deb biri tillani berishi kerak, ikkinchisi ham dinorni o‘sha majlisda «Ma!» deb uning qo‘liga berishi lozim. Bug‘doy, arpa, xurmolarni bir-biriga, ya’ni bir jinsdagi narsalarni almashtirishda ham shu qoida ishlatiladi.

Habibdan rivoyat qilinadi:
U kishi Abu Minhol roziyallohu anhuning shunday deyayotganlarini eshitdi:
«Baro ibn Ozibdan sarf, ya’ni pul almashtirish haqida so‘radim. «Zayd ibn Arqamdan so‘ra, u yaxshiroq biladi», dedi. Zayddan so‘rasam, «Barodan so‘ra, u yaxshiroq biladi», dedi.
So‘ngra ikkovlari: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kumushni tillaga qarzga sotishdan nahyi qilganlar», deyishdi».


Muslim va Buxoriy rivoyat qilishgan. Buxoriyning lafzida:
«Agar qo‘lma-qo‘l bo‘lsa, hech gap emas. Ammo nasiya bo‘lsa, bo‘lmaydi», deyilgan.

Ushbu rivoyatda sahobai kiromlarning kamtarliklari va bir-birlarini hurmat qilishlari yorqin namoyon bo‘lmoqda. Baro ibn Ozib va Zayd ibn Arqam roziyallohu anhumolar bir-birlarini o‘zidan ko‘ra ilmliroq deb hurmat qilishlari va savol so‘rab kelgan kishini o‘z birodari tomon yuborishlari shuni ko‘rsatadi.

Ushbu hadisi sharifdan sarroflik ikki xil pul birligida qo‘lma-qo‘l ravishda bo‘lishi, nasiyaga hech narsa qolmasligi qoidasi kelib chiqadi.
Islom.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Pul oldi-sotdisi haqida ulamolar nima deydi?