Xitoyda faoliyat yuritayotgan arxitektor hamyurtimiz bilan suhbat (foto)

  • 18 oktyabr 2019, 22:00
  • 833
  • Hayot tarzi
  • Xitoyda faoliyat yuritayotgan arxitektor hamyurtimiz bilan suhbat (foto)
    Har doim xorijda o‘qish, malaka oshirish, ishlash tengdoshlarimizning orzusi bo‘lib kelgan. Buning uchun nima qilish kerak? Shu kabi savollarga javob topish uchun onlayn tarzda Xitoyda faoliyat yuritayotgan arxitektor Taxmina Turdialiyeva bilan suhbatlashdik.

    Ma’lumot uchun: Taxmina Turdialiyeva Toshkent arxitektura va qurilish institutida tahsil olgan. Talabalik yillarida (2012 yil) “Prezident stipendianti” bo‘lgan. Ko‘plab respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi. Shu bilan birga, shaxmat bo‘yicha FIDE xalqaro toifadagi hakami, «World Peace Initiative» xalqaro tashkiloti hamda “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi. Xozirda Xitoydagi “Cube Design Architects” xalqaro arxitektura kompaniyasida arxitektor sifatida faoliyat yuritmoqda.

    Taxmina yaqindagina Koreya Respublikasining Pyonchang shahrida o‘tkazilgan “Bttter Together Challenge -2019” festivalida ishtirok etdi. Bu yilgi festival Janubiy Koreyadagi 2018 yilgi Olimpiya shaharchasini “Tinchlik va barqarorlik shahri”ga aylantirish bo‘yicha g‘oyalar tanloviga bag‘ishlandi. Tanlovda 60 mamlakatdan kelgan 500 nafar nomzodlar orasidan Taxmina Turdialiyeva 2 o‘rinni qo‘lga kiritdi.

    - Taxmina avvalo Koreyada bo‘lib o‘tgan tanlovda g‘olib bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz, tanlov qanday o‘tdi?
    - Assalomu alaykum. Haliyam Koreyadan olgan tassurotlarim quvonchi meni tark etgani yo‘q. Juda ko‘p esda qolarli voqealar bo‘lib o‘tdi, eng muhimi festivalda sovrindor bo‘lishim bo‘ldi, albatta. Bu festival Koreyadagi eng yirik festivallardan biri hisoblanadi. Bu festival doirasida bir nechta tanlovlar o‘tkazildi, asosiylari ijtimoiy innovator hamda arxitekturaga oid tanlov, men arxitektura yo‘nalishida ishtirok etdim.

    - Tanlovga taqdim etgan loyihangiz haqida gapirib bering.
    - Loyiham nomi “ Garden of Unification”- “Birlashish bog‘i” deb tarjima qilsak to‘g‘ri bo‘ladi. “Birlashish bog‘i” deb nom berishimga sabab, o‘sha shaharning tarixi va tanlovning umumiy mavzusi bo‘ldi. Tanlovning nomi “Tinchlik va barqarorlik shahri konsepsiyasini yaratish”.

    Shaharning tarixi shundaki, 2018 yilda Pyonchang shahrida qishki olimpia o‘yinlari bo‘lib o‘tgan, agar esingizda bo‘lsa. Shu qishki olimpia o‘yinlarining ochilishi marosimida juda muhim tarixiy voqea bo‘lgan: bilamizki, Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasida majoralar bo‘lib o‘tgan, shu majorolarni hal qilish va birlashish uchun Shimoliy va Janubiy Koreyaning 200 nafardan ortiq delegatlari Koreya yarimorolining birlashish bayrog‘i ostida to‘planishgan.

    Loyiha ustida ishlayotganimda ana shu voqeani qandaydir tarzda aks ettirgim keldi. Shunda “Birlashish bog‘i”ni yaratishga qaror qildim. Umuman, tinchlik mavzusi menga har doim yaqin mavzu hisoblanadi, chunki meditatsiya-ichki xotirjamlik tuyg‘usi mashqlari bilan 2014 yildan buyon shug‘ullanaman. Buning uchun Tailandda trening ham o‘taganman. Shuning uchun ham, bu loyiha ustida qiziqish va ishtiyoq bilan ishladim.

    - Nima uchun aynan bog‘ xayolingizga keldi.
    - Tinchlik bilan nima bog‘lanishi mumkin, deb o‘yladim va shu qarorga keldimki, bir bog‘ yoki o‘rmon bo‘lsa. Nima uchun?! desangiz bog‘ yoki o‘rmonlar ichida sayr qilsangiz, xotirjamlik tuyg‘usi sizni qamrab oladi. Shuning uchun bog‘ tinchlikka mos kelgan eliment deb o‘yladim. Loyihamni ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘rtada katta bog‘ bor va atrofida meditatsiya o‘tish, tadbirlar o‘tkazish uchun maydonchalar, binolar bor.

    - Taxmina yanglishmasam bu sizning ilk nufuzli tanlovingiz emas, to‘g‘rimi?
    - To‘g‘ri, bu birinchi yutug‘im emas, 2018 yil dekabr oyida “Turkistan Architects award” xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldim. Endi bu yutuqlar o‘zidan- o‘zi kelib qoladigan yutuqlar emas. Masalan, Koreyadagi tanlovdan oldin men yana ikkita tanlovda qatnashgan edim, lekin uncha muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Nima demoqman, yutuqlar zamirida mehnat turadi. Men qo‘shimcha loyihalar ustida ishlab, ana shu loyihalarni tanlovlarga topshiraman. Vaqti kelganda g‘olib bo‘laman, hamma narsani o‘z vaqti bor, deb hisoblayman.

    - Taxmina endi biroz tarixga qaytsak, siz Toshkent arxitektura- qurilish institutini tugatgansiz, qanday qilib Xitoyga ketdingiz?
    - 2013 yil Toshkent arxitektura- qurilish institutini bitirganman, to‘g‘ri. Undan so‘ng Xitoyga grant yutib olib, bu yerga magistraturada o‘qish uchun kelganman. 3 yil magistraturada o‘qidim va o‘qish davomida har doim amaliyot o‘tardim. Umuman olganda Xitoyning ta’lim tizimi juda qulay, talaba o‘zi xoxlagan darslarni tanlab, o‘zi xoxlagan vaqtda darslarga qatnab, o‘z vaqtini o‘zi boshqarishi mumkin. Shu tizim evaziga menda amaliyot uchun vaqt bo‘lardi.

    - Nima uchun Xitoyda ishlashga u yerda qolishga qaror qildingiz, arxitektura bo‘yicha Xitoydan nimalarni o‘rganish mumkin?
    - Magistraturani tugatib, Xitoydagi “Cube Design Architects” xalqaro arxitektura kompaniyasiga ishga kirdim, maqsadim bu yerda qolish emas. Chunki bu yerda yashash oson emas, yolg‘izlik degan bir tushuncha borki, sizni har doim yurtingiz tomon shoshiltiradi. Shuning uchun, so‘nggi vaqtlarda tez-tez Toshkentga borishga harakat qilayapman.

    Endi xabaringiz bor, Xitoy arxitektura sohasida juda ham rivojlangan. Hozir dunyodagi eng katta qurilish maydoni Dubay va Xitoyda. Shuning uchun ham, dunyodagi eng mashhur arxitektorlar shu ikki davlatda loyihalari bilan ishtirok etayapti. Men ham Xitoydan katta tajriba olishim mumkin.

    Eng muhimi, hozir o‘rganib olayotgan narsalarim yirik-yirik loyihalar ustida ishlash. Bu yerdagi loyihalar hajmi eng kami 150-200 ming kvadratdan boshlanadi. Yirik loyihalar ustida ishlash imkoniyati borligi arxitektor uchun katta baxt, deb hisoblayman. O‘rganayotgan narsam: konsepsiya yaratish. Ikki yildan buyon shu yerda ishlayotgan bo‘lsam, 25 tacha loyiha yaratdim, ba’zilarini o‘zim, ba’zilarini jamoa bilan ishladik. Va ikki yilda 25ta loyiha qilish bu- ish sur’atining tezligi hisoblanadi, chunki boshqa davlatlarda bitta loyiha ustida 2-3 oy ishlanadi. Biz Xitoyliklar bilan bu yerda bitta loyihani bir oy ichida ishlab chiqarib, konsepsiyasini topshiramiz.

    Albatta, bu tezlik gohida charchatadi, shaxsiy hayotga vaqtingiz yo‘q, tengdoshlaringiz bilan uchrashib, vaqtichog‘lik qilishga imkoniyat yo‘q. Ko‘pincha, shanba-yakshanba kunlari ham ishlashga to‘g‘ri keladi. Lekin mening holatimda, bunaqangi ish tarzi juda yaxshi deb o‘ylayman, chunki tezroq tajriba orttirib olib, tezroq uyga qaytardim... (kuladi) Shunaqangi fikrlar bilan o‘zimni ovutaman, to‘g‘risi. Shuning uchun Xitoyda ishlash unchalik oson emas, lekin juda foydali va kerakli tajribani olsa bo‘ladi.

    - Taxmina yurtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-2035” xalqaro forumida ishtirok etgansiz, qanday loyiha bilan?
    - “O‘zbekiston-2035” forumida qatnashdim, to‘g‘ri. Forum uchun prezentatsiya tayyorlagandim. Prezentatsiyada strategik takliflarim o‘rin olgan, ya’ni O‘zbekiston shaharlari, arxitekturasi qanday rivojlanishi kerak? degan savolga umumiy strategik konsepsiya yaratib berdim. Bu nimalardan iborat: O‘zbekistonda hozir bittagina markaziy shahar bor, bu ham bo‘lsa Toshkent, to‘g‘rimi?! Bu bizning ham markaziy shaharimiz, ham poytaxtimiz hisoblanadi. Meni taklifim shundan iborat ediki, O‘zbekistonda bir nechta markaziy shaharlar bo‘lishi kerak.

    Samarqand va Navoiy shaharlarini markaziy shahar sifatida rivojlantirish lozim. Bu taklif albatta, tadqiqot asosida qilingan. Har bir shaharning o‘z reytinglari bor, reytinglar kreteriyalarga asoslanib tanlanadi. Qisqasi, shularning hammasini tahlil qilib, konsepsiya yaratdim. O‘zbekiston aholisini shaharma- shahar to‘g‘ri taqsimlash choralari aynan shunga bog‘liq bo‘ladi. Hozir bittagina markaziy shahar bor va butun O‘zbekiston aholisi shu yerga intilmoqda. Yana boshqa ikkita shahar markaziy shahar tariqasida rivojlantirilsa, aholi ana shu markaziy shaharlarga ham intiladi va aholi taqsimlanishi to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman. Qisqasi, konsepsiyam shu g‘oyalarni o‘z ichiga olgan.

    - Taxmina feysbuk ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan rasmlaringizga qaraganda juda qiziquvchan va badiiy tadbirlarda ham ancha faolga o‘xshaysiz.
    - Feysbukdagi rasmlarimni ko‘rgan bo‘lsangiz, har xil tadbirlardan olingan, chunki tugaraklar qidirib yuradigan odatim bor. Bu narsa kichkinaligimdan boshlangan, bunga ota- onam sababchi. 5 yoshimdan shaxmat o‘ynaganman, 15 yoshimgacha Osiyo, Jahon chempionatlariga qatnashganman. Bunday tugaraklar, mashg‘ulaotlar bolani har tomonlama rivojlantiradi. Bugun ham qo‘shimcha mashg‘ulotlarga boraman. Va shunday qiziqishlarim sabab, 24 yoshimdan meditatsiya qilishni boshlaganman. Buni hammaga tavsiya qilaman.

    - Xitoydagi O‘zbekistonlik yoshlar yig‘ilib turasizlarmi? Qanday taomlar tayyorlaysizlar, nimalar haqida ko‘proq suhbatlashasizlar?
    - Men hozir Shenjen shahrida yashayman. Bilishimcha, bu yerda O‘zbekistonliklar yo‘q. Shuning uchun ham o‘zimni sal yolg‘iz his qilaman. Oldin Xitoyning boshqa shahrida o‘qirdim, u yerda vatandoshlar bilan eng kamida, oyiga bir marotaba yig‘ilib, aylanishlarga chiqardik, taomlarimizni pishirardik. Xullas, vaqtimiz chog‘ o‘tishi uchun turli rejalar tuzib, birgalikda amalga oshirardik.

    - Xitoyda o‘qiyotgan O‘zbekistonlik yoshlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
    - Xitoyda o‘qiyotgan yoshlarimizga o‘zimni tajribamdan kelib chiqib maslahat beradigan bo‘lsam, ko‘proq amaliyot o‘tashi kerak. Amaliyotda bilim va malaka yanada oshadi, boshqa hamma narsa o‘z- o‘zidan bo‘lib ketaveradi. Imkoniyatni qidirish kerak va o‘sha imkoniyat ketidan ketish kerak.

    - Zamin.uz sayti o‘quvchilariga tilaklaringiz.
    - Zamin.uz saytiga taklif uchun rahmat. Muxlislariga tilagim: hayotdan mamnun bo‘lib, “bugun” bilan yashang, ya’ni bugun umrimizning oxirgi kunidek yashasak, shundagina biz har bir kunda baxtli inson sifatida yashaymiz. Yana bir bor taklif uchun rahmat, Xitoydan salom.

    - Mazmunli suhbatingiz uchun sizga ham tashakkur.
    Kumush Pardayeva suhbatlashdi

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Xitoyda faoliyat yuritayotgan arxitektor hamyurtimiz bilan suhbat (foto)