O‘zbekistondagi saylovni yoritish uchun xorijiy va milliy OAVning 400ta xodimi akkreditasiyadan o‘tkazildi

  • 24 sentyabr 2016, 10:54
  • 5 464
  • Jamiyat
  • O‘zbekistondagi saylovni yoritish uchun xorijiy va milliy OAVning 400ta xodimi akkreditasiyadan o‘tkazildi

    23 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida yig‘ilish o‘tkazildi va unda O‘zbekistondagi to‘rtta siyosiy partiyaga Prezident saylovida qatnashish uchun ijozat berilgani haqida xabar berilgan edi.

    Shu kunning o‘zida mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasining borishiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi, deb yozmoqda "Qalampir.uz" sayti.

    Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov saylovga tayyorgarlik ishlari qonunchilik talablari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturi asosida izchil olib borilayotganini qayd etdi.

    Saylov kampaniyasi qizg‘in pallaga kirib bormoqda, saylovda ishtirok etuvchi partiyalar aniqlandi, ularga imzo varaqalari blankalari berildi. Siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan saylovchilar imzosini ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida to‘plashga haqli.

    “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida” gi Qonunga 2015 yil 29 dekabrda kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan 1 foizigacha kamaytirildi.

    Bu 214 350 nafar saylovchi imzosini tashkil etadi.

    Bu imzolar kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarni qamrab olgan bo‘lishi kerak. Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.

    Anjumanda jurnalistlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tuzilganligi haqida xabardor qilindi. Okrug saylov komissiyalarining 56,6 foizi avvalgi saylovlarda amaliy tajriba to‘plagan, jamiyatimizning obro‘li vakillaridir. Komissiya a’zolarining 56 nafari, ya’ni 36,8 foizi xotin-qizlardir, ularning 12 nafari esa saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan.

    Ta’kidlanganidek, butun saylov kampaniyasi oshkoralik va ochiqlik tamoyillari asosida olib borilmoqda. Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zA, “Jahon”, “Uzreport” axborot agentliklari, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi bilan ikki tomonlama bitimlar imzolandi.

    Respublika matbuot markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarining qariyb 400 nafar vakili akkreditasiyadan o‘tkazildi.

    Shu bilan birga Markaziy saylov komissiyasi Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborilgani ma’lum qilindi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekistondagi saylovni yoritish uchun xorijiy va milliy OAVning 400ta xodimi akkreditasiyadan o‘tkazildi