18:36 / 31.08.2017
5 707

Ombudsman fuqarolarning shaxsiy qabulini o‘tkazadi

Ombudsman fuqarolarning shaxsiy qabulini o‘tkazadi
29.08.2017 yildagi O‘RQ–441-son «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi.

Norma.uz'ning yozishicha, tuzatishlar bilan ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirildi. Shikoyatlar «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi Qonunda ko‘zda tutilgan tartibda, ariza va takliflar alohida qonun bilan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Shikoyatlar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin va quyidagi talablarga javob berishi kerak:
  • arz qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shikoyat NNT tomonidan berilgan taqdirda esa, uning to‘liq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi;
  • qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatilishi, arz qiluvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etilishi;
  • yozma shikoyat arz qiluvchining imzosi yoki NNTning vakolatli shaxsi imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Shikoyatni arz qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, shikoyat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.
  • elektron shaklda berilgan shikoyat qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Vakil inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lganda yoki himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil ravishda foydalanishga layoqatsiz shaxslarni himoya qilish uchun o‘z tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini o‘tkazishga haqlidir.

Shuningdek, ombudsmanga arizalarni ko‘rib chiqishda qo‘shimcha vakolatlar berilgan:
  • inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
  • harakatlarida inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlarga iltimosnoma bilan kirish;
  • fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab arizalar va da’volar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish.

Bundan tashqari, vakil qabul jadvallariga muvofiq jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini, shuningdek jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi. Qabul qilish jadvallari, qabulni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot, qabul qilish tartibi ombudsmanning rasmiy saytida e’lon qilinadi, shuningdek uning ma’muriy binosida hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtiriladi.

Ushlab turilgan va qamoqqa olingan, ma’muriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ombudsmanga murojaat etish tartibi alohida reglamentlangan.

Faoliyat yo‘nalishlari va boshqa organlar bilan hamkorligi tartibi belgilandi

Tuzatishlar alohida yo‘nalishlar bo‘yicha ombudsman faoliyatini aniqlashtiradi. Qonun hujjatlarini takomillashtirish, inson huquqlari va erkinliklari sohasida fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda ushbu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga doir ishi tartibi belgilangan.

Shuningdek, parlament nazoratining boshqa sub’ektlari, konstitutsiyaviy sud hamda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligiga alohida aytib o‘tilgan.

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari vakolatlari belgilandi

Ombudsman Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya a’zolari orasidan o‘zining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini tayinlaydi va ularning guvohnomalariga imzo chekadi.

Qonun bilan mintaqaviy vakillarning vakolatlari belgilandi:
  • tegishli mintaqada yashovchi jismoniy shaxslarning yoki tegishli mintaqada joylashgan NNTning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda ko‘maklashish;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga aniqlashtirilishi lozim bo‘lgan holatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilish, shuningdek ulardan ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha hujjatlar, materiallar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash hamda olish;
  • inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni himoya qilish sohasida axborot-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek NNT bilan hamkorlikda amalga oshirish.

Mintaqaviy vakillar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyati to‘g‘risida har yili tegishincha Jo‘qorg‘i Kengesni, xalq deputatlari viloyatlar va poytaxtimiz Kengashlarini xabardor qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ombudsman fuqarolarning shaxsiy qabulini o‘tkazadi